12:01 / 28.09.2022

EKZEMA: SABABLARI, ALOMATLARI, TURLARI, TASHXISLASH, DAVOLASH, YENGILLASHTIRISH

Ekzema (qad.yun. ἔκζεμα — teridagi toshmalar, ἐκζέω — qaynayman) — bu dermatologik kasallik bo’lib, seroz tarkibli papula (tuguncha) shaklidagi teri toshmalari toshishi, shikastlangan teri sohalarining shishishi va qichishi bilan tavsiflanadi.

Ekzema (qad.yun. ἔκζεμα — teridagi toshmalar, ἐκζέω — qaynayman) — bu dermatologik kasallik bo’lib, seroz tarkibli papula (tuguncha) shaklidagi teri toshmalari toshishi, shikastlangan teri sohalarining shishishi va qichishi bilan tavsiflanadi. Quruq va nam shaklda kechishi mumkin, toshma shaklidagi namoyonlarning polimorfizmi bilan farq qiladi. Ekzemada yallig’lanish jarayoni allergik tabiatlidir, ammo kasallikning sabablari turlicha bo’lishi mumkin, masalan terini uzoq muddat allergen bilan aloqa qilishi, modda almashinuvi buzilishlari, asab va endokrin tizim patologiyalari. Shuning uchun, ekzemani davolashda kompleks terapiya qo’llaniladi va u har bir bemor uchun shifokor tomonidan individual ravishda tanlanadi.
Ekzema kasalligi haqida ma'lumot

Ekzema o’tkir va surunkali shaklda kechishi mumkin, remissiya davrlari bilan siklik rivojlanishga ega, ko’pincha kasallikning qaytalanishi kuzatiladi. Teri toshmalari va u bilan bog’liq yoqimsiz his-tuyg’ular nafaqat bemorning ko’rinishini buzadi va unga noqulaylik yetkazadi, balki uning psixologik holatini sezilarli darajada yomonlashtiradi. Kasallikning neyro-allergik xususiyati hisobga olinganda, bu faqat patologik jarayonni kuchaytiradi va o’z navbatida sog’ayishni sekinlashtiradi. Davolash chora-tadbirlari turli xil terapevtik yo’nalishlarni o’z ichiga oladi, ulardan eng samarali variantlari har bir individual holat uchun alohida tanlanadi.

EKZEMA TURLARI

Ekzema idiopatik kasalliklarga oid bo’lib, uning rivojlanish sabablari va mexanizmi to’liq aniqlanmagan, ammo muayyan turdagi ekzema rivojlanishiga sabab bo’ladigan bir guruh omillar mavjud. Vegetotomirli distoniya, venalarning varikoz kengayishiqandli diabet, qalqonsimon bez disfunktsiyasi va hazm qilish a’zolari patologiyalari psixoemotsional zo’riqish va irsiy moyillik fonida ekzemani keltirib chiqarishi mumkin.

