Gepatit B kasalligi — sabablari, belgilari, asoratlari, davolash, oldini olish
Gepatit B — antroponoz virusli kasallik. Sezilarli gepatotrop xususiyatlarga ega qo’zgatuvchi — gepadnaviruslar oilasiga mansub gepatit B virusi (HBV) tomonidan chaqiriladi. Virus turli fizik va kimyoviy omillarga qarshi juda chidamlilik bilan ajralib tura
Gepatit B kasalligi — sabablari, belgilari, asoratlari, davolash, oldini olish
Gepatit B — antroponoz virusli kasallik. Sezilarli gepatotrop xususiyatlarga ega qo’zgatuvchi — gepadnaviruslar oilasiga mansub gepatit B virusi (HBV) tomonidan chaqiriladi. Virus turli fizik va kimyoviy omillarga qarshi juda chidamlilik bilan ajralib turadi.
Kasallik faqat bemorning biologik materiallari bilan aloqa qilish orqali yuqishi mumkin. Ko’p hollarda infektsiya bemor uchun sezilmay kechadi, shuning uchun kasallik laboratoriya tahlillari natijasida yoki xususiyatli belgilari namoyon bo’lgan paytda aniqlanadi. O’z vaqtida davolangan bemorlar butunlay sog’ayib ketadi va ushbu kasallikka qarshi barqaror immunitetga ega bo’ladi.
Mundarija
Tavsifi
Gepatit B — bu virusli kasallik bo’lib, virus organizmga tushganda hayotiy zarur bo’lgan ichki organlarga salbiy ta’sir ko’rsata boshlaydi. Ushbu kasallik tufayli eng ko’p shikast jigarga yetadi, uning shikastlanishi mikro-hujayrali darajada bo’ladi. Kasallik alomatlarsiz kechishi yoki aniq belgilar bilan namoyon bo’lishi mumkin. Surunkali bosqichiga o’tganda, ushbu virusli infektsiya ko’pincha jigar sirrozi va saratoni rivojlanishiga olib keladi.
Kasallikning o’tkir shakldan surunkali bosqichga o’tishi ehtimoli organizmning muayyan xususiyatlaridan kelib chiqib farqlanishi mumkin:
- Yangi tug’ilgan chaqaloqlarda — 90% hollarda;
- Normal immunitetli yoshlarda — 1% hollarda;
- Katta yoshdagi kishilarda — 10% hollarda.
Vaktsina olgan insonlarda ushbu kasallikka qarshi immunitet paydo bo’ladi:
- Birinchi emlashdan so’ng — 50%;
- Ikkinchi emlashdan so’ng — 75%;
- Uchinchi emlashdan so’ng — 100%.
Kasallikning surunkali shakli bolalarda tashxislanishi ko’rsatkichi:
- 1-5 yoshli bolalarda — 25-50% hollarda;
- Tug’ilish davrida infektsiyalangan chaqaloqlarda — 90% hollarda.
Tasnifi
B guruh gepatiti quyidagicha tasniflanadi:
Yashin tezligida. Bemorlarda bir necha soat ichida miya shishishi yuz beradi va komaga tushish ehtimoli mavjud. Ko’p hollarda, bemor hayoti kasallik klinik bosqichga o’tganda qisqa muddat ichida fojiali yakun topadi. Kasallikning bu shakli juda kam uchraydi (1% dan kam).
O’tkir. Gepatit B`ning o’tkir shaklida bemorda kasallikning bir necha bosqichi kuzatiladi. Dastlab, asosiy alomatlar namoyon bo’ladi, keyin teri qoplamlari sariq rangga kiradi. Patologiyaning so’nggi bosqichi jigar yetishmovchiligi bilan tavsiflanadi.
Surunkali. Kasallik inson infektsiyalanganidan so’ng 1-6 oy o’tib surunkali bosqichga o’tadi. Ushbu bir necha oy virusning inkubatsiya davri bo’lib, undan so’ng o’ziga xos alomatlar va belgilar paydo bo’la boshaydi.
