11:59 / 28.09.2022

Allergik dermatit

Dermatit so‘zi “terining yallig‘lanishi” degan ma’noni anglatadi. Teri hech qachon o‘z-o‘zidan sababsiz yallig‘lanmaydi, balki yallig‘lanishga olib keladigan bir qancha muhim sabablar mavjud. Masalan, issiq suv, o‘tkir kislota va ishqorlar ta’sirida kuyish

Allergenlar ta’sirida teri yallig‘langanda ham dermatit ro‘y berib, bu dermatitlar deb ataladi. Dermatitlarning ikki turi farqlanadi. Agar allergen teriga tushib, (turli kosmetik mahsulotlar qo‘llanilganda yoki taqinchoq taqilganda teri qizarishi) yallig‘lantirsa bu allergik dermatit deb ataladi.

Allergen teridan boshqa yo‘llar (oziq-ovqat va dori vositalar iste’moli, nafas olish, igna sanchib dori yuborish, hasharotlar chaqishi) orqali tushib teri yallig‘lanishiga sabab bo‘lsa bu toksikodermiya yoki toksiko -allergik dermatitni bildiradi.

Bugungi kunda sun’iy yo‘llar bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning oshxonamizga kirib kelishi, shuningdek ko‘plab konservatsiya qilingan ovqatlar iste’mol qilinishi, yarimfabrikat mahsulotlardan ovqat tayyorlanishi, dori vositalari turlari ko‘payishi va tartibsiz qabul qilinishi va ularning keng qo‘llanilishi organizmning umumiy allergik kasalliklari, shu jumladan allergik dermatozlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda.

Oddiy dermatit ko‘rinishi ma’lum bir ta’sir doirasiga (masalan o‘tkir kislota, ishqor, olov yoki issiq suvdan teri sathi necha foiz kuyganiga) qarab belgilanadi. Allergik dermatit yoki allergik dermatozlar esa organizmning qaysidir allergenga nisbatan sezuvchanligining yuqoriligiga bog‘liq holda kechadi.

Organizmning sezuvchanlik ta’siri past bo‘lganda, kasallik boshlanishida bir nechta qizg‘ish dog‘lar yuzaga keladi. Sezuvchanligi yuqori bo‘lganda esa yallig‘lanish kuchli kechib, toshmalar butun badan bo‘ylab tarqaladi, bunday vaqda esa tana harorati ko‘tariladi, ichki a’zolarda ham patologik o‘zgarishlar kuzatiladi, ba’zan ko‘rilgan davo choralariga qaramasdan bemorning umumiy ahvoli juda og‘irlashishi mumkin. Shuning uchun ham dorilarni pala-partish qabul qilish mumkin emas. Bemorning ma’lum bir dori vositalariga allergiyasi bo‘lsa vrach qabuliga borganda bu haqda uni ogohlantirishi lozim.

Qarindosh-urug‘larida yoki o‘zida allergik kasalliklar bor bo‘lgan bemorlar dori qabul qilishdan oldin albatta shu doriga nisbatan sezuvchanligi bor yoki yo‘qligini aniqlash uchun tegishli sinamalarni o‘tkazish yo‘l-yo‘riqlarini davolovchi shifokordan so‘rab olishlari lozim.

Allergik kasallik bilan og‘rigan bemorlar parhezga amal qilishlari lozim.  Ular quyidagi oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishlari mumkin:

  • mol go‘shti, tovuq go‘shti (bir marta qaynatib suvi to‘kib tashlanadi, so‘ng ovqatga ishlatiladi);
  • ivitilgan sut mahsulotlari (qatiq, suzma, tvorog, kefir);
  • guruch, grechixa, psheno;
  • o‘simlik yog‘i va unda tayyorlangan ovqatlar;
  • olma, banan;
  • qoqilar (olma, o‘rik, olxo‘ri);
  • non (barcha turlari);
  • pechenye (shakar va tuxum qo‘shilmagani);
  • sabzavotlar (karam, kartoshka, bodring, sariq sabzi);
  • mol va tovuq go‘shtidan tayyorlangan kolbasa va sosiskalar (kamroq miqdorda) iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Tavsiya etilmaydigan oziq-ovqatlar quyidagicha:

  • ot, qo‘y, echki go‘shtlari;
  • mosh, no‘xat, loviya;
  • tuxum va tuxum mahsulotlari;
  • danakli maxsulotlar (barcha mag‘izlar, har qanday xolva);
  • sut, qaymoq, yogurtlar;
  • pomidor, qizilcha, baqlajon, bolgar qalampiri, qalampir, sarimsoq, qizil sabzi;
  • shirinliklar (har qanday shaklda), pechene;
  • qovun, tarvuz, uzum, shaftoli, anjir;
  • ketchup, mayonez, gorchitsa;
  • sho‘rlangan va dudlangan mahsulotlar;
  • sotuvdagi meva sharbatlari;
  • gazli ichimliklar;
  • qazi, qarta;
  • pista, bodom, yong‘oq, yer yong‘oq:
  • terini yog‘sizlantiradigan barcha yuvinish va kosmetik mahsulotlarini albatta cheklash muhim.

Parhez taomlar ko‘p hollarda allergik kasalliklardan tezda sog‘ayishga yordam beradi, lekin ba’zan ularni iste’mol qilgandan so‘ng ham allergiya kuzatilishi mumkin. Shuning uchun kasallik belgilari o‘tib ketgandan keyin ham uch oy davomida parhez tutilsa yanada yaxshi.

Allergik dermatitlarning kelib chiqishida ikkita omilga ahamiyat berilishi lozim. Bolalarning allergik dermatitlarga moyil bo‘lib tug‘ilishi birinchi omil bo‘lib, bu onaning homiladorlik davrida ko‘p miqdorda allergiyaga sabab bo‘luvchi mahsulotlar (ot va qo‘y go‘shti, achchiq-sho‘r taomlar, sitrus mevalar, dukkakli mahsulotlar, pista-bodom, qahva, kakao yoki turli dori vositalari)ni iste’mol qilishi oqibatida yuzaga keladi. Bunday bolalar tug‘ilgandan keyin shu allergenlar bilan ilk bor to‘qnash kelishgach kasallik belgilari namoyon bo‘ladi. Ko‘pincha kasallik juda og‘ir va surunkali kechishi mumkin.

Orttirilgan allergik dermatitlarda yoki allergik dermatozlarga turtki beruvchi ikkinchi omil yuqorida sanalgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki dori vositalarini keragidan ortiq va noo‘rin iste’mol qilishdir. Demak, ayon bo‘ladiki, allergik dermatozlarning oldini olishda to‘g‘ri ovqatlanish va dorilarning tartibi katta ahamiyatga ega.