Ayol, bachadon kichikligidan ginekologik ko’rik yoki UT tekshiruvdan so’ng xabar topadi. Ba’zi ayollar esa birinchi marta ushbu tashxis bilan faqat homiladorlik paytida tanishishadi. Ayrim hollarda bachadonning o’lchami me’yordan biroz kichik bo’ladi, ammo bir qator hollarda bu o’ziga xos xulosa bo’lishi ham mumkin: gipoplaziya, aplaziya, infantilizm. Shifokor bemorni uning homilador bo’lishi va farzand ko’tarishi dargumon deya qo’rquvga solib qo’yishi mumkin.
Shu bilan birga, ushbu patologiyaga ega bo’lgan ko’plab ayollar muvaffaqqiyat bilan farzand dunyoga keltirishadi. Bu holatda adekvat gormonal terapiya muhim rol o’ynaydi. Bunday xulosa sub’yektiv bahoni ham, farzandli bo’la olmaslikka olib keladigan patologiyani ham ko’rsatishi mumkin.
Bachadon kichikligi sabablari
Ginekologiyada ushbu a’zoning me’yoriy o’lchami:
- uzunligi 7-8 sm
- eni 4-5 sm
- miyometriyning qalinligi 2-3 sm
- bachadon bo’ynining uzunligi 2,5 sm.
Bu shifokorlar standart sifatida qabul qilingan o’rtacha ko’rsatkichlar. Biroq, ayollarda normal faoliyat ko’rsatayotgan ushbu a’zo boshqa o’lchamda bo’lishi ham mumkin.
Bachadon kichik, o’rtacha va katta bo’lishi, ammo tuzilish va faoliyatida patologiyalar kuzatilmasligi mumkin. Kichik o’lchamlar odatda nozik va ozg’in ayollarda aniqlanadi. Bu tananing tuzilishi, komplektatsiya va fiziologiyaga bog’liq.
Agar bu a’zo asosiy funktsiyasi — farzand ko’tarishni bajara olmasa, qanday qilib homilador bo’lish mumkin?
Agar kompleks tekshiruvlar homiladorlikka to’sqinlik qiladigan jiddiy buzilish mavjudligini aniqlasa, quyidagi tashxis qo’yiladi:
- Gipoplaziya — a’zo o’lchamlarining yetarlicha rivojlanmaganligi. Ushbu holat boshqa jinsiy a’zolarning yaxshi rivojlanmaganligi, gormonal muvozanatning buzilishi bilan birga kechadi;
- Aplaziya — yetuk yoshdagi ayolning bachadoni yangi tug’ilgan qizchaniki kabi bo’lishi (3 sm dan oshmaydi);
- Infantilizm — a’zoning o’lchami 5,5 sm dan oshmaydi.
Patologik jihatdan kichik a’zoga qo’shimcha ravishda, odatda boshqa buzilish belgilari ham aniqlanadi: nomuntazam hayz davrlari yoki hayzning umuman bo’lmasligi, bo’lganda ham juda og’riqli bo’lishi, libidoning zaifligi, homilador bo’lish yoki farzand dunyoga keltirish bilan bog’liq qiyinchiliklar.
Reproduktiv tizimning shakllanishidagi buzilishlar yoki prenatal davrda, yoki jinsiy yetilish davrida sodir bo’ladi. Agar ayol homiladorlik paytida infektsion kasalliklarga duchor bo’lgan bo’lsa, gormonal muvozanat, vitamin yetishmasligi yoki boshqa salbiy omillarga duch kelgan bo’lsa, uning homilasida rivojlanish anomaliyalari, jumladan, jinsiy tizimning anomaliyalari rivojlanishi mumkin.
O’smirlarda esa patologiya turli kasalliklar fonida (yuqumli-virusli, urogenital tizim), kam yoki sifatsiz ovqatlanish, vitamin yetishmasligi, jismoniy holsizlanish, og’ir mehnat yoki stress bilan bog’liq bo’lishi mumkin.
Agar bachadonnning kichikligi organizmning fiziologik xususiyati bo’lmasa, bu holatga boshqa buzilishlar hamrohlik qiladi, ular birgalikda farzandli bo’lishni imkonsiz qiladi. Agar bir vaqtning o’zida gormonal muvozanatsizlik, naylar yoki bachadon bo’yni tuzilishining patologiyasi mavjud bo’lsa, homilador bo’lish muammoli masalaga aylanadi.
Bachadon kichik bo’lsa qanday qilib homilador bo’lish mumkin
Agar patologiya bilan bir qatorda reproduktiv tizimning boshqa kasalliklari ham aniqlansa, homiladorlikni maxsus tarzda rejalashtirishga tayyorgarlik ko’rish kerak. Ko’pincha bunday tayyorgarlik radikal choralarni o’z ichiga olmaydi.
Qon aylanishini yaxshilash, bachadon epiteliyasining o’sishiga yordam berish uchun ginekologik massaj va bir qator fizioterapiya usullari tayinlanishi mumkin. Ammo eng ko’pincha gormonal terapiya qo’llaniladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu chora-tadbirlar juda samarali bo’lib, ko’pchilik ayollar oral kontratseptivlarni bekor qilgandan keyin birinchi va keyingi yaqin davrda homilador bo’lishi mumkin.
