Qoqshol kasalligi — sabablari, alomatlari, yuqish yo’llari, davolash, oldini olish
Qoqshol (lot. Tetanus) — bu asab tizimining shikastlanishi va skelet mushaklarining tonik tirishishi va umumiy talvasalar (судороги) bilan namoyon bo’ladigan sapronoz bakterial o’tkir yuqumli kasallik. Patogenning yuqishi kontakt mexanizm orqali sodir bo’l
Qoqshol kasalligi — sabablari, alomatlari, yuqish yo’llari, davolash, oldini olish
Qoqshol (lot. Tetanus) — bu asab tizimining shikastlanishi va skelet mushaklarining tonik tirishishi va umumiy talvasalar (судороги) bilan namoyon bo’ladigan sapronoz bakterial o’tkir yuqumli kasallik. Patogenning yuqishi kontakt mexanizm orqali sodir bo’ladi.
- Bemor boshqalar uchun yuqumlilik xavfini tug’dirmaydi. Kasallik o’chog’ida epidemiologik tadbirlar o’tkazilmaydi;
- Kasallikdan keyin immunitet rivojlanmaydi;
- Qoqshol infektsiyasidan so’ng tuzalib ketish yangi kasallanishdan himoya qilmaydi;
- Kasallikning rivojlanishi uchun yetarli bo’lgan oz miqdordagi qoqshol toksinlari kerakli antitana titrlarini ishlab chiqarilishini ta’minlay olmaydi. Shuning uchun qoqsholning klinik shakllari bo’lgan barcha bemorlar tashxis qo’yilgach yoki tiklanishdan keyin darhol qoqshol anatoksini bilan emlanishlari kerak.
Mundarija
Etiologiyasi
Qoqshol qo’zg’atuvchisi gram-musbat qoqshol tayoqchasidir (lot. Clostridium tetani) — spora hosil qiluvchi anaerob sanaladi, ya’ni u kislorodsiz muhitda yashaydi. Bu uchlari dumaloq bo’lgan, uzunligi 4-8 mkm va eni 0,3-0,8 mkm, 20 tagacha uzun xivchinga ega bo’lgan harakatchan ingichka tayoqchadir.
Qoqshol qo’zg’atuvchisi ubikvitar (hamma joyda yashovchi) toifasiga kiradi, ammo ayni paytda shartli patogen mikroorganizm sanaladi. U odam va hayvonlar ichaklarining normal florasi tarkibiga kirib, u yerda xo’jayin organizmga zarar yetkazmagan holda yashaydi va ko’payadi.
Shu sababli qoqshol bakteriyalari bilan yuqori darajada ifloslanish qishloq xo’jaliklari — inson va hayvon najasi bilan ifloslangan, namlik yetarli darajada bo’lgan bog’larda, sabzavot maydonlari, yaylovlar va boshqa joylarda uchraydi.Bakteriyalar kislorod mavjud bo’lganda va 4 °C dan kam bo’lmagan haroratda spora hosil qiladi. Sporalar tashqi ta’sirlarga chidamli: 90 °C gacha haroratga 2 soat, qaynatilganda 1-3 soat, quruq holatda 150 °C gacha haroratga bardosh bera oladi, sho’r dengiz suvida 6 oygacha yashaydi.Kislorod mavjud bo’lmaganda, 37 °C harorat va yetarli namlik sharoitida sporslar beqaror vegetativ shaklga o’tadi.Qo’zg’atuvchi qoqshol ekzotoksini ishlab chiqarsfi, u bakterial zaharlardan biri bo’lib, kuchi bo’yicha botulinotoksindan keyingi o’rinda turadi. Toksin isitish, quyosh nuri, ishqorli muhit ta’sirida parchalanib ketadi. Ichak shilliq qavati orqali so’rilmaydi, shuning uchun yutilganda xavfsiz sanaladi.
Tarqalganligi
Qoqshol kasalligi dunyoning barcha mintaqalarida uchraydi, ammo ekvatorga yaqin hududlarda kasallanish darajasi va o’lim foizi yuqoriroq bo’ladi. Qoqshol kasalligi issiq va nam iqlimli bo’lgan mamlakatlarda, dezinfektsiyalash vositalari, profilaktik emlashlar va umuman tibbiy yordam bo’lmagan joylarda, ya’ni Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi qashshoq va rivojlanmagan mamlakatlarda keng tarqalgan. Biroq, rivojlangan mamlakatlarda ham u har yili minglab odamlarning umriga zomin bo’ladi.
