Varikoz kasalligi — sabablari, alomatlari, davolash, xalq tabobati, oldini olish
Venalarning varikoz kengayishi — tez-tez kuzatiladigan patologik jarayon, venalarning (qonni yurakka qayta olib boruvchi tomilar) shikastlanishi bilan ifodalanadi. Patologiya uchun tomir bo’shlig’i diametrining kengayishi, venoz devorlarning ingichkalashis
Venalarning varikoz kengayishi — tez-tez kuzatiladigan patologik jarayon, venalarning (qonni yurakka qayta olib boruvchi tomilar) shikastlanishi bilan ifodalanadi. Patologiya uchun tomir bo’shlig’i diametrining kengayishi, venoz devorlarning ingichkalashishi va anevirzmasimon mahalliy kengaymalar — «tugunchalar» hosil bo’lishi xarakterlidir.
Bugungi kunda varikoz eng ko’p uchraydigan kasalliklardan biri bo’lib, u har uchinchi ayol va o’ninchi erkakda qayd qilinadi. Statistikaga ko’ra, bu kasallik ko’pincha 30-40 yoshlik davrda uchraydi. Asosan quyidagi sohalarda kuzatiladi:
- Oyoqlarning pastki qismida;
- Oshqozon va qizilo’ngachda;
- Kichik tosda;
- Moyaklar va urug’ yo’llarida.
Maqolada kasallikning eng ko’p uchraydigan joyi — oyoqlardagi varikozga urg’u beriladi.
Mundarija
Sabablari va rivojlanish mexanizmi
Varikozli kasallik rivojlanishiga «start» beradigan mexanizm — venoz klapanlarning normal faoliyati buzilishi va reflyuks yuzaga kelishi sanaladi. Hujayraviy darajada bu mushak hujayalari, kollagen va venoz devorning elastik tolalari o’rtasidagi fiziologik muvozanatning buzilishi bilan bog’liq.
Asosiy sabablar
- Zararli kasb. Bunda uzoq muddat tik yoki o’tirgan holatda ishlashga to’g’ri kelishi tushuniladi. Uzoq muddat tik turganda oyoqlardagi qon tomirlarda qon bosimi oshadi, venalarda o’zgarishlar kuzatiladi. O’tirgan holatda esa venalarning bosilishi oqibatida qon dimlanishi sodir bo’ladi. Atrof-muhitning doimiy ravishda yuqori haroratda bo’lishi ham salbiy ta’sirga ega;
- Tana vaznining sezilarli darajada ortishi;
- Irsiy moyillik. Agar ota-onaning har ikkisida venalarning varikoz kengayishi aniqlangan bo’lsa, bu kasallik farzandlarida 90% ehtimollik bilan uchrashi mumkin. Agar ota-onadan faqat bittasi kasallika duchor bo’lgan bo’lsa, ehtimollik 60% ga pasayadi.
- Gormonal ta’sir (homiladorlik va gormonal preparatlar qabul qilish natijasida).
Ikkilamchi sabablar
- Venalar orqali qon o’tishi bilan bog’liq to’siqlar. Bunday to’siqlarga tromboz yoki shishlar misol bo’la oladi;
- Stress va asab kasalliklari. Ular tomirlarning holatiga ta’sir qiladi. Tomirlar devorida ularning tarangligini (tonusini) ta’minlovchi nerv oxirlari mavjud. Ularga tushadigan bosim kuchaysa, turli toksinlar va spirtli ichimliklar ta’sir qilsa, tomirlar tonusini yo’qotadi va kengayadi;
- Arterial-venoz anastomozlar. Bunday anastomozlar arterial qon hujayralarining oqimi hududida bosim tufayli shakllanishi mumkin;
- Sportiv zo’riqishlar. Xavf guruhiga shtanga kabi og’irliklarni ko’tarishni sevuvchilar kiradi. Kasallikka moyillik mavjud bo’lsa, oyoqlarni haddan tashqari og’ir jismoniy mashqlar bilan zo’riqtirish va og’irliklar ko’tarish taqiqlanadi;
- Noqulay kiyim va poyabzal. Juda tor kiyimlar, masalan tor shimlar venalarning varikoz kengayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, tor va baland poshnali poyabzal ham zararli. Poyabzalni tanlashda keng poshnalarga afzallik berish kerak, bu iyoqlarga tushadigan yukni kamroq bo’lishini ta’minlaydi. Yupqa va baland poshnalarda (shpilka) yurish va muvozanatni saqlash oyoqlar va venalarga katta yuk tushiradi.
