09:25 / 28.07.2022

GANGRENA (QORASON) — NAM VA QURUQ TURI ALOMATLARI, DAVOLASH, OLDINI OLISH

Gangrena (qad. yun. γάγγραινα — «kemiruvchi yara», lot. necrosis, mortificatio, mumuficatio), qorason — bu tirik to’qimalarning (a’zolar yoki tana qismlarining) o’lishi yoxud nekrozi. Patologiya har qanday a’zo va to’qimalarga ta’sir qilishi mumkin: teri,

Nam gangrenada kuchli intoksikatsiya qayd etiladi, infektsion jarayonning tarqalishi kuzatiladi. Tashxis klinik tasvirga asoslanadi. Davolash — zararlangan hududni nekrektomiya, amputatsiya yoki ekzartikulyatsiya qilishdan iborat.

UMUMIY MA’LUMOT

Gangrena — tana yoki a’zo qismlarining o’lishi (nekrozi) hisoblanib, bunda zararlangan to’qimalarning rangi xarakterli ravishda o’zgaradi. Gemoglobin parchalanishi va temir sulfidi hosil bo’lishi tufayli to’qimalar qora, ko’kimtir yoki to’q jigarrangga tusga kiradi.

To’qimalar nekrozi qon ta’minotining to’xtashi, keskin yomonlashishi yoki hujayralarning buzilishi natijasida yuzaga keladi. Bu holda patologiya rivojlanishining sababchilari juda turlicha bo’lishi mumkin — mikroblar ta’siri, allergiya, haddan tashqari qizish yoki sovish natijasidagi shikastlanish.

SABABLARI

Gangrena to’qimalariga toksik, kimyoviy, mexanik, nurlanish, elektr, issiqlik va boshqa omillarning bevosita ta’sir qilishi natijasida rivojlanadi. Patologiyaning barcha sabablarini to’rtta katta guruhga bo’lish mumkin.

JISMONIY TA’SIRLAR

  • Mexanik kuch — yetarlicha katta ko’lamli jarohatlar (yorilish yoki muzlashlar), bunda ko’plab hujayralar yoki hatto butun a’zolar shikastlanishi qayd etiladi.
  • Harorat ta’siri — temperatura + 60 °C dan yuqori yoki — 15 °C dan pastroq ko’rsatkichga yetganda. Birinchi holatda kuyish, ikkinchisida — muzlash sababli.
  • Elektr toki urishi paytida patologiya paydo bo’lishi mexanizmi kuyishdagi kabi: elektr toki kirish joyida harorat yuqori darajalargacha ko’tariladi.

KIMYOVIY TA’SIR

  • Kislotalar hujayra oqsillarining koagulyatsiyasini keltirib chiqaradi va quruq gangrena rivojlanishiga sabab bo’ladi.
  • Ishqorlar ta’siri ostida yog’larni sovunlanishi va oqsillarning erishi natijasida kollikvatsion nekroz (to’qima erishi) rivojlanadi, bu o’z tabiatiga ko’ra nam gangrenaga o’xshaydi.

INFEKTSION OMIL

Odatda gangrena o’q otish yoki chuqur pichoq jarohatlari, shuningdek, to’qimalar ezilishi, muzlashi va boshqa shu kabi holatlarda rivojlanadi. Ammo, oziqlanish buzilishi sababli, qandli diabet bilan og’rigan bemorlarda kichik yaralar yoki hatto lat yeyish oqibatida ham rivojlanishi mumkin.

Enterobakteriyalar, ichak tayoqchasi, streptokokklar, protea va klostridiyalar ham patologiyaga sabab bo’lishi mumkin. Ikkinchi holatda gazli gangrena rivojlanishi xarakterlidir.

QON AYLANISHINING BUZILISHI

Qorasonning eng ko’p uchraydigan sabablaridan biri. Qon ta’minoti buzilishi jiddiy yurak anomaliyalari (dekompensatsiya), qon tomirlarining tiqilib qolishi yoki aterosklerozda uzoq muddatli spazm, emboliya, qon tomir sklerozi, endarteriit yoki shoxkuya bilan zaharlanishda rivojlanishi mumkin.