Inkubatsion davri
Virus bemor organizmiga kirganidan so’ng, gepatitning inkubatsiya davri boshlanadi. Uning davomiyligi 30-180 kun oralig’ida bo’ladi, o’rtacha 75 kun.
Gepatitning o’tkir shakli quyidagicha kechishi mumkin:
- Xuruj bosqichi;
- Uzoq muddatli kasallik;
- Retsidivlar;
- Kamdan kam hollarda — koma.
Xavfi
Gepatit B kech tashxislansa yoki o’z vaqtida davolanmasa, buning natijasida jigar sirrozi yoki gepatotsellyulyar saraton rivojlanishi ehtimoli yuqori bo’ladi.
Bunday toifadagi bemorlar kasallikning boshqa jiddiy oqibatlar bilan to’qnash kelishlari mumkin:
- Miokardit (yurak muskullarining yallig’lanishi);
- Artrit, artroz va boshqa bo’g’im kasalliklari;
- Qon tomir, buyrak kasalliklari va boshqalar.
Yuqoridagi asoratlar oqibatida o’limga olib keladigan xavf ehtimoli sezilarli darajada oshadi.
Hozirgi vaqtda davlat darajasida gepatit B ga qarshi majburiy emlashga muhtoj shaxslar toifasi ro’yxati tasdiqlangan:
- Maktab o’quvchilari va talabalar;
- Bolalar bog’chalari tarbiyalanuvchilari;
- Bemorlarning biologik materiallari bilan aloqa qilishlari mumkin bo’lgan sog’liqni saqlash xodimlari;
- Gemodializga muhtoj bemorlar;
- Vena ichiga in’yekstiyaga muhtoj bemorlar;
- Ozodlikdan mahrum qilish joylarida muddatini o’tayotgan shaxslar;
- Gepatitning surunkali shaklidan aziyat chekayotgan bemorning oila a’zolari va yaqinlari;
- Tartibsiz jinsiy aloqa qiladiganlar;
- Bu kasallikning epidemiyasi qayd etilgan aholi punktlariga safarlarni rejalashtirgan sayyohlar.
Sabablari
Gepatit B rivojlanishining sababi kasallik qo’zg’atuvchisi — virusning inson organizmiga kirishidir. Kasallik ayniqsa bir qator salbiy omillar (alkogol, nikotin, kimyoviy va zaharli moddalar, dorilar ta’siri) tufayli immuniteti zaiflashgan insonlarda ko’p uchraydi.
Bemorlarning ijtimoiy izolyatsiyada bo’lishi talab etilmaydi, chunki virus havo-tomchi yo’llari orqali tarqalmaydi. Bemor bilan aloqada bo’lgan har qanday kishi zarur choralarni va shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilishi kerak. Ko’p yillar butun dunyo bo’ylab olib borilgan tadqiqotlar natijasi ma’lumotlariga ko’ra, ushbu kasallikning kechishi bemorning qay tarzda infektsiyalanganligi, shuningdek, uning yoshiga bog’liq.
Agar bemor gepatit B bilan tabiiy yo’l (masalan jinsiy aloqa paytida) orqali zararlangan bo’lsa, bu holatda kasallik surunkali bosqichga o’tishi xavfi yuqori bo’ladi. Gepatitning bu shakli ko’pincha yoshlarda paydo bo’ladi, chunki ular sog’lig’iga jiddiy e’tibor bermaydi va organizmning tashvishli signallariga javob choralari ko’rmaydi.
