Miyaga qon quyilishi sababi, belgilari va davolash usullari
Miyaga qon quyilishi tibbiyot tilida gemorragik insult deb ataladi. Keyingi vaqtlarda bu kasallik ortsa ortyaptiki, kamaygani yo‘q. Afsus, kasallik shunchalar xavfliki, muolaja amali to‘g‘ri va o‘z vaqtida olib borilmasa, insonni o‘limga olib keladi.
Miyaga qon quyilishi sabablari
Miyaga qon quyilishi, ya’ni gemorragik insultning kelib chiqish sabablari:
- arterial qon bosimi oshishi;
- qandli diabet (qonda glyukoza miqdori oshib borishi natijasida qandli diabet xavfli bosqichga kirib boradi);
- arteriyaning kengayishi. Bu tug‘ma yoki hayot davomida ba’zi sabablarga ko‘ra orttirib olingan bo‘lishi mumkin;
- miya tomirlarining qandaydir o‘tkir buyum tufayli jiddiy jarohat olishi;
- gemorragik diatez (tomir devorlarining shikastlanishi, buzilishi);
- vrach nazorati, maslahatisiz turli antikoagulyantlarni, dorilarni iste’mol qilish;
- infeksiya tufayli miya to‘qimalari shamollashi (ensefalit va boshqalar).
Miyaga qon quyilishi, odatda, katta yarim sharga ziyon yetkazadi. Shu bilan birga, nafas yo‘llari, yurak faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ammo kasallik belgilari juda tez fursatda ma’lum bo‘lgani sababli, vrachlar tashxis qo‘yishda qiyinchilikka duch kelishmaydi. Miyaga qon quyilishini jarrohlik operatsiyasi yordamida bartaraf etsa bo‘ladi. Ammo bu har doim ham kutilgan natijani bermaydi.
Kasallikning klinik belgilari
Miyaga qon quyilganda inson o‘zini juda yomon his etgan holda ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, alahlash yuzaga kelishi mumkin. Agar qon miyadagi asosiy to‘qimalarni egallagan bo‘lsa, bemor koma holatiga tushib qolishi ehtimoldan xoli emas.
Muolajalar
Miyaga qon quyilishini davolash amaliyoti sira ortga surilmasligi lozim. Aks holda, jarayon bemorni o‘limga olib keladi.
Mutaxassislar birinchi navbatda ishni organizmning ziyon ko‘rgan qismlarini davolashdan boshlashlari lozim. Shunisi muhimki, bemorni kasalxonaga olib borish juda-juda qisqa, tez fursatda amalga oshirilishi shart.
Qon bosimi doimo nazorat ostida bo‘lishi, me’yordan oshib yoki tushib ketmasligi kerak. Bunday paytda peshob haydovchi dorilar ko‘rsatilgan tartib va miqdorda iste’mol qilinadi. Farmakologik preparatlar yordamida miya qon tomiri devorlari mustahkamlanib boriladi.
Neyrojarrohlik yo‘li bilan davolash
Agar miya hududida gematomalar paydo bo‘lsa, anevrizm tomirlar yorilsa, neyrojarrohlik davolash usuli qo‘llanadi. Ammo bu usul kasallik paydo bo‘lgandan so‘ng ikki kun ichida operativ tarzda qo‘llanishi lozim. Chunki keyingi kunlarda neyrojarrohlik usulini qo‘llash bemorning hayotini jiddiy xavf ostiga solib qo‘yadi.
Reabilitatsion terapiya
Insultdan so‘ng bosh miyaning qay tarzda zarar ko‘rganiga qarab reabilitatsion terapiya belgilanadi. Bunga jismoniy mashqlar, uqalash, elektrostimulyatsiya, magnitoterapiya va boshqa muolaja turlari kiradi. Ular ham mutaxassis nazorati ostida amalga oshiriladi. Basharti bemor gapira olmaydigan holatda qolsa, logoped yordamidan foydalanish zarur.