Ko’pincha qon aylanishining buzilishi qon tomirning jarohatlanishi yoki mexanik ezilib qolishi sababli sodir bo’ladi. Masalan, churra qisilishi holatida ichak gangrenasi rivojlanishi, gipsli bog’lam haddan tashqari qattiq o’ralsa yoki jgut qo’llash uzoq muddat davom etsa — oyoq-qo’l nekrozi kuzatiladi. Ushbu guruhga to’qimalarning yaxlitligi saqlangan holda katta tomirlarga shikast yetishi holatlari ham kiradi.

Patologiya rivojlanishi ehtimoli va kechish xususiyatlariga ta’sir qiluvchi bir qator omillar mavjud. Charchoq, intoksikatsiya, vitamin yetishmovchiligi, o’tkir yoki surunkali infektsion kasalliklar, anemiya, gipotermiya, qon tarkibi va modda almashinuvi buzilishlari bilan kechadigan kasalliklar tufayli organizmning umumiy holati buzilishlarida gangrenaning tezkor va qisqa vaqt ichida kechishi kuzatiladi.

Patologiya rivojlanishiga ta’sir qiluvchi mahalliy xususiyatlar qatoriga quyidagilar kiritiladi:

  • Qon tomirlari devorlarining holati — skleroz yoki endarteriit tufayli yuzaga keladigan o’zgarishlar;
  • Qon tomir tizimining tuzilishi — tarqoq, ko’p sonli anastomoz va kollaterallar mavjudligi bilan, bunda gangrenaning rivojlanishi ehtimolligi kamayadi. Ikkinchi turi magistral tuzilishga ega bo’lgan, bunda patologiya faqat bitta tomir shikastlanishi oqibatida ham rivojlanishi mumkin;
  • To’qimalar differentsiatsiyasi darajasi — yuqori differentsiatsiyalangan to’qimalar, masalan, miya yoki o’pka, past differentsiatsiyalangan to’qimalar, masalan yog’ to’qimalariga qaraganda ko’proq zarar ko’radi.

To’qimalarning infektsiyalanishi jarayonni kuchaytiradi, gangrenaning quruq shakldan nam shaklga o’tishiga yordam beradi va nekrozning tez tarqalishiga olib keladi. Haddan tashqari sovutish tomirlar spazmini keltirib chiqaradi, bu qon aylanishining buzilishini yanada kuchaytiradi va nekrotik o’zgarishlarning tarqalishiga hissa qo’shadi. Haddan tashqari isitish to’qimalarda metabolizmni rag’batlantiradi, bu esa qon bilan ta’minlanmagan sharoitda qorason rivojlanishini tezlashtiradi.

TASNIFLASH

O’lik to’qimalar konsistentsiyasi va klinik jarayonning xususiyatlarini hisobga olgan holda gangrena quruq va nam turga ajratiladi. Nam gangrena og’irroq kechadigan shakl bo’lib, bemorning hayotiga bevosita xavf tug’diradi.

Etiologik omillarni hisobga olganda, qorason infektsion, toksik, allergik, ishemik kabi turlarga bo’linadi.

ALOMATLARI

QURUQ GANGRENA

Qoida tariqasida, quruq gangrena qon ta’minoti asta-sekin buzilgan hollarda rivojlanadi. Ko’pincha suvsizlangan, holdan toygan, shuningdek, «quruq» tana tuzilishiga ega bo’lgan bemorlarda uchraydi. Odatda cheklangan bo’lib, keyingi rivojlanishga moyil emas. Ushbu turdagi qorason burmalanadi, quriydi, hajmi bo’yicha kichrayadi, ixchamlashadi, mumiyolashadi, ko’kimtir-qora yoki jigarrang tusga kiradi.

Gangrenaning dastlabki bosqichlarida bemor oyoq-qo’llarida kuchli og’riqlar sezadi. Ta’sirlangan sohada teri avval oqarib, keyin marmar kabi, sovuq bo’lib qoladi. Periferik arteriyalarda puls aniqlanmaydi. Oyoq-qo’llar uvishib, sezgirligi buziladi, ammo og’riq nekrotik o’zgarishlar davrida ham davom etadi.

Quruq gangrena oyoq-qo’lning distal (markazdan uzoq) qismlarida boshlanadi, so’ng yuqoriga, qon aylanishi normal bo’lgan qismlariga tarqaladi. Ta’sirlangan va sog’lom to’qimalar chegarasida demarkatsion bolish (torus demarcationis) hosil bo’ladi. Agar nekrotik qism jarrohlik yo’li bilan olib tashlanmasa, u asta-sekin o’z-o’zidan rad qilinadi, ammo bu jarayon uzoq vaqt talab etadi.

