KESARCHA KESISH — KO’RSATMALAR, KAMCHILIK VA AFZALLIKLARI, ASORATLARI, TAVSIYALAR
Kesarcha kesish (lot. sectio caesarea, sectio — «kesim» va caedo — «kesaman»), rus. kesarevo sechenie — sun’iy tug’ruqni amalga oshirish operatsiyasi bo’lib, bunda homila va yo’ldosh oldingi qorin devori va bachadon tanasi kesimidan chiqarib olinadi.
Kesarcha kesish (lot. sectio caesarea, sectio — «kesim» va caedo — «kesaman»), rus. kesarevo sechenie — sun’iy tug’ruqni amalga oshirish operatsiyasi bo’lib, bunda homila va yo’ldosh oldingi qorin devori va bachadon tanasi kesimidan chiqarib olinadi. Kesarcha kesish homila tirikligida, agar ayol o’zi mustaqil tug’a olmasa (tosning tor yoki deformatsiyalangan bo’lishi, qinning keskin chandiqli o’zgarishlari, yo’ldoshning ko’ndalang yotishi) amalga oshiriladi. Ko’p va o’tkir qon ketishida ona hayotini saqlab qolish uchun jonsiz yoki yashay olmaydigan homila mavjud bo’lsa ham amalga oshiriladi.
OPERATSIYA TARIXI
Bugungi kungacha saqlanib qolgan ma’lumotlarga ko’ra, kesarcha kesish eng qadimiy jarrohlik amaliyotlardan biri sanaladi. Qadimgi Yunoniston afsonalarida, Asklepiy va Dionis ushbu amaliyot yordamida o’lgan ona bachadonidan chiqarib olinganligi qayd qilingan. Rimda, miloddan avvalgi VII asr oxirida, marhum homilador ayolni qorin bo’shlig’idan bolasi chiqarib olinganidan keyingina ko’mish mumkinligi to’g’risidagi qonun kuchga kirgan. Keyinchalik bu manipulyatsiya boshqa mamlakatlarda ham amalga oshirila boshlandi, ammo faqat o’limga mahkum bo’lgan ayollarda. XVI asrda fransuz qirolining shifkori Amburaz Pare birinchi marta tirik ayollarda kesarcha kesish o’tkazishni boshladi. Ammo amaliyot har doim o’lim bilan tugar edi. Pare va uning izdoshlari xatosi, kesilgan bachadon uning qisqaruvchanligiga tayanligan holda tikilmas edi. Operatsiya faqat onaning hayotini saqlab qolib bo’lmaydigan hollarda bolani qutqarish uchun amalga oshirilar edi.
Faqat XIX asrga kelib operatsiya davomida bachadonni olib tashlash tavsiya etilgan, natijada o’lim hollari 20-25% gacha kamaygan. Besh yil o’tgach, bachadon uch qavatli maxsus chok bilan tikila boshlangan. Shunday qilib, kesarcha kesishning yangi bosqichi boshlandi. Endi jarrohlik amaliyoti nafaqat o’lim yoqsida turgan onalarda, balki ham onaning, ham homilaning hayotini saqlab qolish uchun o’tkazila boshlandi. XX asrning o’rtalariga kelib antibiotiklar davri boshlanishi bilan operatsiya natijalari yaxshilandi, o’lim hollari kamdan-kam kuzatiladigan holga aylandi. Bun ham ona, ham homila uchun kesarcha kesish o’tkazish ko’rsatmasi beriladigan hollar sonini kengaytirdi.
Tirik ayolda birinchi ishonchli jarrohlik amaliyoti 1610-yilda Vittenberglik jarroh I. Trautmann tomonidan o’tkazilgan. Bola tirik chiqarib olinga, ona esa 4 hafta o’tgach nobud bo’lgan (sababi operatsiya bilan bog’liq emas).
KESARCHA KESISH UCHUN KO’RSATMALAR
Kesarcha kesishga ko’rsatma absolyut va nisbiy bo’ladi. Ma’lum sabablarga ko’ra operatsiya o’tkazmasdan bo’lmaydigan va tabiiy tug’ruq hatto muhokama qilinmaydigan ko’rsatmalar absolyut sanaladi. Nisbiy ko’rsatmalarda ma’lum bir tanlov bo’lishi mumkin, bunga onaning o’z xohishiga ko’ra talab qilishi ham kiradi.
Operatsiyani o’tkazish esa o’z navbatida rejalashtirilgan va favqulodda bo’lishi mumkin.
