Yo’g’on ichak yarasi (yarali kolit) — sabablari, alomatlari, davolash, oldini olish
Nospetsifik yarali kolit (yo’g’on ichak yarasi) — bu yo’g’on ichak shilliq qavatining yallig’lanish tabiatli surunkali patologiyasi. Kasallik organizmning genetik xususiyatlari, atrof-muhit omillarining kompleks salbiy ta’sir ko’rsatishi tufayli yuzaga kel
Yo’g’on ichak yarasi (yarali kolit) — sabablari, alomatlari, davolash, oldini olish
Nospetsifik yarali kolit (yo’g’on ichak yarasi) — bu yo’g’on ichak shilliq qavatining yallig’lanish tabiatli surunkali patologiyasi. Kasallik organizmning genetik xususiyatlari, atrof-muhit omillarining kompleks salbiy ta’sir ko’rsatishi tufayli yuzaga keladi, ular ichakdagi yallig’lanish jarayonining kuchayishiga sabab bo’ladi. Kasallik asosan 15-25 yoki 55-65 yoshdagi odamlarda uchraydi. 10 yoshgacha bo’lgan bolalarda patologiya deyarli qayd etilmaydi.
Yarali kolit joylashuvi, kasallikning og’irligi va kechishi murakkabligiga qarab tasniflanadi.
Yallig’lanishning joylashuviga qarab:
- Proktit (to’g’ri ichakning yallig’lanishi);
- Chambar ichak koliti;
- Ileokolit (ichakning yonbosh qismidagi yallig’lanish);
- Rektosigmoidit (to’g’ri ichak va sigmasimon ichakning yallig’lanishi);
- Chap taraflama kolit (to’g’ri ichak, sigmasimon ichak va yo’g’on ichakning tushuvchi qismining taloq burchagigacha ta’sir qiladi);
- Enterokolit (ingichka va yo’g’on ichaklarning yallig’lanishi).
Og’irlik darajasiga ko’ra:
- Yengil — yumshoq, tez-tez bo’lmagan hojat chiqarish bilan tavsiflanadi, najasda qon aniqlanishi mumkin, anemiya (kamqonlik) va boshqa muammolar rivojlanmaydi, mehnat ko’rsatkichi pasaymaydi;
- O’rtacha og’irlikda — hojat chiqarishning buzilishi va unda qon aniqlanishi, isitma, taxikardiya, qon formulasining o’zgarishi, zaiflik kuzatilishi mumkin, mehnat qobiliyatining biroz pasayishi qayd etiladi;
- Og’ir — hojat chiqarishning jiddiy buzilishlari, kamqonlik, isitma bilan varajalar, umumiy ahvolning og’ir yoki o’ta og’ir bo’lishi. Kasallikning bu darajasi statsionar sharoitda davolanadi.
Kasallikning kechishiga ko’ra:
- O’tkir kolit — xurujlar to’satdan va tashqi omillarning aniq ta’siri tufayli yuzaga keladi;
- Surunkali kolit — irsiy moyillik rivojlanish omili bo’lib xizmat qiladi, sust kechish bilan tavsiflanadi;
- Qaytalanuvchi kolit — surunkali kasallik bo’lib, tashqi salbiy omillar ta’sirida o’tkir shaklga o’tadi, qo’zg’atuvchi ta’siri bekor bo’lsa, yana surunkali shaklga qaytadi.
Yo’g’on ichak yarasining davolash eng qiyin bo’lgan shakli bu surunkali yoki qaytalanuvchi kolitdir, chunki bunday hollarda yallig’lanish ichak shilliq qavatining katta qismlariga ta’sir qilgan bo’ladi. Ichakning umumiy yallig’lanishidan so’ng tiklanish mahalliy yallig’lanish jarayonlarini davolashdan ko’ra ko’proq vaqt talab etadi.
Kasallikni muvaffaqqiyatli davolash uchun o’z vaqtida (yarali kolitning birinchi belgilari aniqlangan vaqtdayoq) proktolog shifokorga tashrif buyurish muhim sanaladi.
Yarali kolit sabablari
Yarali kolitni keltirib chiqaradigan sabablar aniq ma’lum emas. Bugungi kunda patologiya rivojlanishining quyidagi sabablari ajratiladi:
- Irsiy omillar (qarindoshlarda yarali kolit va Kron kasalligi aniqlanganligi bemorda YKni rivojlanish xavfini oshiradi);
- Virusli va bakterial infektsiyalar (ularning yallig’lanish rivojlanishiga ta’siri o’rganilmoqda);
- Tashqi salbiy omillar (parhez, chekish, oral kontratseptivlar);
- Tez-tez kuchli stressga yo’liqish;
- Nosteroid yallig’lanishga qarshi preparatlarni nazoratsiz qabul qilish.