Quruq gangrenani dastlabki bosqichlarda nisbatan xavfli va og’ir bo’lgan nam shaklga o’tishini oldini olish juda muhimdir. Shuning uchun, to’qimalar qurishidan oldin aseptik qoidalarga qat’iy rioya qilishni ta’minlash kerak. Ta’sirlangan sohalar quruq steril salfetkalar bilan qoplanadi, bog’lamlar muntazam ravishda almashtirib turiladi.

Patologiyaning quruq shaklida nekrotik to’qimalarning parchalanishi deyarli ifodalanmaydi. Toksinlarning oz miqdorda so’rilishi, intoksikatsiyaning yo’qligi va bemorning umumiy ahvoli qoniqarli bo’lishi erta jarrohlikni amalga oshirmaslik imkonini beradi. Patologiyaning ushbu shaklida jarrohlik aralashuvi odatda demarkatsiya bolishi to’liq shakllanganidan keyin o’tkaziladi.

NAM GANGRENA

Nam gangrena odatda shikastlangan sohada qon ta’minotining to’satdan, o’tkir buzilishida rivojlanadi. Patologiyaning ushbu shakliga to’lacha, semiz, pastoz (yengil shish kuzatiladigan) bemorlar ko’proq moyil bo’ladi. Bundan tashqari, patologiyaning bu turi ichki a’zolar nekrozida (o’pka, ichak, o’t pufagi) ham yuzaga keladi.

Nam gangrenada nekrozlangan to’qimalar qurib qolmaydi. Buning o’rniga chirish o’chog’i hosil bo’ladi. Ushbu o’choqdagi to’qimalar parchalanishidan hosil bo’lgan moddalar organizmga so’rilib, kuchli intoksikatsiyani keltirib chiqaradi va bemorning umumiy holatini jiddiy ravishda yomonlashtiradi. O’lik to’qimalarda intensiv ravishda mikroorganizmlar ko’paya boshlaydi.

Rivojlanishning dastlabki bosqichlarida zararlangan sohadagi terining rangi oqarib, sovuq bo’lib qoladi, keyin marmar rangga kiradi. Sezilarli shish paydo bo’ladi. Terida to’q qizil dog’lar va ko’chgan epidermis pufakchalari paydo bo’ladi, ularni ochishda qon aralash sarg’ish suyuqlik ajralib chiqadi. Ko’rik vaqtida ko’kimtir venoz to’r aniq ko’rinadi. Periferik arteriyalarda puls yo’qoladi. Keyinchalik ta’sirlangan hudud qorayadi va parchalana boshlab, noxush hidli kulrang-yashil massa hosil qiladi.

Nam gangrena qayd qilingan bemorning ahvoli keskin yomonlashadi. Kuchli og’riqlar, qon bosimining pasayishi, pulsning tezlashishi, haroratning sezilarli darajada oshishi, letargiya, holsizlik, og’iz qurishi qayd etiladi.

To’qimalarning parchalanish mahsulotlari so’rilishi tufayli umumiy holatning yomonlashishi va intoksikatsiya sababli organizmning infektsiyaga qarshi chidamlilik qobiliyati keskin pasayadi. Patologik jarayon tez tarqalib, yuqori turuvchi to’qimalarni qamrab oladi. O’z vaqtida ixtisoslashgan yordam ko’rsatilmasa, natijada sepsis rivojlanadi va o’lim sodir bo’ladi.

Qandli diabet bilan og’rigan bemorlarda gangrenaning ayniqsa og’ir kechishi kuzatiladi. Bu mikrosirkulyatsiyaning yomonlashishi, metabolik kasalliklar va organizmning umumiy qarshiligi pasayishi bilan bog’liq.

Nam gangrenada infektsiya tarqalishini oldini olish uchun zararlangan to’qimalarni olib tashlash (amputatsiya yoki nekrektomiya) eng erta vaqtda amalga oshiriladi.

ICHKI A’ZOLAR GANGRENASI

Ichki a’zolar gangrenasining klinik belgilari patologik jarayonning joylashuviga bog’liq.