Gepatit B yuqish yo’llari
Gepatit B virusi inson organizmiga faqat bemorning biologik materiallari bilan aloqa qilish orqali kirishi mumkin:
- Jinsiy yo’l orqali. Virus nafaqat qonda, balki organizmning barcha suyuqliklarida (shu qatorda qin ajralmalari va erkak spermasida) mavjud, shuning uchun himoyalanmagan jinsiy aloqa kasallik yuqishi xavfini oshiradi;
- So’lak orqali. Agar kishi tilida kesilgan yoki jarohatlangan sohalar bo’lsa, o’pishganda kasallikni yuqtirib olishi mumkin;
- Qon orqali. Bu infektsiyalanishning eng keng tarqalgan yo’llaridan biri hisoblanadi. Ko’p bemorlar gepatit B bilan nosteril shpritslar ishlatish va qon quyish orqali kasallanishgan. Bemorning infektsiyalangan biologik materiali bilan aloqa qilish tegishli sanitariya choralari o’tkazilmaydigan go’zallik salonlarida yuqishi ham mumkin;
- Tug’ruq jarayonida. Bemor ayollarda homiladorlik asoratlarsiz kechishiga qaramay, tug’ruq paytida bola onaning biologik materiallari bilan bevosita aloqada bo’ladi va shu sabab yuqori ehtimollik bilan infektsiyalanishi mumkin. Buni oldini olish uchun bunday chaqaloqlar tug’ilgach darhol emlanadilar.Gepatit B virusi agressiv harorat rejimlari, kislotalar va ishqorlar sharoitida yuqori chidamlilikka ega. Virus uzoq vaqt davomida qurib qolgan qonda saqlanishi mumkin. Shu sababli, har bir inson juda ehtiyotkor bo’lishi va tegishli muassasalarga tashrif buyurganda, xavfsizligi uchun barcha zarur choralarni ko’rishi zarur.
Alomatlari va belgilari
Gepatit B bilan og’rigan bemorlarning ko’pchiligida kasallik alomatlari uzoq vaqt davomida kuzatilmaydi. Virus tibbiy ko’rik yoki homiladorlik uchun ro’yxatga olish uchun zarur bo’lgan laboratoriya qon tahlillari o’tkazilishida tasodifan aniqlanib qolishi mumkin. Bunday hollarda maxsus tahlil — «avstraliyalik antigenni» aniqlash uchun qon tahlili amalga oshiriladi.
Inson organizmida rivojlanayotgan gepatit B tashqi belgilar jigarning detoksikatsion faoliyati yomonlashuvi va xolestaz tufayli yuzaga keladi. Ular quyidagicha ifodalanishi mumkin:
- Ko’ngil aynishi;
- Bosh aylanishi;
- Charchoq;
- Rinit;
- Tana haroratining ko’tarilishi (odatda harorat 39-40 °C ga yetadi), varaja qilish;
- Yo’tal;
- Umumiy zaiflik;
- Burun-halqumdagi og’riq hissi;
- Kuchli bosh og’riqlari;
- Teri rangining o’zgarishi (sariqlik);
- Shilliq qavat, ko’z skleralari, kaftlarning sarg’ayishi;
- Siydik rangining o’zgarishi (u ko’pira boshlaydi, rangi qora pivo yoki achchiq choy rangiga o’xshaydi);
- Bo’g’imlardagi og’riq sindromi;
- Ishtaha yo’qolishi;
- Axlat rangining o’zgarishi (rangsizlanadi, oqimtir tus oladi);
- O’ng qovurg’a ostidagi og’irlik.
Gepatit B surunkali bosqichga o’tganda bemorlarda asosiy simptomlarga qo’shimcha ravishda organizmning zaharlanishiga olib keladigan jigar yetishmovchiligi belgilari ham kuzatiladi. Agar kasallikning ushbu bosqichida bemor to’liq davolanmasa, kasallik markaziy asab tizimining zararlanishiga sababchi bo’ladi.
Tashxislash
Agar shaxs o’zida gepatit B rivojlanishini ko’rsatadigan alomatlarni aniqlasa yoki virus bilan infektsiyalanganligiga shubhalanuish uchun asos bo’lsa, u darhol tibbiy muassasaga tashrif buyurishi kerak. Qabul vaqtida mutaxassis jigarni palpatsiya yordamida tekshirish va kasallik anamnezini yig’ish bilan birlamchi tashxis qo’yadi. Birlamchi tashxisni tasdiqlash yoki rad etishga qon va siydikning laborator tahlillari yordam beradi.