Fasllar almashinuvi sezilari bo’lmagan mintaqalarda (tropik va subtropiklarda) kasallik yil davomida kuzatiladi, mo’tadil iqlimi mamlakatlarda u mavsumiy xususiyatga ega (kechki bahor — erta kuz oralig’ida).
Kasallikning tarqalganligi (har 100 000 aholi boshiga):
- Rivojlanayotgan mamlakatlarda 10-50 ta holat;
- Majburiy immunizatsiya profilaktikasi bo’lgan mamlakatlarda 0,1-0,6 ta holat.
Qoqshol holatlarining 80 foizi yangi tug’ilgan chaqaloqlarga (kindik orqali infektsiya kirishi), shuningdek, jarohatlanishlar ko’p kuzatiladigan 15 yoshgacha bo’lgan o’g’il bolalarga to’g’ri keladi. Kattalar orasida qoqshol kasalligining qariyb 60 foizi qariyalarda uchraydi. Kasallanish va o’lim holatlarining eng ko’p foizi qishloq joylarda kuzatiladi.
Qoqsholda o’lim darajasi juda yuqori (faqat quturish va o’pka o’latida bundan yuqoriroqdir). Zamonaviy davolash usullari qo’llanilganda bemorlarning 17-25% vafot etadi, hozirgi paytda bu ko’rsatkichni pnevmoniya, sepsis va bakterial toksin tufayli yurak-falaj kabi asoratlar rivojlanishi sababli kamaytirishning iloji yoq. Profilaktik emlashlar va malakali tibbiy yordam mavjud bo’lmagan hududlarda o’lim darajasi qariyb 80% ni tashkil qiladi. Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda o’lim darajasi 95% ga yetadi.
2010-yilda dunyoda ushbu kasallik tufayli 61 000 ga yaqin o’lim holati qayd etilgan. Ammo, qayd qilinmagan holatlar va kasallikning sezilarli ifodalanmagan shakllari (ayniqsa, yangi tug’ilgan chaqaloqlarda) ehtimolligini hisobga olgan holda, dunyoda qoqsholdan umumiy yo’qotishlar soni yiliga 350-400 ming kishini tashkil qilishi mumkin.
Yuqish yo’llari
Qo’zg’atuvchi faqat tirik organizmning kisloroddan mahrum bo’lgan to’qimalariga kirganda patogen xususiyatini namoyon qiladi. Ayniqsa sanchuvchi yoki chuqur cho’ntaklarga ega jarohatlarda anaerobioz sharoiti hosil bo’lishi tufayli katta xavf tug’diradi.
Kasallik chuqur jarohatlar va terining va shilliq qavatlarning shikastlanishida, kuyish va muzlash, tug’ruq paytida, chaqaloq kindigini steril bo’lmagan asbob bilan kesishda, shuningdek gangrena, abstsess, yotoq yara va boshqalarda rivojlanishi mumkin. Zararlanishning tez-tez uchraydigan sabablari oyoqning mikrojarohatlari — shikastlanishlar, o’tkir jismlar kirishi, zirapchalar sanaladi.
Shuningdek, kasallik zaharli hasharotlarning (masalan o’rgimchaklar) chaqishi natijasida kelib chiqishi mumkin.
Ta’sir qilish mexanizmi
Qo’zg’atuvchi qulay muhitga tushganda faol ko’payishni va qoqshol toksinini ajratishni boshlaydi. Toksin periferik asab tizimining harakatlantiruvchi tolalari va qon oqimi orqali orqa, uzunchoq miyaga va miya poyasining retikulyar shakllanishiga kirib boradi.
Qoqshol toksini ikki turdagi modda saqlaydi:
- Tetanospazmin asab tizimiga ta’sir qilib, ko’ndalang-targ’il mushaklarning tonik tirishishlarini chaqiradi;
- Tetanogemolizin qondagi eritrositlarning gemoliziga olib keladi.
Mushaklarning rigidligi (tarangligi) shikastlangan oyoq-qo’ldan qarama-qarshi tomondagisiga, keyin gavda, bo’yin, boshga tarqaladi, so’ngra talvasalar paydo bo’ladi. Nafas olish a’zolari va yurak mushaklarining falajlanishi sodir bo’lishi mumkin.