Bu omillar tomirlarning kengayishiga, venoz bosimning kuchayishiga va venoz klapanlar normal faoliyatining buzilishiga olib keladi. Natijada oyoq tomirlarida patologik qon aylanishi — reflyukslar yuzaga keladi. Aynan shu kasallikning vaqt o’tishi bilan kuchayib borishi va venoz tizimiga tushadigan yukni ko’p marta oshishiga sabab bo’ladi.
Qonning to’g’ri, ya’ni oyoq venalarida pastdan tepaga oqishi bir necha omillar bilan ta’minlanadi:
- Arteriyalardagi qon bosimi;
- Qonning teskari oqishini oldini olish uchun qon tomirlar motorikasi;
- Klapanlarning mavjudligi.
Klapanlar o’z funktsiyalarini bajara olmasligi venalarda qon oqimining buzilishini keltirib chiqaradi va tomirlarning ortiqcha cho’zilishiga olib keladi. Shu sababli qon oqimi tartibsiz bo’ladi, oyoqlarning pastki venalarida to’xtab qola boshlaydi (ayniqsa teri osti venalarida), ulardagi bosim ortadi, vena devorlari kengayib va ingichkalashib boradi.
Alomatlari
Varikoz alomatlari bevosita kasallik bosqichiga bog’liq.
I va II bosqichlarda
- Oyoq, boldir va sonlarda venoz naqshlarning paydo bo’lishi;
- Oyoqlarda og’irlik, bosim, o’rtacha og’riqlarni his qilish;
- Tortishishlar, ayniqsa kechasi;
- Ishdan keyin, kunning oxirida oyoqlarning shishishi;
- Tez charchash.
III va IV bosqichlarda
- Shishlar;
- Qon tomirli yulduzlar (telangioektaziyalar);
- Turli og’riqlar (pulsli, mushaklarda qichishish, yurish paytida og’riq, vena bo’ylab og’riq, umumiy og’riq va oyoqlarning qaqshab og’rishi);
- Boldir va tovon yonlari terisi yuzasida uzun varikoz venalar paydo bo’lishi;
- Teri o’zgarishlari — uning qurishi va pigmentatsiyasi, qorayishi va jigarrang dog’lar bilan qoplanishi. Bundan tashqari, bu belgilarga keyinchalik bir qator kasalliklar, xususan dermatit, ekzema va trofik kasalliklar, yaralar qo’shilishi mumkin.Kamdan-kam hollarda venalar yorilishi natijasida qon ketishi qayd qilinadi, bu hodisa asosan tunda sodir bo’ladi.
Tashxislash
Varikoz belgilari aniqlanganda, to’g’ri tashxis qo’yish uchun felbolog, nevrolog yoki jarrohga murojaat qilish kerak. Bunda ultratovushli tekshiruv (UTT) yoki flebografiya kerak bo’lishi mumkin.
Varikozni davolash
Terapiya tashxis to’g’ri qo’yilgandagina samarali bo’ladi. Davolovchi shifokor quyidagi davo usullarini tanlashi mumkin:
- Dori-darmonlar bilan (medikamentoz) davolash (krem, malham, tabletkalar);
- Simptomatika va kasallikning bosqichiga qarab kompleks muolajalar;
- Jarrohlik aralashuvi (zararlangan tomirlarni olib tashlash).