REJALASHTIRILGAN KESARCHA KESISH
Rejalashtirilgan kesarcha kesish (KK) operatsiyasi — ko’rsatma tug’ruqqacha belgilanadigan amaliyotdir. Xuddi shu toifaga xohish bo’yicha kesarcha kesish ham kiradi. Rejali KK`da kesish gorizontal ravishda amalga oshiriladi. Ko’rsatmalarga:
- Ayol chanog’ining o’lchami va bolaning kattaligi mos kelmasligi;
- Yo’ldoshning ko’ndalang joylashuvi — yo’ldosh bachadon bo’yni ustida joylashgan bo’lib, chaqaloqning chiqish yo’lini to’sib qo’yadi.
- Tabiiy tug’ishga xalaqit beradigan mexanik to’siqlar, masalan, bachadon sohasida mioma;
- Bachadon yorilishi tahdidi (oldingi tug’ruqdan qolgan bachadon chandig’i);
- Homiladorlik bilan bog’liq bo’lmagan kasalliklar, bunda tabiiy tug’ruq onaning salomatligiga tahdid soladi (yurak-tomir tizimi, asab tizimi, buyrak kasalliklari, onkologik kasalliklar, anamnezda ichki to’r pardaning ajralishi mavjud bo’lsa);
- Tug’ruq davomida ona hayotiga tahdid soluvchi homiladorlik asoratlari (og’ir gestoz — eklampsiya);
- Homilaning ko’ndalang yoki tosli joylashuvi;
- Ko’p homilalik;
- Homiladorlikning oxirida genital gerpes (bolaning jinsiy yo’llar bilan aloqada bo’lishini oldini olish zarurati).
FAVQULODDA KESARCHA KESISH
Favqulodda kesarcha kesish deb tabiiy tug’ruq jarayonida murakkabliklar yuzaga kelganida amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotiga aytiladi. Favqulodda KK`da kesma odatda vertikal bo’ladi. Ehtimolli sabablari:
- Tug’ish faoliyatining zaifligi yoki uning to’liq to’xtashi;
- Normal joylashgan yo’ldoshning erta ajralishi (homilani kislorod bilan ta’minlanishi to’xtaydi va hayot uchun xavfli bo’lgan qon ketishi boshlanishi mumkin);
- Bachadon yorilishi xavfi paydo bo’lsa;
- O’tkir gipoksiya (bolaga kislorod yetishmasligi).
QARSHI KO’RSATMALAR
- Homilaning bachadon ichida nobud bo’lishi;
- Yashash uchun mos kelmaydigan homila rivojlanishi nuqsonlari.
KESARCHA KESISHDA ANESTEZIYA
Kesarcha kesish odatda (95% hollarda) mahalliy (epidural yoki spinal anesteziya yoki ularning kombinatsiyasida) og’riqsizlantirish ostida o’tkaziladi. Bunday holatda, faqat tananing pastki qismini og’riqsizlantiriladi, bola chiqarib olingach ona uni darhol qo’lga olishi va emizishi mumkin.
Favqulodda kesarcha kesish kerak bo’lganda, ba’zan umumiy anesteziya qilish kerak bo’ladi.
OPERATSIYADAN OLDIN
Operatsiyadan oldin qov sohasi tuklardan tozalanadi va siydik pufagini bo’shatish uchun kateter o’rnatiladi. Bo’sh siydik pufagi bachadonga bosim o’tkazmaydi va natijada bachadon tug’ruqdan keyingi davrda yaxshiroq qisqaradi. Shuningdek operatsiya davomida uning shikastlanishi ehtimoli kamayadi. Anesteziya o’tkazilganidan keyin ayol jarrohlik stoliga yotqiziladi va tananing yuqori qismi parda bilan to’siladi.
Jarroh qov ustida qorin old devorini gorizontal kesadi, favqulodda holatlarda bolani imkon qadar tezroq chiqarib olish uchun kindikdan qovgacha vertikal kesish amalga oshiriladi. Agar kesarcha kesish bilan tugagan oldingi homiladorlikdan qolgan chandiq bo’lsa, yana o’sha joy qayta kesiladi. So’ng jarroh mushaklarni ochadi, siydik pufagini yon tomonga suradi, bachadonni kesadi va homilalik pufagini ochadi. Shifokor chaqaloqni chiqarib oladi va kindikni kesadi, shundan keyin qo’llari bilan yo’ldoshni olib tashlaydi. Bachadon kesmasi tikiladi, qorin devori tiklanadi va teriga chok qo’yiladi. Jarrohlik amaliyoti umumiy 20-40 daqiqa davom etadi, bola operatsiyaning taxminan 10 daqiqasida ona qornidan chiqarib olinadi.