Barcha shunga o’xshash holatlarda bemorga quyidagilarga yo’llanma beriladi:
- Klinik va biokimyoviy qon tekshiruvlari (jigar bilan bog’liq muammolarni yuqori bilirubin, AST yoki ALT miqdori ko’rsatishi mumkin);
- Umumiy siydik tahlili;
- Gepatit B virusining antigenini aniqlaydigan qon tekshiruvi;
- IgG va IgM antitanalari uchun qon tahlili.
Ko’pincha, patologiyaga shubha qilingan bemorlar immunogramma deb ataladigan klinik-laborator tekshiruvdan o’tkaziladi. Tahlil natijasida nafaqat organizmning bu kasallikka qanday munosabatda bo’lishini o’rganish, balki yaqin kelajakda kasallik o’zini qanday tutishini ham aniqlash mumkin.
Virusning genetik materiallarini aniqlash va replikatsiya tezligini o’rganish uchun shifokor qo’shimcha tahlil — PZRni belgilashi mumkin. Kasallik og’ir kechayotgan bo’lsa, shifokor gepatit B fonida rivojlanayotgan asoratlardan shubha qilsa, jigar biopsiyasi tayinlanadi. Ushbu tahlil yordamida jigar tuzilishi qanchalik o’zgarganligi va uning hujayralari saratoni mavjudligi aniqlanadi.
Gepatit B ni davolash
Hozirgi kunda mavjud dori vosistalarining hech biri bemor organizmini virusdan to’liq tozalay olmasa ham, ular virus ko’payishini to’xtatishi va shu tariqa jigarning shikastlanishini minimumga yetkazishi mumkin. 2016-yil holatiga ko’ra AQShda infektsion gepatit B ni davolash uchun 8 ta preparat litsenziyalashtirilgan:
To’g’ri ta’sir qiluvchi antivirus preparatlar:
- Teskari transkriptazaning nukleozid ingibitorlari:
- Lamivudin (Epivir)
- Telbivudin (Tyzeka)
- Entekavir (Baraclude)
- Teskari transkriptazaning nukleotid ingibitorlari:
- Adefovir (Hepsera)
- Tenofovir dizoproksil fumarat (Viread)
- Tenofovir alafenamid fumarat (Vemlidy)
Immunomodulyatorlar:
- Interferon alfa-2a;
- Pegilatlangan interferon alfa-2a (Pegasys).
Asosiy terapiya dasturi kasallikning shakli va inson organizmining individual xususiyatlaridan kelib chiqib tanlanadi.
O’tkir shaklda
O’tkir gepatit B yengil shaklda bo’lsa, bemor uy sharoitida davolanishi mumkin. Birinchidan, tanani detoksikatsiyasini (zaharlardan holi qilish) amalga oshirish kerak, buning uchun ko’p miqdorda toza suvdan foydalaniladi.
Davolovchi shifokor bemorga infektsiyaga kurashish va jigar faoliyatini tiklashga yordam beradigan preparatlar tayinlaydi. Davolanish vaqtida bemorlar yotoq tartibida bo’lishlari va har qanday jismoniy zo’riqishlarni istisno qilishlari kerak. Parhezga amal qilish zaruriy chora, bu orqali jigarning tiklanish jarayoni tezroq kechadi.
Ko’pgina bemorlarda o’tkir gepatit B mustaqil ravishda o’tib ketadi, shuning uchun ularga maxsus dori-darmonli davolash kursi buyurilmaydi. Shifokorlar bemorni virusli infektsiyani bartaraf etishga yordam beradigan qo’llab-quvvatlovchi terapiyani tavsiya etishlari mumkin.
Bemor organizmida qattiq intoksikatsiya kuzatilgan bo’lsa, davolovchi shifokor tomchilatib yuborish usuli bilan tomir ichiga kiritiladigan maxsus eritmalar tayinlaydi. Gemodezli tomchilar orqali toksinlar qondan tezroq chiqarib tashlanadi va bemorning umumiy salomatligi yaxshilanadi.