Krem va malhamlar
Bunday vositalar kasallikning dastlabki bosqichlarida yordamchi davolash va rivojlanishini oldini olish vositasi sifatida qo’llaniladi. Ular quyidagicha ta’sir ko’rsatadi:
- Og’riqni, shishlarni kamaytiradi;
- Klapanlar tizimi faoliyatini yaxshilaydi;
- Qon tomir devorlarining tonusini oshiradi;
- Normal qon aylanishini tiklaydi;
- Asoratlar rivojlanishi oldini oladi.
Preparat nomi | Ta’siri |
---|---|
Troksevazin | Qon aylanishi tizimining faoliyatini normallashtiradigan faol modda — trokserutinni o’z ichiga oladi. Yallig’lanish, shishlarni bartaraf qiladi, kapillyarlarni mustahkamlaydi, venotonik xususiyatlarga ega. |
Detraleks | Tomirlarida qon dimlanishini kamaytiradi, limfa oqimini yaxshilaydi. |
Rutin | Vitamin P (rutin va boshqa bioflavonoidlar), shishlar, yallig’lanishni kamaytiradi, qon tomirlarini mustahkamlaydi, tortishishlarni yengillashtiradi va venoz yara hosil bo’lishini oldini oladi. |
Aestsin | Ot kashtani urug’lari ekstarktini o’z ichiga oladi. Qon tomir o’tkazuvchanligini va yulduzchalar sonini kamaytiradi, tonusini oshiradi, yallig’lanishni, shish, qonning quyulib qolishi jarayonini zaiflashtiradi va mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi. |
Venoruton | Qon aylanish tizimi faoliyatini tiklaydigan okserutinni o’z ichiga oladi. Yallig’lanishni bartaraf qiladi, tromb hosil bo’lishiga qarshilik qiladi. |
Tabletkalar
Tabletkalar kasallikka mahalliy ta’sir qilmasada, kompleks davolash qismi sifatida qo’llaniladi. Ularning ta’siri:
- Qon tomirlar tonusini yaxshilaydi;
- Yallig’lanish jarayonini bartaraf qiladi;
- Qon oqimi va limfatik drenajni tezlashtiradi;
- Mikrosirkulyativ kasalliklarini bartaraf etadi.
Venarus. Qon tomirlari tonusini oshiradi, cho’ziluvchanlik, o’tkazuvchanlik, kapillyar sinuvchanligini kamaytiradi, sezilarli darajada venoz dimlanishni, yallig’lanishi kamaytiradi, qon tomir devorlarini shikastlovchi erkin radikallardan himoya qiladi.
Anvenol. Qon tomir o’tkazuvchanligini kamaytiradi, mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi, arteriolalarni kengaytiradi, tomirlar tonusini oshiradi, periferik qon aylanishini yaxshilaydi.
Eskuzan. Ushbu preparat yallig’lanishga qarshi va tonik xususiyatlarga ega, tomir devori mustahkamligini oshiradi, kapillyar sinuvchanlikni kamaytiradi, shish va qon dimlanishini oldini oladi, charchoq, og’irlik, zo’riqish, qichishlarni yengillashtiradi, turli organlar va to’qimalarda tuzalish jarayonini tezlashtiradi.
Venoruton 300. Shishni kamaytiruvchi, og’riq qoldiruvchi, tortishishga qarshi ta’sir ko’rsatadi va mikrosirkulyatsiyani yaxshilaydi, trofik kasalliklar va yaralarni bartaraf etadi.
Angistaks. Tomirlar elastikligini oshiradi, qon tomir o’tkazuvchanligini me’yorlashtiradi, shish shakllanishini oldini oladi va mavjud shishlarni kamaytiradi.
Terapevtik muolajalar
Endovazal lazerli koagulyatsiya. Shifokor shikastlangan tomirga lazer bilan ta’sir o’tkazadi va natijada yulduzchalar yo’qoladi. Muolaja mahalliy og’riqsizlantirish ostida o’tkaziladi. Bir necha hafta o’tgach terida hech qanday izlar qolmaydi. Dastlabki bosqichlardagi varikoz davosi sifatida qaraladi.