Agar qorin bo’shlig’ining mushak to’qimalariga drenaj qo’yilgan bo’lsa, u operatsiyadan 2-3 kun o’tgach olib tashlanadi, choklar 5-6 kundan keyin.
OPERATSIYADAN KEYIN
Operatsiyadan keyingi bir sutka davomida ayolning holati tunu-kun nazorat ostida bo’ladi. Bachadon qisqarishiga yordam berish va qonni to’xtatish uchun qoringa muz solingan xaltacha qo’yiladi, shuningdek og’riq qoldiruvchi, bachadon qisqarishiga va oshoqozon-ichak trakti faoliyatining tiklanishiga yordam beruvchi preparatlar belgilanadi. Ba’zan antibiotiklar tayinlanishi mumkin.
Hozirgi kunda, agar qon ketish davom etmasa, vena ichiga suyuqliklar quyish kerak emas va bu hatto zararli deb hisoblanadi, chunki ortiqcha suyuqlik ichak devori shishini chaqiradi. Og’riqsizlantirish yetarli bo’lganida maksimal erta faollashuv (operatsiyadan 4-6 soatgacha bo’lgan vaqtgacha), suyuqlik va oziq-ovqat iste’molining erta boshlanishi (Fast Track Recovery konsepsiyasi) operatsiyadan keyingi reabilitatsiya vaqtini qisqartirishi va asoratlarni bir necha marta kamaytirishi isbotlangan. Bachadonning qisqarishi va laktatsiya jarayonini rag’batlantirish uchun chaqaloqni erta ko’krakka qo’yish ayniqsa muhimdir.
Onaga oldindan operatsiyadan keyin taqish uchun mo’ljallangan bandaj sotib olish tavsiya etiladi, u dastlabki kunlarda yurish, yotish va o’rindan turishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan muammolarni ancha yengillashtiradi.
Taomnoma birinchi kun asosan suyuqliklardan iborat bo’ladi, ikkinchi kun suyuq ovqatlarga (bulyon, bo’tqalar va shu kabilar) ruxsat beriladi. Hammasi rejadagidek ketsa, uchunchi kun ona emizikli onalar uchun odatiy bo’lgan to’laqonli ratsionga o’tadi. Ko’pchilik onalar tug’ruqdan keyin qabziyatdan shikoyat qilganliklari bois, iloji bo’lsa yana bir necha kun qattiq ovqatlar iste’mol qilmaslik kerak. Muammo yuzaga kelib bo’lgan bo’lsa, shamchalar, xuqnalar qo’llash, taomnomaga ich yumshatuvchi mahsulotlar (qatiq, quritilgan mevalar va hokazo) kiritish mumkin.
Jinsiy hayotga kamida bir yarim oydan keyin qaytish tavsiya etiladi. Kontraseptsiya esdan chiqarilmaslik kerak. Mutaxassislar keyingi homiladorlikni ikki yil o’tgach rejalashtirishni tavsiya etadilar, bu nafaqat operatsiya bilan bog’liq, bunday muddat tabiiy tuqqan onalarga ham tavsiya etiladi. Bu vaqt ichida ona o’z kuchlarini tiklab oladi.
Ba’zi noto’g’ri fikrlar mavjudligiga qaramasdan, operatsiya o’tkazilganidan keyin ona keyinchalik tabiiy tug’ishi mumkin, faqat oldindan shifokor bilan maslahatlashib olish kerak.
KESARCHA KESISHNING AFZALLIKLARI VA KAMCHILIKLARI
AFZALLIKLARI
- Klinik jihatdan tor chanoqqa ega bo’lgan ayollarda nisbatan xavfsiz tug’ish;
- Tabiiy tug’ish onaning yoki bolaning sog’lig’iga / hayotiga tahdid soladigan hollarda kesarcha kesishning ziyoni mumkin bo’lgan asoratlar ziyonidan ancha past;
- Qin cho’zilmaydi, epiziotomiya tufayli oraliqqa choklar qo’yilmaydi, shuning uchun jinsiy hayot bilan bog’liq muammo yuzaga kelmaydi;
- Gemorroy va tos a’zolarining tushishidan qochish imkoni;
- Tug’ruq yo’llaridan o’tayotganda bolaning boshi deformatsiyalanishi ehtimoli bo’lmaydi.