  • Idiopatik yoki haqiqiy ekzema aniq sababsiz spontan ravishda toshma toshishi bilan xarakterlanadi, organizmning sezuvchanligi ortishi fonida kimyoviy agressiv moddalar, allergen bilan aloqa qilish kasallikni boshlab yuboruvchi mexanizm sifatida xizmat qiladi. Idiopatik ekzema uchun seroz tarkibli papulalar, nam eroziyalar, po’stcha va tangachalar xarakterlidir, bunda ular terida bir vaqtning o’zida mavjud bo’lishi mumkin, bu esa ushbu turdagi ekzemaning o’ziga xos belgisidir. Chin ekzemaning yana bir xususiyati — bu toshmalarning simmetriyasi (bir qo’lning shikastlanishida, odatda ikkinchi qo’lda ham huddi shunday toshmalar mavjud bo’ladi). Kasallik kuz-qish davrida o’tkirlashishlar mavsumiyligi bilan ajralib turadi.
  • Bolalar ekzemasi — bu kasallik chaqaloqlarga ta’sir qiladi, dastavval yuzdan boshlanadi, so’ng asta-sekin bo’yin, ko’krak va oyoq-qo’llarga tarqaladi. Ko’pincha sun’iy oziqlantirishda bo’lgan chaqaloqlarni va bronxial astma va boshqa atopik kasalliklar rivojlanishiga irsiy moyil bo’lgan bolalarni shikastlaydi.
  • Seboreyali ekzema — buni bosh terisida parazitlik qiladigan zamburug’lar keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, seboreyali ekzema ko’plab yog’ bezlari joylashgan teri sohalarini shikastlashi mumkin, masalan yuz, qo’ltiq sohasi, kuraklar. Kasallik namlanish bosqichisiz kechadi, tangachali tugunchasimon toshmalar, qipiqlanish va po’stchalar shakllanishi bilan tavsiflanadi.
  • Atopik ekzema — allergik reaktsiyalarga moyil bo’lgan odamlar uchun xarakterli hisoblanadi. Pufakchalar, teri shishishi va giperemiyasi shaklidagi namoyishlar allergen bilan aloqa qilgandan so’ng yuzaga keladi.
  • Kasbiy (professional) ekzema — kimyoviy tashkilotlar ishchilari, farroshlar, shuningdek ro’zg’or kimyosi, formaldegidlar, bo’yoq moddalari bilan doim aloqada bo’lgan kishilar orasida keng tarqalgan. Kasallik qo’llarning terisini shikastlash bilan boshlanadi, chunki u ko’proq kimyoviy qo’zg’atuvchilar ta’siriga chalinadi va keyinchalik kasallik tananing boshqa qismlariga o’tadi.
  • Mikrobli ekzema — mikrobli yoki zamburug’li infektsiya natijasida yallig’anish jarayonlari bo’lgan teri qismlarida paydo bo’ladi. Kasallikning asosiy o’chog’i — yashil yoki sarg’ish tusli po’st hosil bo’ladigan jarohat, trofik yaralar va oqmalar bilan qoplangan teri sohasi. Agar yara po’sti shikastlansa, qizil rangli nam yuza ochilib, toshma atrofga tarqalishi mumkin.
  • Varikozli ekzama — to’qimalarda qon aylanishi va venoz dimlanish oyoqlar terisida toshma toshishiga olib kelishi mumkin. Ko’pincha katta yoshli ayollarni, yurak-tomir kasalliklari va semizlikdan aziyat chekadigan kishilarni shikastlaydi. Boshqa alomatlari — epidermisning qorayishi, teridagi qizil dog’lar va ta’sirlanish, oyoqlarda bitmaydigan yaralarning mavjudligi.
  • Disgidrotik ekzema — ter bezlari va neyroendokrin regulyatsiya faoliyatining buzilishi tufayli sodir bo’ladi. Odatda oyoq va kaft gipergidrozi bo’lgan, shuningdek, kasbi bo’yicha doimo kimyoviy jihatdan agressiv moddalar bilan aloqada bo’lgan kishilarda yuzaga keladi. Toshma toshishi qo’llardan boshlanadi, barmoqlarning lateral yuzalarida paydo bo’ladi va keyin tananing boshqa qismlariga o’tadi. Kuchli stress yoki organizm juda qizib ketganidan keyin o’z-o’zidan paydo bo’ladi, agar ikkilamchi infektsiya ko’rinishidagi asoratlar bo’lmasa, o’z-o’zidan o’tib ketadi.
  • Mikotik ekzema — zamburug’ infektsiyasiga allergiya natijasida paydo bo’ladigan ekzema shakli. Chet el adabiyotida trixofitiya (qiruvchi temiratki, moyxo’rak, dermatofitiya), kandidoz va boshqa zamburug’li infektsiyalar kasallikning keng tarqalgan sababi sifatida ko’rsatilgan, lekin rus adabiyotida ekzema kamdan-kam hollarda zamburug’li infektsiya bilan bog’liq deb qabul qilinadi. Mikotik ekzema patogenezidagi zanjirlardan biri — zamburug’ infektsiyasiga allergiya hosil bo’lishi. Shikast o’chog’i ham ekzema xususiyatlari, ham asosiy mikotik jarayonning xususiyatini birlashtiradi. Morfologik jihatdan zamburug’li ekzema keskin chegaralangan va yumaloq yoki katta festonli konturlar, teri eritemasi, chetlari keskin belgilangan nam qismlar shakllantiruvchi pufakchalar va pustula hosil bo’lishi bilan tavsiflanadi. Mikotik infektsiyalar surunkali dermatozlar kechishini og’irlashtiradi, davo choralariga qarshilik rivojlanishiga hissa qo’shadi, shuning uchun surunkali dermatozlar bilan og’rigan bemorlarni mikoz mavjudligini aniqlash uchun chuqur tekshirish va aniqlangan taqdirda tegishli antimikotik terapiyani o’tkazish kerak. Ko’pincha ekzemada gormonal malhamli davolash belgilanadi, ammo agar kasallik zamburug’li infektsiya tufayli chaqirilgan bo’lsa, bunday davolashni alohida o’tkazgan yaxshi, chunki zamburug’lar gormonlar ta’siri ostida faolroq rivojlanadi va mutatsiyaga uchraydi.
  • Tilotik (shoxli, qadoqsimon) ekzema — disgidrotik kabi, qo’l va oyoq kafti bilan cheklanadi. Eritematoz bosqich shox qavatining qalinlashganligi tufayli sezilmas bo’ladi.
  • Sikozsimon ekzema. Ekzematizatsiya bilan asoratlangan sikoz bilan kasallangan shaxslarda kuzatilishi mumkin. Bunday bemorlarda markazida soch bilan teshilgan, retsidivlovchi va yallig’langan terida follikulyar pustulalar paydo bo’ladi — bu sikozning alomatlari. Sikozsimon ekzama jarayonning soch qoplami chegarasidan tashqariga chiqishi, ekzematoz quduqlarning mavjudligi, namlanishi va kuchli qichishish bilan tavsiflanadi. Teri lixenizatsiyalanadi; follikullar uzluksiz paydo bo’laveradi. Jarayonning ko’p uchraydigan lokalizatsiyasi — yuqori lab, soqol, qo’ltiq, qov.
  • Ayollarda siyna va pigmentli aylana ekzemasi. Yorqin qizil rangli o’choqlar bilan tavsiflanadi, ba’zi joylarda namlanish, yoriqlar bilan birga qobiqlar va qobiq-tangachalar qavati bilan qoplangan bo’ladi. Jarayon keskin konturli chegaralar va juda o’jar kechimga ega. Ko’pincha, ko’krak so’rg’ichi ekzemasi bolani emizish davomida olingan jarohatlar yoki qo’tir asoratlanishi natijasida yuzaga keladi.
  • Gistopatologiya. Ekzemaning o’tkir kechishida epidermisda parakeratoz, o’choqli spongioz va tomirlarning kengayishili dermaning so’rg’ichli qavatining shishishi va ularning atrofida ustunroq limfotsitar infiltrat aniqlanadi. Keyinchalik epidermisda spongiozlararo fazoda sezilarli darajada limfotsitlar to’planishi bilan spongioz, akantoz, parakeratoz aniqlanadi. Dermada — so’rg’ichlarning sezilarli darajada infiltratsiyasi, asosan limfosit va gistisitlar bilan.