Surunkali shaklda
Gepatit B surunkali bosqichga o’tishi bilan bemorlarga kompleks davolash buyuriladi:
- Antivirus ta’sirga ega preparatlar (adefovir, lamevudin va boshqalar);
- Jigar sklerozi rivojlanishini sekinlashtirishi mumkin bo’lgan preparatlar (interferonlar);
- Immunomodulyatorlar, bunda bemorning tanasida immunitet reaktsiyalari normallashadi;
- Gepatoprotektorlar, ularning vazifasi hujayra darajasida jigarning gepatit B virusiga qarshiligini oshirish;
- Maxsus vitamin va mineral komplekslar.
Ushbu toifadagi bemorlarga detoksikatsiyaga erishish uchun kuniga ko’p miqdorda suyuqlik ichish tavsiya etiladi.
Surunkali gepatit rivojlanishning bir necha bosqichlari mavjud va ular davriy kechadi:
- Replikatsiya — bu bosqichda virus bemorning tanasida faol ko’payib boradi;
- Remissiya — bu bosqichda virus o’z DNK`sini gepatotsit (jigar hujayrasi) genomiga kiritishni boshlaydi.
Dori-darmonlar bilan davolashdan ijobiy natija olish uchun shifokor asosiy tibbiy tadbirlarni aynan replikatsiya bosqichida amalga oshirishi juda muhim. Kasallikning fazasini to’g’ri aniqlash uchun bemorni laboratoriya tekshiruvlaridan o’tkazish kerak. Qonning serologik tahlillari tufayli mutaxassis surunkali gepatitning rivojlanish bosqichini aniqlik bilan topadi.
Ba’zi hollarda, gepatit B dan muvaffaqiyatli davolangan bemorlarda virus antigeni ko’p yillar davomida qonda saqlanib qoladi. Bunday toifadagi odamlar ushbu infektsiyaning tashuvchisi bo’lib, ular muntazam ravishda tibbiy ko’rikdan o’tib turishlari kerak.
Rivojlanish variantlari
Kasallikning quyidagi rivojlanish variantlari mavjud:
- Bemor kompleks terapiyadan o’tib, virusli infeksiyadan butunlay xalos bo’ladi, bu kasallikka qarshi mustahkam immunitetni qo’lga kiritadi;
- Bemorda o’tkir gepatit B shakli surunkali bosqichga o’tadi, bu organizm uchun jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin;
- Davolanishdan so’ng bemor, o’nlab yillar davomida unga bezovtalik tug’dirmaydigan gepatit B antigenining (HBsAg) tashuvchisi bo’ladi. Virus bemor qonida 20 yilgacha hech qanday klinik ko’rinishlarsiz mavjud bo’lishi mumkin;
- Tibbiy muassasaga o’z vaqtida murojaat qilmagan bemorlarda jigar sirozi yoki jigar saratoni rivojlanadi, bu shoshilinch jarrohlik aralashuvini talab qiladi. Bemorlarning bunday toifasi uchun o’lim ko’rsatkichi sezilarli darajada oshadi.
Davolash kursini o’tab bo’lganidan so’ng, har bir bemor bir necha yillar mobaynida davolashni o’tagan tibbiy muassasada ro’yxatda turadi. Har qanday asorat yuzaga kelishini istisno qilish uchun bemorlar muntazam profilaktik choralar ko’rishlari, shuningdek parhez va turmush tarziga e’tibor berishlari joiz.
Vaktsina
Kasallanishni oldini olish uchun o’z vaqtida vaktsina olish tavsiya etiladi. Maxsus ishlab chiqilgan emlash ma’lum bir harorat sharoitida saqlanishi kerak.B guruhi gepatitiga qarshi vaktsina faqat mushak ichiga kiritiladi. Emlash paytida inyektsiya teri ostiga yuborilgan bo’lsa, u hisobga olinmaydi va vaktsinatsiya qaytadan o’tkazilishi kerak.
Vaktsina ba’zi bir qarshi ko’rsatmalarga ega. Quyidagi toifa shaxslarni emlash tavsiya etilmaydi:
- Oziq-ovqatga allergiyasi bo’lgan odamlar (pivo, kvas va tarkibida xamirturush bo’lgan boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga);
- Homilador ayollar;
- Emizikli onalar;
- Muddatidan oldin tug’ilgan chaqaloqlar.