KAMCHILIKLARI
- Onaning qorin bo’shlig’i infektsiyalanishi ehtimoli;
- Ayrim hollarda jiddiy, shu jumladan hayot uchun xavfli asoratlar ehtimoli tabiiy tug’ruqqa qaraganda taxminan 10 marta yuqori;
- Ayrim hollarda laktatsiya jarayonining boshlanishi qiyinligi;
- Kesarcha kesishdan qolgan bachadon chandig’i, sodir bo’lgan va keyingi tug’ish (agar rejalashtirilayotgan bo’lsa) o’rtasida uzoq muddatli tanaffusga ehtiyoj tug’diradi, chunki keyingi tug’ruqdagi to’lg’oqda bachadon mushak qatlamining qisqarishi shu daraja kuchli bo’ladiki, ba’zi holatlarda (statistik ma’lumotlarga ko’ra 1-2 foiz) chandiq bardosh bera olmaydi va ochilib ketadi. Ushbu muammoni hal qilish mumkin, buning uchun shifokor kesarcha kesish o’tkazilganidan keyin darhol bachadonning kesilgan joyi tezroq bitib ketishi uchun terapiyani boshlashi kerak. Ya’ni, keyingi homiladorlik uchun, sodir bo’lgan tug’ruqning dastlabki soatlaridan boshlab choralar ko’rish zarur bo’ladi.
- Tabiiy tug’ruq fiziologik jarayonining «tugallanmaganligi» sababli onada psixozlar rivojlanishi bilan bog’liq stresslar ehtimoli;
- Homila qiz bo’lganida onaning vaginal mikroflorasi bolaga o’tmasligi, bunday mikroflora qizlarda vulvovaginit rivojlanish ehtimoli kamaytiradi;
- Kesarcha kesish bilan tug’ilgan bolalarda astma, 2-toifa diabet kasalligi (1-toifa tug’ma patologiya bo’lgani uchun) rivojlanishi ehtimoli yuqori bo’ladi, ichak mikroflorasi farq qiladi. The Times of India xabariga ko’ra, sichqon misolida olimlarning olib borgan tadqiqotlari natijalari kesarcha kesish orqali tug’ilgan bola organizmining himoya funktsiyasi (immuniteti) pasayishini ko’rsatgan, chunki tug’ilish paytida ona organizmidagi ichak bakteriyalari bilan aloqa bo’lmaydi.
KESARCHA KESISH ASORATLARI VA OQIBATLARI
Eng keng tarqalgan asoratlardan biri — bitishmalar (spayka) hisoblanadi. Ichak qovuzloqlari yoki qorin bo’shlig’ining boshqa a’zolari bir-biri bilan birlashib ketadi. Davolash, ayolning individual xususiyatlariga bog’liq: bu oddiy fizioterapiya muolajalari bilan chegaralanish yoki jarrohlik aralashuvigacha borishi mumkin.
Endometrit — bachadonda yallig’lanish jarayonidir. Aynan uning oldini olish uchun operatsiyadan keyin darhol antibiotiklar buyuriladi.
Qon ketishi shuningdek kesarcha kesish asorati qatoriga kiradi va kamdan-kam hollarda bachadonni olib tashlash zaruratini tug’diradi.
Asoratlar, shuningdek, choklarning bitib ketishida ham yuzaga kelishi mumkin, ba’zan ular ochilib ketadi.
Anesteziyadan keyingi murakkabliklar. Operatsiyadan keyin og’riq qoldiruvchili kateter yana bir muddat belda qoldiriladi va u orqali og’riq qoldiruvchi preparatlar kiritib turiladi. Shu sababli, operatsiya tugagach, ayol bir yoki ikkala oyoqlarini sezmasligi, bir muddat yura olmasligi mumkin.
Ba’zan ayolni kushetkaga ko’chirib o’tkazishda uning oyoqlari qayrilib qolishi mumkin, og’riq qoldiruvchilar ta’siri ostida bo’lgan ayol buni sezmaydi va oyoq shu holatda qolib ketadi. Oyoqning uzoq muddat notabiiy holatda bo’lishi natijasida davomli pozitsion bosilish sindromi rivojlanadi. Boshqacha qilib aytganda, yumshoq to’qimalar uzoq vaqt qon ta’minotisiz qolib ketadi. Bosilish bartaraf etilgach esa shok, kuchli shish, oyoq harakat faoliyatining buzilish va ba’zan buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi mumkin, bularning barchasi bir necha oy davom etishi mumkin bo’lgan kuchli og’riq bilan kechadi.
Shu sababli, tug’ruqxona personalidan sizni kushetkaga to’g’ri olib o’tganliklarini tekshirishni so’rang. Yodda tuting, bunday oddiy xatolik fojiali yakun yasashi mumkin. Shu bilan birga, anesteziyga doimo bosh va bel og’rig’i hamrohlik qiladi.