Immunitetning pasayishi va autosensibilizatsiya kasallikning boshlanishi va rivojlanishiga yordam beradi.
Klinik tasvir
Yarali kolitning alomatlari kasallikning rivojlanish bosqichiga va og’irligiga qarab farq qiladi. Bunda ichakda va undan tashqarida kuzatiladigan alomatlar ajratiladi. Shuningdek, kasallik uzoq vaqt davomida bemorga sezilmasdan, hech qanday noqulaylik tug’dirmasdan davom etishi mumkin.
Ichakda qayd etiladigan alomatlarga quyidagilar kiradi:
- Najasda qon aniqlanishi bilan ich buzilishi;
- Hojat chiqarishga soxta chaqiriqlar;
- Varaja qilish, tana haroratining ko’tarilishi;
- Organizmning suvsizlanishi;
- Qorinda sanchuvchi yoki simillovchi og’riqlar, asosan chap tomonda ustunlik qiladi;
- Ishtaha yo’qolishi va uning fonida vazn tashlash.
Kolit belgilari boshqa patologiyalar, jumladan gastrit, qo’zg’algan ichak sindromi, Kron kasalligi alomatlariga o’xshaydi. Shu sababli yakuniy tashxis qo’yish uchun ichakdan tashqari kuzatiladigan belgilar e’tiborga olinishi kerak:
- Ko’rish organi kasalliklari (ko’rish keskinligining pasayishi bilan birga keladigan irit, kon’yunktivit);
- Og’iz bo’shlig’i shilliq qavatining yallig’lanishi, yarachalar paydo bo’lishi, stomatit;
- Artrit;
- Terining mahalliy patologiyalari;
- Tromboemboliya va tromboflebit;
- Hissiy beqarorlik.
Ichak va ichakdan tashqaridagi belgilarning mavjudligi kasallikning etiologiyasini, bemorning ahvoli og’irligini aniqlash va davolashning eng samarali usulini tanlash uchun yanada batafsil tashxis qo’yish imkonini beradi.
Xavfi
Yarali kolit darhol davolanishni talab qiladi. Ko’pincha diareya va ichakdan qon ketishi suvsizlanish va kamqonlikni keltirib chiqaradi. Kolitning yana bir keng tarqalgan asoratlari bu to’g’ri ichak perforatsiyasi (teshilishi). Ushbu asorat bemorning hayotiga tahdid soladi, chunki bunda najas qorin bo’shlig’iga o’tib, peritonitga olib kelishi mumkin.
Yana bir jiddiy asorat — toksik megakolon — yo’g’on ichakning tezda kengayishi. Bu uning faoliyatini buzadi va ichakning normal ishlashiga xalaqit beradi. Patologiyaning belgilari qorin dam bo’lishi, og’riqlar, isitma, ich qotishi, suvsizlanish va taxikardiya sanaladi.
Yo’g’on ichak yarasi aniqlangan bemorlarda yo’g’on ichak saratoni xavfi ham ortadi. Ichak shilliq qavatining to’liq yallig’lanishi bilan og’rigan bemorlarda onkologiya rivojlanishi xavfi kasallikning rivojlanishidan 8 yil o’tgach, mahalliy kolit bilan og’rigan bemorlarda — 15 yildan keyin kuchayadi.
Boshqa organlarda yarali kolit asoratlari quyidagi patologiyalar bilan namoyon bo’ladi:
- Ko’zlardagi qizarish va qichishish;
- Stomatit;
- Bo’g’imlarda shishish va og’riq;
- Teri kasalliklari;
- Osteoporoz;
- Buyrak-tosh kasalligi;
- Jigar sirrozi va gepatit (kamdan-kam hollarda).
Yuqoridagi asoratlar, shuningdek, yarali kolitning ichakdan tashqi belgilari qatoriga ham kiradi. Ba’zi bemorlarda ular kolitning birinchi belgilari sifatida kuzatilsa, boshqalarida xuruj davrida rivojlanadi.
Tashxislash
Faqatgina xarakterli belgilar bilan yarali kolitni tashxislab bo’lmaydi. Mutaxassis barcha mumkin bo’lgan o’xshash alomatlar va keng tarqalgan patologiyalarni istisno qilish orqali ushbu kasallikning mavjudligini tasdiqlashi mumkin.