Bugungi kunda vaktsinatsiyaning ikkita asosiy sxemasi mavjud:
- Standart (0 — 1 oy — 6 oy). Birinchi in’yektsiya bemorga tanlangan kunda qilinadi. Bir oydan keyin ikkinchi bor emlash amalga oshiriladi. Uchinchi bor in’yektsiya birinchi vaktsina kiritilishidan 6 oy o’tgach amalga oshiriladi;
- Alternativ (0 — 1 oy — 2 oy). Birinchi emlash tanlangan kun, ikkinchi marotaba 1 oy o’tgach, uchinchisi esa 2 oydan keyin amalga oshiriladi. Ushbu sxema bo’yicha emlash amalga oshirilganda revaktsinatsiya dastlabki emlash paytidan boshlab 1 yil o’tgach amalga oshiriladi. Revaktsinatsiya bemorlarning muayyan toifasiga — buyraklar yoki immunitet tizimi bilan bog’liq muammolar bo’lgan kishilarga buyuriladi.
Gepatitga qarshi emlashdan so’ng nojo’ya ta’sirlar yuzaga kelishi mumkin. Ko’pgina hollarda mahalliy ahamiyatga ega bo’lgan reaktsiyalar kuzatiladi:
- Vaktsina qo’llangan sohasida terining qizarishi, kichik o’lchamdagi zichlanish;
- Harakat paytida biroz noqulaylik;
- Tana haroratining yengil ko’tarilishi;
- Donachalar yoki toshma toshishi (qisqa vaqtdan keyin mustaqil ravishda o’tib ketadi);
- Shamollash belgilari;
- Mushaklarda yoki bo’g’inlarda og’riq sindromi.
Vaktsinani kiritishdan oldin, sog’liqni saqlash xodimi uning yaroqlik muddatini tekshirib ko’rishi va bemorning yoshiga to’g’ri keladigan dozani tanlashi kerak. Barcha zamonaviy vaktsinalar o’zaro almashtirilsa bo’ladigan sanaladi. Buning natijasida, birinchi in’yeksiyadan so’ng keyingi ikki emlash uchun boshqa kompaniyaning vaktsinalaridan foydalanish mumkin.
Emlash shuningdek profilaktik maqsadlarda, bemorni infektsiyalanganligi ehtimoli mavjud bo’lgan hollarda ham amalga oshirilishi mumkin. Gepatit B bilan kasallangan bemorning biologik materiallari bilan har qanday aloqa qilgandan so’ng, vaktsina bilan birga immunoglobulin (bu preparat virusga chidamli tayyor antitanalardan iborat) yuborilishi kerak. Bemorlarning ushbu toifasi alternativ sxema bo’yicha emlanadi: 0 — 1 oy — 2 oy — 1 yil.
Parhez
Gepatit B jigarga salbiy ta’sir ko’rsatadigan kasallikdir. Infektsiya va yallig’lanish jarayonlari natijasida bu muhim organ hujayraviy darajada shikastlanadi. Davolash paytida jigar faoliyatini yengillashtirish uchun bemor parhezga amal qilishi kerak. Mutaxassislar bemorlarga maxsus tayyorlangan parhez dasturini qo’llashni tavsiya qiladi.
Avvalo, kishi kundalik oziq-ovqat ratsionini teng ravishda 5-6 ta qismga ajratishi kerak. Davolanish davomida ko’pincha zararli oziq-ovqat va alkogolli ichimliklar iste’mol qilish bilan birga kechadigan ommaviy bayramlarda ishtirok etish qat’iyan taqiqlanadi. Kechki ovqatga bemor hazm qilish tizimiga kuchli ta’sir ko’rsatmaydigan yengil taomlar qabul qilishi lozim.