Skleroterapiya. Faoliyati buzilgan vena ichiga inyektsiya orqali maxsus moddalar yuboriladi, ular tomirlarni butunlay jipslashtirib, yopishtirib qo’yadi. Natijada qon tomir faoliyati to’xtaydi va qon so’glom tomirlar orqali oqa boshlaydi. Ushbu muolaja barcha bemorlar uchun ham mos kelmaydi. Faqat tugunlar juda katta bo’lmagan taqdirda belgilanadi.
Ozonli terapiya. Ozon kichkina igna bilan qon tomir ichiga yuboriladi va tomirni yopishtirib qo’yadi. Sezilarli natijaga erishish uchun bir necha muolaja yetarli. Qon tomirlari yulduzchalarini yo’q qilish uchun ishlatiladi.
Flebektomiya. Jarrohlik aralashuvi bo’lib, shikastlangan tomirlarni olib tashlashni nazarda tutadi. Operatsiyadan keyingi kuniuyga qaytish mumkin, lekin kamida bir oy maxsus paypoq kiyish yoki elastik bint bog’lab yurish lozim.
Kompression terapiya. Usulning samaradorligi ko’plab tadqiqotlar natijasi bilan tasdiqlangan. Kompress natijasida yuzaki venalar diametri, ulardagi reflyuks, kapillyar filtratsiya kamayadi, chuqur venalar bo’ylab oqadigan qon tezligi ortadi. Limfatik drenaj yaxshilanadi, rezobrtsiya kuchayadi.
Klinik amaliyotda kompression davolash uchun ko’pincha elastik bintlar yoki kompression trikotaj ishlatiladi.Varikozni davolashda shifobaxsh jismoniy tarbiya va terapevtik trikotajdan foydalanish tavsiya etiladi. Bu oyoqlardagi og’irlikni yo’qotishga, qon aylanishini normallashtirishga va venoz qonning turg’unligini bartaraf etishga yordam beradi.
Bemor kasbi o’troq bo’lsa, har kuni piyoda yurishga harakat qilish ijobiy ta’sirga ega bo’ladi. Velosiped va suzish ham tavsiya etiladi. Biroq, yugurish tomirlarning holatiga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin.
Xalq tabobati
Muhim! Varikozni uy sharoitida davolash uchun xalq tabobati vositalarini ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur!
Kasallikni o’simliklar bilan davolashning bir nechta foydali tomonlari:
- Fitoterapiya kasallik sabablarini bartaraf qiladi;
- O’simliklar minimal miqdordagi qarshi ko’rsatmalar, nojo’ya ta’sirga ega;
- O’tlar kasallikni davolashidan tashqari, to’qimalarni vitaminlar va boshqa oziq moddalar bilan boyitadi;
- Narxlari hamyonbop.
Patli kalanxoe. Kalanxoe barglari yaxshilab yuvilib, bir litrli bankaga solinadi (barglari yarim banka bo’lishi kerak). 70% spirt bilan to’ldirilib, qorong’i joyda 14 kun davomida saqlanadi. Qo’llashdan oldin yaxshilab chayqatiladi. Har kuni yotishdan oldin oyoqlarga surtiladi. Og’riq dastlabki qo’llashdan keyinoq kamayadi. Varikoz oxirgi bosqichlarda bo’lsa, davolanish 4 oy davom etadi.
«Antonovka» olmasi. 1 litr qaynayotgan suvga 3 ta olma solib, qopqog’i yopiladi va 4 soat davomida issiq joyga qo’yiladi. So’ng olmani olib tashlamasdan, ular eziladi, aralashtiriladi va tindiriladi. 1 osh qoshiq asal qo’shgan holda 50 grammdan ertalab nonushtadan va kechqurun yotishdan oldin ichiladi. Bundan tashqari, ushbu vosita qonni tozalaydi, uyqu va ishtahani yaxshilaydi.
Kartoshka. 5 ta kartoshka po’stidan tozalanadi va qirg’ichdan o’tkaziladi. Olingan bo’tqa oyoqlarga surtiladi. 4 soatdan keyin og’riq butunlay o’tib ketadi. Shundan so’ng vosita iliq suv bilan yuvib tashlanadi.