Yo’g’on ichak yarasini tashxislash quyidagilarni o’z ichiga oladi:
- Kolonoskopiya (biopsiya bilan, agar kerak bo’lsa, ta’sirlangan to’qimalarni o’rganish bilan);
- Leykotsitlar va eritrositlar (qizil qon hujayralari) sonini aniqlash uchun umumiy qon tahlili;
- Qon hujayralari, patogen mikrofloralar, parazit tuxumlari mavjudligini aniqlash uchun najasni tahlil qilish;
- Kontrastli rentgenografiya (og’ir holatlarda ichak devori teshilishini istisno qilish uchun tavsiya etiladi);
- KT va / yoki MRT (agar ichakni to’liq vizualizatsiya qilish zarur bo’lsa).
To’liq tashxis qo’yilgandan so’ng, yarali kolitni davolashning individual strategiyasi ishlab chiqiladi, unga muvofiqlik remissiya holatiga erishishga imkon beradi.
Yo’g’on ichak yarasini davolash
Yarali kolitdan faqat jarrohlik yo’li bilan butunlay xalos bo’lish mumkin, ammo jarrohlik aralashuvi ham to’liq tiklanishni kafolatlamaydi.
Dori vositalari
Konservativ terapiyaning asosiy maqsadi kasallik alomatlarini yengillashtirish va bemorni uzoq vaqt davomida remissiya holatiga o’tkazishdir. Bemorlarga quyidagilar buyuriladi:
- Yallig’lanishga qarshi dorilar (yallig’lanishni yengillashtirish va remissiyaga erishish uchun);
- Anemiya aniqlansa temir preparatlari;
- Mikroblarga qarshi vositalar (infektsiyani nazorat qilish uchun);
- Og’riq sindromini yo’qotish uchun parasetamol;
- Immunosupressantlar (immun reaktsiyalarni bostirish va alomatlarni yengillashtirish uchun);
- Diareyaga qarshi dorilar.
Jarrohlik aralashuvi
Ushbu usulning asosiy kamchiliklari uning yuqori invazivligida. Ko’pgina bemorlarda yo’g’on ichakning bir qismi, ba’zan esa anus bilan birga olib tashlanadi. Defekatsiya uchun ileostoma hosil qilinadi: ingichka ichakning cheti qorin bo’shlig’idagi teshikka ulanadi.
Bunday qaror vaqtinchalik yoki doimiy bo’lishi mumkin. Ikkinchi holda, ingichka ichakdan rezervuar shakllantirilib, anusga tikib qo’yiladi. Operatsiyadan keyin tiklanish sodir bo’lguncha, defakatsiya ikkinchi operatsiya paytida tikib qo’yiladigan vaqtincha ileostoma orqali amalga oshiriladi. Najas tabiiy ravishda chiqariladi, ammo defakatsiyalar soni kuniga 8-9 martagacha oshadi.
Parhez
Bunday patologiyada to’g’ri ovqatlanish kasallikning kuchayishini oldini olishda juda muhimdir. Agar ahvol yomonlashsa, parhezga qat’iy rioya qilish kerak. Bemorga quyidagilar tavsiya etiladi:
- Sut mahsulotlari iste’molini cheklash;
- Taomnomada yog’li ovqatlarni kamaytirish;
- Oziq-ovqat tarkibidagi dag’al kletchatka miqdorini kamaytirish (yangi meva va sabzavotlar, to’liq donlar, sabzavot va mevalarni bug’da pishirgan afzal);
- Alkogolli ichimliklar, kofeinli ichimliklar, achchiq ovqatlardan saqlanish.
Shuningdek, har bir bemorda ushbu kasallikning asoratlarini keltirib chiqaradigan mahsulotlarning individual ro’yxati mavjud. Ushbu mahsulotlarning ro’yxatini aniqlash uchun oziq-ovqat kundaligi yuritish kerak.Yarali kolitda tez-tez va oz miqdordan ovqatlanish, yetarlicha suv ichish, vitamin komplekslarini qabul qilish juda muhimdir.
Oldini olish
Yarali kolitni keltirib chiqaradigan sabab hali to’liq o’rganilmaganligi sababli aniq profilaktika choralari mavjud emas. Kasallikdan saqlanish uchun sog’lom turmush tarzi, ortiqcha ovqatlanishdan saqlanish tavsiya etiladi.
Ratsionda rafinirlangan ovqatlar, yog’li go’shtlar, alkogolli ichimliklar, shakarli va gazlangan ichimliklar, ziravorlar, achchiq choy, qahva va ichaklarni qo’zg’atuvchi boshqa mahsulotlar miqdorini kamaytirish zarur. Shuningdek, hissiy holatni nazorat qilish, stressni kamaytirish tavsiya etiladi.