Bemorlra kundalik ratsiondan quyidagi mahsulotlarni chiqarib tashlashlari kerak:
- Achchiq ovqatlar va ziravorlar;
- Dudlangan va tuzlangan mahsulotlar;
- Ko’p miqdorda efir moylari mavjud bo’lgan sabzavotlar;
- Spirtli va gazlangan ichimliklar;
- Yaxna ichimliklar va muzqaymoq;
- Yog’li go’sht va baliq turlari;
- Suvda suzuvchi parrandalar go’shti;
- Tarkibida xolesterin yuqori bo’lgan ovqatlar.
Tavsiya etiladigan mahsulotlarga:
- Yormalar, ayniqsa suli yormasi;
- Sut mahsulotlari;
- Soya, zaytun va o’simlik moyi;
- Tovuq tuxumining oqi;
- Go’sht va baliqning kam yog’li navlari.
Mahsulotlarni bug’da tayyorlash kerak, chunki bunday ishlov berishda unda foydali moddalar maksimal miqdorda saqlanib qoladi. Kundalik ratsionda 3500 kkal (100 gramm oqsil, 100 gramm yog ‘, 450 gramm uglevod) bo’lishi darkor.
Asoratlari
Gepatitning og’ir kechishida bemorlarda turli xil asoratlar rivojlanishi mumkin:
- Miyaning yallig’lanishi;
- Ko’pgina bemorlarda jigar ensefalopatiyasi kuzatiladi. Bemor bezovtalik, gallyutsinatsiya, qo’rquvni boshdan kechiradi. Vaqt o’tishi bilan asab tizimining vazifalari buziladi, natijada ahvolning yomonlashuvi, uyqu buzilishi va boshqalar kuzatiladi. Ensefalopatiyaning so’nggi bosqichida bemor komaga tushishi mumkin;
- Jigar yoki nafas olish yetishmovchiligi;
- Jigar sirrozi yoki gepatotsellyulyar saraton.
Kasallik o’tkir yoki surunkali bosqichga o’tishiga yo’l qo’ymaslik uchun o’z vaqtida davolanish kerak. Kasallikning rivojlanishi bemorlarning o’rtacha umr ko’rish darajasiga bog’liq bo’ladi.
Oldini olish
Gepatit B`ni oldini olish uchun quyidagi oddiy qoidalarga rioya qilish kerak:
- Kundalik shaxsiy gigiena qoidalariga amal qilish. Ayniqsa, ko’p odamlar bilan, shuningdek, pul va umumiy foydalanish ob’yektlari bilan aloqa qilishdan keyin qo’llarni yuvish juda muhimdir;
- Pala-partish jinsiy aloqa qilishdan saqlanish va aloqaga kirganda ushbu kasallik bilan kasallanish xavfini sezilarli darajada kamaytiradigan prezervativlardan foydalanish;
- Gepatit B ga qarshi o’z vaqtida vaktsina olish;
- Manikyur, go’zallik salonlariga tashrif buyurganda ishchilar tomonidan sanitariya qoidalariga rioya qilinishiga e’tibor berish;
- Muntazam ravishda qon tahlillari topshirib turish;
- Boshqalarning qoni yoki boshqa biologik materiallari bilan aloqa qilmaslik;
- Sog’lom turmush tarziga rioya etish;
- Alkogolli ichimliklar va chekishdan voz kechish;
- Immunitetni mustahkamlash;
- Vitamin va mineral komplekslar qabul qilish;
- Sport bilan shug’ullanish;
- Toza havoda sayr qilish;
- Har kuni imkoni bo’lsa xonani shamollatib turish.
Infektsiyalangan bemor bilan yaqin aloqada bo’lganda, sog’lom inson kasallik rivojlanishini tezkor ravishda oldini olish uchun tibbiy muassasaga murojaat qilish zarur. Bu holda quyidagi choralar qabul qilinadi:
- Qonda virusni bloklash xususiyatiga ega maxsus preparat (immunoglobulin) yuborish;
- B guruhi gepatitiga qarshi emlash;
- Muayyan vaqtdan so’ng maxsus sxema bo’yicha ikkinchi emlashni amalga oshirish.