EKZEMA SABABLARI

Ekzema idiopatik kasalliklarga mansubligi hisobga olinsa, kasallik paydo bo’lishining aniq sababini aniqlash qiyin. Biroq, ba’zi turtki bo’luvchi omillar mavjud, ular orasida:

Ekzemaning endogen sabablari:

Ekzemaning ekzogen sabablari:

  • Neft mahsulotlari, kislotalar, spirtlar, fenollar va boshqa qo’zg’atuvchi xususiyatli agressiv va sintetik kimyoviy moddalar, allergenlarning teriga ta’sir qilishi;
  • Ultrabinafsha nur, haddan tashqari issiqlik va sovuqlik va boshqa iqlim o’zgarishlarining ta’siri;
  • Terining shikastlanishi, ayniqsa periferik asablarning;
  • Benzilpenitsellinlarga, novokainga va boshqa farmatsevtik preparatlarga allergik reaktsiya.

Bu omillarning barchasi terini jismoniy, kimyoviy va boshqa qo’zg’atuvchilar ta’sirga nisbatan juda sezgir bo’lib qoladigan holatni keltirib chiqaradi.

Ko’pincha ekzemaning rivojlanishi uchun quyidagi patologiyalar ham turtki bo’ladi:

  • Omega-6, omega-3 polito’yinmagan yog’ kislotalarining yetishmasligi;
  • Buyrak faoliyati buzilishi;
  • Avitaminoz, ayniqsa vitamin B6 yetishmovchiligi;
  • Parazitar invaziyalar.
  • Me’da osti bezi va o’t pufagi yallig’lanishli kasalliklari;
  • Immunitet buzilishlari: ham tug’ma, ham orttirilgan (OITS).

Ekzema ko’pincha teri sirtida ko’rinarli tashqi sababsiz paydo bo’ladi. Bu hodisani teri va ichki a’zolar o’rtasidagi funktsional va metabolik bog’liqlik ta’minlaydi. Oziq-ovqat mahsuloti bilan organizmga ko’plab toksinlar tushadi, ular odatda najas bilan chiqariladi yoki jigar tomonidan parchalanib yuboriladi. Agar bu a’zolar toksinlarni bartaraf qilishni eplay olmasa, metabolitlarning chiqarilishi vazifasi teriga tushadi. Vaqt o’tishi bilan, teri qoplamlaridan doimiy ravishda chiquvchi zaharlar epiteliyga destruktiv ta’sir ko’rsatadi va bu ekzema shaklida namoyon bo’ladi.

EKZEMA ALOMATLARI

Ushbu teri kasalligi quyidagi umumiy alomatlar bilan tavsiflanadi:

  • Eritema — shikastlangan hududni aniqlaydigan terining qizarishi.
  • Papulalar — eritemaning sirtidan ko’tarilib turuvchi pushti-qizil tusli tugunchalar.
  • Vezikulalar — yallig’lanish jarayoni davomida papulalar seroz suyuqlik bilan to’lganligi.
  • Pustula — bu tarkibi loyqalangan va yiring aralashgan vezikulalar.
  • Pustulalar va vezikulalar yorilishi joyida yuzaga keladigan eroziya (chuqurchalar).
  • Eritematoz hududlarda tuklarning to’kilishi.
  • Qurigan eroziya o’rnida quruq qobiqlarning paydo bo’lishi.
  • Qobiqlarning qipiqlanishi va patologik tiklangan yangi terining tangachalar va epiteliyning shoxlangan qavatidan hosil bo’lgan quruq plastinkalar bilan qoplanishi.