Boshqa muolajalar bilan birgalikda gormonal terapiya reproduktiv a’zoning o’lchamini kattalashtirishga yordam beradi. Ammo, masalan, gipoplaziyada keng ko’lamli tekshiruvlarni o’tkazish joiz, chunki bu kasallikka ko’pincha boshqa patologiyalar hamrohlik qiladi, bu o’z navbatida gormonal vositalarni qo’llashga qarshi ko’rsatma sanaladi.
Vitaminli terapiyadan keyin ham urug’lantirish muvaffaqqiyatli o’tishi mumkin. Buning uchun vitaminlar va minerallar majmuasini qabul qilish, taomnomani muvozanatlash, kun tartibini o’zgartirish kerak.
Bachadon kichikligi tashxisi qo’yilsa nima qilish kerak
Yuqorida aytib o’tilganidek, bu a’zoning rivojlanishiga gormonlar ta’sir qiladi. Bundan tashqari, muntazam jinsiy hayotda bo’lish ham uning o’sishiga turtki bo’lishi mumkin. Gipoplaziyaning asosiy sababi gormonal muvozanatning buzilishi, demak davolash gormonal fonni tuzatish bilan bog’liq bo’ladi. Ushbu usul bilan bachadon kichikligini davolash odatda uzoq vaqt talab etadi.
Turli fizioterapevtik muoalajalar kichik chanoq a’zolarida qon aylanishini takomillashtirishga qaratilgan.
Xalqona usullarga kelganda, uy sharoitida qilinadigan eng ommabop muolaja — gildan iborat kompresslar. Gilni dorixonada sotib olish mumkin. U suv bilan qaymoqdek quyuq massa hosil bo’lguncha aralashtiriladi va qorinning pastki qismiga bir qavat qilib surtiladi. Ustidan sellofan qo’yiladi.
Bunday turdagi kompresslar taxminan 2 soat davomida ushlab turiladi, so’ng oqar suvda yuvib tashlanadi. Har safar yangi loydan foydalangan holda, muolaja har kuni amalga oshirilishi kerak. An’anaviy davolash usullari shifokor tomonidan tavsiya etilgan asosiy davolashga qo’shimcha bo’lmog’i lozim.
Homiladorlik davrida bachadon kichkina bo’lsa
Tashxis qo’yilgandan keyin uni tasdiqlash uchun ultratovushli tekshiruv o’tkazish kerak. Shunisi e’tiborga molikki, kichik bachadon va homiladorlik odatda bir-biriga mos kelmaydigan holatlar emas. Bundan tashqari, ko’pgina ayollar bunday holat haqida homiladorlik davridagina bilib olishadi.
Odatda, muddati oshgani sayin, homila bilan birga bachadon ham kattalashib boradi. Bu jarayon ayol organizmida faol ishlab chiqarilgan gormonlar tomonidan osonlashtiriladi. Shu bilan birga, qo’shimcha ravishda maxsus gormonal preparatlarni qabul qilish kerakligi ehtimoldan holi emas.
Homiladorlik davrida qiyinchiliklar keltirib chiqaradigan asosiy sabablar gormon tanqisligi, yupqa miometriy, bachadon bo’ynining qisqaligi va reproduktiv tizimning boshqa kasalliklari hisoblanadi. Buning oqibatida homila tushishi, muddatidan oldin tug’ruq, tug’ruq jarayoning zaif kechishi, bo’yinning qiyin ochilishi kuzatiladi. Zamonaviy tibbiyot usullari salbiy xatarlarni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi.
Tug’ruqdan keyin a’zo avvalgi o’lchamlariga qaytadi, patologiya esa izsiz yo’qolishi mumkin. Bundan tashqari, reproduktiv organlarning rivojlanishidagi boshqa buzilishlar, masalan, naylarning egriligi yo’qolishi uchrab turadi.
Haqiqiy qiyinchiliklar juda kichik va kam rivojlangan bachadon bo’lganda yuzaga keladi. Aplaziya bilan tabbiy homiladorlikka erishish deyarli imkonsiz bo’ladi. Ammo hatto bunday hollarda ham reproduktiv texnologiyalar ayolga ona bo’lishga yordam berishga qodir.
Homiladorlikning ijobiy kechishi
Xavfsiz homiladorlik bir necha parametrlar bilan baholanadi: amniotik suyuqlik miqdori, homila o’lchami, uning joylashuvi (yotishi), homilalar soni va boshqalar. Bachadon tubi balandligi (aynan shu parametr homiladorlik davrida hisobga olinadi) har bir alohida holatda sezilarli farq qilishi mumkin, masalan chanog’i katta bo’lgan ayollarda bu ko’rsatkich me’yordan kamroq, chanog’i tor ayollarda esa ko’proq bo’ladi.
Agar homiladorlik davrida bachadon kichikligi tashxisi qo’yilsa, vahima qilmaslik kerak. Uning xususiyatlarini aniqlash uchun UT tekshiruv o’tkaziladi. Zarur bo’lganda, kardiotokografiya va dopplerometriya belgilanadi.