13:05 / 21.07.2022

Homiladorlikda qon bosimi: me’yor darajasi, oshish va pasayish sabablari

Homiladorlik bilan bog’liq o’zgarishlar butun organzimga ta’sir qiladi. Yurak-tomir tizimi ham bundan mustasno emas. Bu vaqtda qon bosimi bilan nima sodir bo’ladi va uni qanday nazorat qilish kerak.Homiladorlik paytida, homila tufayli ona organizmiga, xusu

Homiladorlikda qon bosimi: me’yor darajasi, oshish va pasayish sabablari

Homiladorlik bilan bog’liq o’zgarishlar butun organzimga ta’sir qiladi. Yurak-tomir tizimi ham bundan mustasno emas. Bu vaqtda qon bosimi bilan nima sodir bo’ladi va uni qanday nazorat qilish kerak, quyida batafsil.

Homiladorlik paytida, homila tufayli ona organizmiga, xususan yurak-tomir tizimiga yangi talablar qo’yiladi: ayolning tana vazni o’zgarishi, bachadon va yo’ldoshning o’sishi, homilaning kattalashishi sodir bo’ladi, qo’shimcha uteroplatsentar qon aylanish doirasi qo’shiladi.

Bu davrda qon tomirlarga ko’plab omillar o’z ta’sirini o’tkazadi, jumladan:

  • Markaziy asab tizimining tonusi va gormonal fon o’zgarishlari;
  • Qon aylanishi hajmining ko’payishi;
  • Diafragma balandligining oshishi;
  • Qorin bo’shlig’idagi bosimning oshishi.

Bundan tashqari, yurakning ko’krak qafasidagi joylashuvi biroz o’zgaradi va uning qisqarishlar soni oshadi. Organizmning barcha sa’y-harakatlari rivojlanayotgan homilani oziq moddalar va kislorod bilan ta’minlash uchun bachadon va yo’ldoshda qon aylanishini yaxshilashga qaratilgan. Shu sababli qon bosimidagi o’zgarishlar hayratlanarli holat emas.

Birinchi trimestr

Garchi ushbu davr yurak-qon tomir tizimida sezilarli o’zgarishlarsiz o’tadigan bo’lsa ham, progesteron va estrogen gormonlari homiladorlikning dastlabki haftalaridan boshlab tomirlarning kengayishiga hissa qo’shadi. Natijada, qon bosimi pasayadi.

Ikkinchi trimestr

Ushbu davr arterial qon bosimining maksimal pasayishi, periferik qon tomir qarshiligining kamayishi, qon aylanishining uteroplatsental doirasi shakllanishi bilan birga kechadi. Bu vaqtda qon bosimi pastligi tabiiy holat sanalib, odatda hech qanday noqulaylik tug’dirmaydi.

Uchinchi trimestr

30-haftaga kelib, organizmda aylanib yuradigan qon hajmi maksimal darajaga yetadi va arterial bosim asta-sekin ko’tariladi, aksariyat hollarda normal darajadan oshmaydi. Keyinchalik aylanma qon hajmining ortishi to’xtaydi, bachadonning pastki qismi biroz tushadi, diafragmaning balandligi pasayadi va homilador ona yengillik his etadi. Qon bosimi me’yorlashadi va homiladorlikdan oldingi ko’rsatkichlarga qaytadi.

Qon bosimi o’zgarsa nima qilish kerak

Yurak-tomir tizimi tug’ruq jarayonini ta’minlash, ona-yo’ldosh-homila tizimida qon aylanishini yaxshilash, ona va homila ushbu davrni yengib o’tishi uchun barcha zaxiralarini safarbar etadi.

Agar bo’lajak ona gipotonik (qon bosimi past yuradigan) bo’lsa, I-II trimestrda qon bosimining yanada past ko’rsatkichlarga tushishini taxmin qilish mumkin. Holsizlik va uyquchanlik barcha homilador ayollarga xos bo’lsa-da, gipotonik ayollarda bu alomatlar aniqroq namoyon bo’ladi.

Nima qilish kerak? Shifokor tomonidan belgilangan suyuqlik ichish tartibiga rioya qilish, kuniga kamida 8 soat uxlash. Bunda uyquga 22:00 dan kechikmasdan ketishga harakat qilish tavsiya etiladi, chunki shu vaqtdan boshlab organizmni stressdan himoya qiladigan va metabolizmni normallashtiradigan gormonlar ishlab chiqarila boshlaydi.

Bundan tashqari, me’yorida ovqatlanish, toza havoda sayr qilish, homilador ayollar uchun mo’ljallangan mashqlar bajarish lozim. Ko’k yoki qora choy tetiklashishga yordam beradi. Agar arterial bosimning pastligi ona holatiga salbiy ta’sir o’tkazmasa, qo’shimcha dori vositalari qabul qilishning hojati yo’q. Ammo har holda, onalar bu davr davomida shifokor nazoratida bo’lishlari lozim.

Agar homilador ona gipertonik (qon bosimi yuqori yuradigan) bo’lsa, bu kasallik homiladorlikka va homilaning rivojlanishiga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Gipertoniya bolaning ona qorinida rivojlanishining sekinlashishiga, tug’ruq vaqtidagi asoratlarga yoki homila yetarlicha kislorod va oziq moddalari olmasligi sababli vazni kam bo’lib tug’ilishiga olib kelishi mumkin.

Nima qilish kerak? Dastlab stressni oldini olish, osh tuzi iste’molini cheklash kerak — u tana suyuqlik ushlanib turishiga sabab bo’ladi va qon tomirlari tonusini oshiradi. Shuningdek, taomnomadan achchiq ovqatlar, achchiq choy va qahvani chiqarib tashlash tavsiya etiladi [manba].

Umuman olganda, qon bosimi baland bo’lsa har kuni dori-darmonlar qabul qilib borish talab qilinadi. Biroq bunday dori vositalarining aksariyati homiladorlik davrida qarshi ko’rsatmaga egaligi sababli, nafaqat homiladorlikning boshlanishi bilan, balki uni rejalashtirish bosqichida ham shifokor bilan preparatlarni bo’lajak bolaga zarar yetkamzaydigan turiga almashtirish imkoniyatini muhokama qilish kerak.

Xulosa

Homiladorlik paytida ona va homila uchun xavfli holat — preeklampsiya yoki kech gestoz rivojlanishi mumkin. Uning belgilariga qon bosimi oshishi, shishlarning ko’pligi, peshob tarkibida oqsil bo’lishi kiradi.

Preeklampsiya alohida kasallik bo’lishi yoki ilgari mavjud bo’lgan gipertoniya fonida rivojlanishi mumkin. Shu sababli, bosimning oshishi bilan bog’liq har qanday alomatlar — bosh og’rig’i, bosh aylanishi, ko’zlar oldida sarob naqshlar paydo bo’lishi, ko’rish qorong’ulashishi, quloqda shovqin paydo bo’lishida shifokorga murojaat qilish zarur.