Tasnifi
Yuqish yo’liga yo’liga qarab:
- Travmatik qoqshol (yara, operatsiyadan keyin, tug’ruqdan keyin, yangi tug’ilgan chaqaloqlarda, in’yektsiya, elektr toki bilan shikastlanish, kuyish va muzlashdan keyin va boshqalar).
Organizmdagi lokalizatsiyasi bo’yicha:
- Umumiy yoki yalpi qoqshol (Brunner bosh qoqsholi yoki bulbar qoqshol).
- Mahalliy qoqshol (Roze bosh qoqsholi yoki yuz qoqsholi).
Kasallik kechishining og’irligiga ko’ra:
- Yengil — kamdan-kam kuzatiladi (asosan oldin emlangan shaxslarda). Alomatlar yengil, harorat normal yoki biroz ko’tarilgan bo’ladi.
- O’rta — spazm va mushaklarning tirishishi kam va o’rtacha kuch bilan kuzatiladi. Tana harorati ko’tarilgan.
- O’g’ir — nisbatan tez-tez va intensiv tirishishlar. Yuzning xarakterli ifodasi, isitma.
- O’ta o’g’ir — ensefalitik qoqshol (Brunner qoqsholi) — uzunchoq va orqa miya yuqori qismlarining shikastlanishi bilan kechadi (nafas olish markazi, adashgan asabning yadrosi, yurak-tomir markazi), ginekologik qoqshol va chaqaloqlar qoqsholi.
Qoqshol alomatlari
Umumiy (yalpi) qoqshol
Kasallikning 4 davri farqlanadi: inkubatsion, boshlang’ich, avj va tiklanish.
Inkubatsion davr
Odatda 8 kunni tashkil etadi, ba’zida bir necha oygacha davom etishi mumkin. Jarayonning umumiy shaklga o’tishida infektsiya o’chog’i markaziy asab tizimidan qancha uzoq joylashgan bo’lsa, inkubatsion davr shuncha uzoqqa cho’ziladi.Chaqaloqlar qoqsholining inkubatsion davri o’rtacha 5-14 kun, ba’zan bir necha soatdan 7 kungacha davom etadi.
Kasallikka bosh og’rig’i, asabiylashish, terlash va jarohat sohasidagi mushaklarning tortishib turishi hamrohlik qilishi mumkin. Bevosita kasallik boshlanishidan oldin titroq, uyqusizlik, esnash, yutinish paytida tomoq og’rig’i, bel og’rig’i, ishtahaning pasayishi qayd etiladi. Shuningdek inkubatsion davr hech bir klinik belgilarsiz kechishi ham mumkin.
Boshlang’ich davr
2 kungacha davom etadi. Eng dastlabki alomat — bu infektsiya kirish joyida tortuvchi og’riqlar paydo bo’lishi, bu vaqtgacha yaraning to’liq tuzalib ketishi kuzatilishi ham mumkin. Deyarli bir vaqtning o’zida yoki 1-2 kundan keyin trizm — og’izni ochishni qiyinlashtiradigan chaynov mushaklarining tirishib qolishi va talvasali qisqarish paydo bo’ladi. Og’ir holatlarda tishlar qattiq jipslashadi va og’izni ochib bo’lmaydi.
Kasallikning avj olish davri
O’rtacha 8-12 kun, og’ir holatlarda 2-3 haftagacha davom etadi. Uning davomiyligi shifokorga o’z vaqtida murojaat qilish, o’z vaqtida davolashning boshlanishi, bemor kasallanishdan oldin vaktsina olinganligiga bog’liq.
Chaynov mushaklarning tonik qisqarishi (trizm) va yuz mushaklarining spazmlari paydo bo’ladi, natijada bemorda sardonik tabassum paydo bo’ladi: qoshlar ko’tarilgan, og’iz burchaklari ikki tomonga cho’zilgan va pastga egilgan, yuz bir vaqtning o’zida tabassum va yig’i holatini ifodalaydi. Shundan so’ng orqa va oyoq-qo’l mushaklari jalb qilingan holda klinik tasvir namoyon bo’la boshlaydi («opistotonus»).