Yog’ bilan sarimsoq. Bir qism ezilgan sarimsoq ikki qism sariyog’ bilan aralashtiriladi. Uxlashdan oldin aralashma bo’rtib turgan venalarga surtiladi va ustidan qog’oz yopib, bint yoki ro’mol bilan o’rab qo’yiladi. Ertalab vosita yuvib tashlanadi va oyoqlra iliq va yumshoq narsalar kiyiladi.
Asoratlari
Kasallikning o’zi emas, balki uning fonida rivojlanadigan tromboflebit xavfli sanaladi. U tromblar shakllanishiga olib kelishi, ular o’z navbatida vena bo’shlig’ini to’sib qo’yishi yoki uzilib ketib, pastki g’ovak vena bo’ylab o’pkaga tushishi mumkin. Ikkinchi holatda o’pka arteriyasi tromboemboliyasi kuzatilib, og’ir asoratlarga, ba’zan esa o’limga olib kelishi mumkin. Ushbu holatni oldini olish uchun bir qator terapevtik chora-tadbirlar mavjud.
O’pka arteriyasi tromboemboliyasi alomatlrai kuzatilganda darhol tez yordamga murojaat qilish kerak. Klinik belgilar quyidagicha ko’rinish olishi mumkin:
- Ko‘krak sohasida tez, bosuvchi og‘riq;
- Kollaps holatiga tushish;
- Og‘iz-burun uchburchagida sianoz (ko’karish);
- Nafas olishda xirillash.
Agar kasallikda isitma yoki zaiflik kabi belgilar kuzatiladigan bo’lsa, bu kasallikning asoratlaridan dalolat beradi. Varikozning asoratlari quyidagicha namoyon bo’lishi mumkin:
- Ekzema;
- Teri yaralari;
- Yuzaki jarohatlarda ham kuchli venoz qon ketish;
- Tromboflebit;
- Trofik yara;
- Flebotromboz;
- Tugunlardan qon ketishi.
Varikozni oldini olish
Kasallikni davolashdan ko’ra oldini olgan osonroq. Venalarning varikoz kengayishiga to’sqinlik qila oladigan ba’zi bir hayotiy qoidalar:
- Kasb o’troq bo’lsa, vaqti-vaqti bilan tanaffus qilish, ko’proq piyoda yurish. Ish joyida maxsus gimnastika qilish mumkin;
- Kasb ko’proq tik turishni talab qilsa, aksincha, dam olish uchun vaqt ajratish;
- O’tirganda bir oyoqni ikkinchisi ustiga chiqarib o’tirish odatini tashlash;
- Tor va qisib turuvchi kiyimlar kiymaslik (masalan tor jinsi, umuman ayollarga tor kiyimlar kiyish qat’iy taqiqlanadi, bu holatda urogenital tizim sohasida qon aylanishi buziladi);
- Doimiy ravishda baland va ingichka poshnali poyafzal kiymaslik (bunday poyafzal bayram kunlarida kiyiladi);
- Agar ich qotishi kuzatilsa, uni shundayligicha qoldirmaslik. Qabziyat kichik chanoqda qon aylanishi bosimini oshiradi;
- Velosiped haydab turish, ko’proq suzishga harakat qilish;
- Dam olish chog’ida vaqti-vaqti bilan oyoqlarni yuqori qilib ushlash (yurakdan 15-20 sm balandroq);
- Muntazam ravishda mashqlar bajarishga harakat qilish, tana vaznini me’yorda ushlash;
- Zararli oziq-ovqat va shirinliklar iste’molini kamaytirish, ko’proq meva va sabzavotlar iste’mol qilish;
- Yomon odatlardan voz kechish (masalan chekish va alkogolli ichimliklar ichish);
- Kontrastli dush qabul qilish;
- Suvsizlanishni oldini olish uchun juniga kamida 2 litr suv ichish;
- Quyoshda toblanishni me’yordan oshirib yubormaslik.