Halqum mushaklarining spazmlari tufayli yutinishda qiyinchilik seziladi va ensa mushaklarining rigidligi (tortilishi) kuzatiladi. Rigidlik pastga qarab tarqaladi, bo’yin, orqa, qorin va oyoq-qo’l mushaklarini qamrab oladi. Qorin, oyoq-qo’llarning mushaklari taranglashib, taxta kabi qattiqlashib qoladi. Ba’zida kaft va oyoq panjasidan tashqari butun tananing rigidligi qayd qilinadi.
Og’riqli spazmlar dastlab cheklangan bo’lib, keyin bir necha soniyadan bir necha daqiqagacha davom etadi hamda katta mushak guruhlariga tarqaladi. Yengil holatlarda talvasalar kuniga bir necha marta sodir bo’ladi, og’ir holatlarda ular deyarli doimiy ravishda davom etib turadi.
Talvasa o’z-o’zidan yoki biron tashqi ta’sir (teginish, yorug’lik, ovoz) tufayli yuzaga keladi. Bu paytda bemorning yuzi yirik ter tomchilar bilan qoplanadi, shishadi, ko’karadi, iztirob va og’riq ifodasini oladi. Muayyan mushak guruhining tortishishiga qarab, bemorning tanasi eng g’alati holatlarga kirishi mumkin. Bemor to’shakda yoysimon holatga kirib, yerga faqat tovon va ensasi bilan tayanadi (opistotonus). Barcha mushaklar shu qadar taranglashadiki, ularning konturlarini ko’rish mumkin bo’lib qoladi. Oyoqlari tor kabi cho’zilgan, qo’llar tirsak qismida egilgan, mushtlar yopilgan bo’ladi.
Opistotonus holati
Ba’zi bemorlar qorinda yotishni afzal ko’radi, biroq ularning oyoqlari, qo’llari va boshi to’shakka tegmaydi. Bemor qo’rquvni boshdan kechiradi, tishlarini g’ichirlatadi, qichqiradi va og’riqdan nola qiladi. Talvasalar orasidagi davrda mushaklarning bo’shashishi sodir bo’lmaydi. Hush odatda saqlanib turadi. Bemorlar juda kuchli terlaydi. Turg’un uyqusizlik paydo bo’ladi. Apnoe, sianoz, asfiksiya kuzatiladi.
Mushaklarning spazmi nafas olish, yutinish, defekatsiya va peshob chiqarish, qon aylanishining buzilishi va ichki organlarda dimlanishlar rivojlanishiga, metabolizmning keskin oshishi va yurak faoliyatining yomonlashishiga yoki to’liq to’xtashiga olib keladi. Harorat 41-42 °C gacha ko’tarilishi mumkin.
Qayta tiklanish davri
Konvulsiyalar kuchi va sonining bosqichma-bosqich kamayishi bilan tavsiflanadi. U 2 oygacha davom etishi mumkin. Ushbu davrda turli xil asoratlar rivojlanishi xavfi yuqori bo’ladi.
O’lim sabablari
O’limning eng ko’p uchraydigan sababi nafas olish mushaklari spazmi tufayli bo’g’ilish, ikkinchi o’rinda yurak falajligi sanaladi. Ba’zi hollarda, o’lim sababi qoqsholdan keyin asorat sifatida rivojlanadigan miokard infarkti, pnevmoniya, sepsis, o’pka arteriyasi emboliyasi va boshqa kasalliklar tufayli sodir bo’lishi mumkin.
- Brunner bosh qoqsholi yoki bulbar qoqshol — kasallikning eng og’ir shakli bo’lib, bunda kasallik orqa miyaning yuqori qismlari va uzunchoq miyaga ta’sir qiladi. Bu shakl umumiy qoqsholning eng og’ir klinik ko’rinishlari bilan ifodalanadi. Qoida tariqasida, bosh yoki bo’yin jarohatlari natijasida rivojlanadi.
- Mahalliy qoqshol kam uchraydi, asosan ilgari emlangan odamlarda qayd qilinadi. Bu shakl butun organizmga ta’sir qilmaydigan mahalliy falajliklar bilan tavsiflanadi. Kasallik jarohat joyida mushaklarning tortilishi va spazmlari, haroratning biroz ko’tarilishi, umumiy talvasalar yo’qligi bilan tavsiflanadi. Ko’pincha umumiy (yalpi) qoqshol shakliga o’tadi.
- Roze bosh qoqsholi. Mahalliy qoqsholning bir turi, bosh va bo’yinning shikastlanishida yuzaga keladi. Asosan jarohat tomonidagi yuz nervining falajlanishi bilan namoyon bo’ladi. Umumiy qoqshol yoki Brunner bosh qoqsholiga o’tishi mumkin.
- Yangi tug’ilgan chaqaloqlar faqat umumiy qoqshol bilan og’riydi.
Qoqsholni davolash
Bemor ixtisoslashgan shifoxonaga darhol gospitalizatsiyalanishi kerak. Davolash quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Infektsiyaning asosiy o’chog’ida patogenga qarshi kurash (yarani ochish, tozalash va aeratsiya qilish).
- Qoqsholga qarshi zardob yuborish orqali qoqshol toksinini zararsizlantirish.
- Talvasaga qarshi davo choralari (total miorelaksatsiya).
- Ovoz o’tkazmaydigan aseptik boks.
- Organizmning hayotiy funktsiyalarini ta’minlash (o’pkaning sun’iy ventilyatsiyasi, yurak faoliyatini kuzatish).
- Asoratlarni oldini olish va davolash (hamrohlik qiluvchi infektsiyalarga, trombozga qarshi kurash), konvulsiyalarda mexanik shikastlanishning oldini olish.
- To’laqonli ovqatlanish va parvarish.
Bemor alohida qorong’i xonaga joylashtiriladi, u yerda tashqi omillar (shovqin, yorug’lik va boshqalar) ta’siri ehtimoli istisno qilinadi. Kecha-kunduz tibbiy kuzatuv o’rnatiladi. Bemor yotoqdan chiqmasligi talab etiladi.
Kasallikning avj olish davrida bemorlarning ovqatlanishi juda qiyin, chunki mushaklarning kuchli qisqarishi oziqa moddalarini zond orqali yoki vena ichiga kiritilishiga to’sqinlik qiladi. Bemorni suyuq ovqatlar (sut, bulyon va boshqalar) bilan ovqatlantirish tavsiya etiladi, ular ko’p suv ichishga talab sezadi.
Kasalxona sharoitida davolanish muddati 1 oydan 3 oygacha davom etadi.
Asoratlari
Kasallikning avj olish davrida mushaklarning spazmlari va dimlanishlar fonida bronxit, pnevmoniya, miokard infarkti, sepsis, suyak va umurtqa pog’onalarining avtomatik sinishi, bo’g’imlarda turli chiqishlar, mushak va paylarning uzilishi, mushaklarni suyaklardan ajralishi, venoz tromboz, o’pka emboliyasi, o’pka shishi kuzatilishi mumkin.
Kech muddatlarda kuzatiladigan asoratlar orasida zaiflik, taxikardiya, umurtqa deformatsiyasi, mushak va bo’gim kontrakturalari, kalla nervlarining vaqtinchalik falajligi ajratiladi.
Umurtqaning kompression deformatsiyasi 2 yilgacha saqlanib turishi mumkin. Sog’aygach kishi faqat 2 oydan keyin ishga kirishishi mumkin. Kamida 2 yil davomida u nevrolog kuzatuvida bo’lishi talab etiladi.
Kamdan-kam hollarda noma’lum sabablarga ko’ra kasallikning qaytalanishi uchraydi.
Oldini olish
Kasallikning oldini olish uch yo’nalishda amalga oshiriladi:
- Jarohatlarning oldini olish va aholi orasida sanitariya-targ’ibot ishlarini olib borish.
- Emlash taqvimiga binoan 3 oydan 17 yoshgacha bo’lgan barcha bolalarga qoqsholga qarshi vaktsinani kiritish orqali profilaktika. Kattalarda har 10 yilda bir marta qayta vaktsinatsiya o’tkaziladi.
- Quyidagi hollarda emlangan va emlanmagan shaxslarga shoshilinch profilaktika qo’llash:
- Teri va shilliq qavatlarning yaxlitligi buzilgan holdagi shikastlanish va jarohatlar.
- Oshqozon-ichak traktining yaralari va operatsiyalarida.
- II-IV darajadagi kuyish va muzlashlarda.
- Tibbiy muassasalardan tashqarida tug’ruq va abortlarda.
- Gangrena yoki to’qima nekrozlari, uzoq davom etadigan abstsess, karbunkul, oshqozon yarasi, yotoq yaralarda.
- Hayvon tishlashlarida.