Qorin bo’shlig’i a’zolari nekrozi natijasida yuzaga kelgan holatlarda peritonit belgilari kuzatiladi: isitma, qorin bo’shlig’ida kuchli og’riq, ko’ngil aynishi va yengillik bermaydigan qayt qilish. Tekshiruvda bosib ko’rish vaqtida o’tkir og’riqlar aniqlanadi. Qorin old devorining mushaklari taranglashadi. Maxsus alomatlar aniqlanadi (Shyotkin-Blumberg, Voskresensky, Mendel). Xarakterli simptom soxta yengillik belgisi — perforatsiya vaqtida o’tkir og’riq sezilib, keyin pasayadi va 1-2 soatdan keyin yana kuchayadi.

O’pka gangrenasida yuqori harorat, kuchli terlash, charchoq, puls sonining ortishi va qon bosimi pasayishi qayd etiladi. O’pkada ko’plab nam xirillashlar eshitiladi. Bemorning ahvoli og’ir bo’ladi va tezda yomonlashadi. Yo’talganda badbo’y balg’am ajraladi, u tindirilganda uch qismga bo’linadi:

  • Pastki qism — qalin ushoqsimon massa (buzilgan o’pka to’qimalari);
  • O’rta qism — qon va yiring aralashgan jigarrang suyuqlik;
  • Yuqori qism — ko’pik.

GANGRENANI DAVOLASH

Davolash kasalxonada o’tkaziladi va umumiy va mahalliy tadbirlarni o’z ichiga oladi. Kimyoviy va mexanik omillar (oyoq-qo’llarni ezilishi, kuyish, muzlash va boshqalar) ta’siri natijasida kelib chiqqan gangrenada bemor ortoped-travmatologlarga yuboriladi.

Patologiyaning boshqa turlarini qaysi shifokor davolashi uning qaysi sohada joylashuviga bog’liq:

  • Qorin bo’shligi a’zolari (me’da osti bezi, appendiks, o’t pufagi, ichak), shuningdek qandli diabetda oyoq-qo’llar gangrenasini davolashda — jarrohlar (umumiy jarrohlik bo’limi);
  • O’pka gangrenasini davolash — torakal jarrohlar;
  • Qon tomirlari patologiyasi tufayli rivojlangan bo’lsa, qon tomir jarrohlari.

Bemorga yotoq tartibiga amal qilish buyuriladi. Qon aylanishini rag’batlantirish va to’qimalarning oziqlanishini yaxshilash uchun choralar ko’riladi. Ko’rsatmaga binoan kollateral tomirlarning refleks spazmini bartaraf etish uchun novokainli blokadalar o’tkaziladi.

Yurak-tomir tizimining faoliyatini yaxshilash, infektsiya va intoksikatsiyaga qarshi kurashish uchun umumiy terapevtik choralar ko’riladi. Tomir ichiga eritmalar, plazma va qon o’rnini bosuvchi moddalar yuborish, agar kerak bo’lsa, qon quyish amalga oshiriladi. Antibiotiklar va yurak dori-darmonlari buyuriladi.

Qon tomirlari shikastlanishi natijasida hosil bo’lgan gangrenada eng muhim vazifalardan biri — bu hali ham hayotiyligi saqlanib turgan to’qimalarda qon aylanishini tiklashdir. Trombozlarda trombolitik preparatlar buyuriladi. Agar lozim bo’lsa, arteriyalarda jarrohlik aralashuvi o’tkaziladi.

Mahalliy terapiya taktikasi ham patologiya turiga bog’liq. Quruq gangrenaning dastlabki bosqichlarida konservativ terapiya o’tkaziladi. Demarkatsiya bolishi shakllanishi va nekrotik soha mumiyolashishidan keyin amputatsiya yoki nekrektomiya amalga oshiriladi. Amputatsiya darajasi oyoq-qo’l funktsiyasini maksimal darajada saqlab qoladigan va shu bilan patologiyaning tuzalishi uchun qulay bo’lgan qilib tanlanadi.

Nam gangrenada sog’lom to’qimalar doirasida nekrozning darhol kesib tashlanishi ko’rsatiladi. Nekrektomiya yoki amputatsiya shoshilinch ravishda amalga oshiriladi. Kesish gilyotina usulida bajariladi. Ichki a’zolar gangrenasida nekrotik a’zoni olib tashlash uchun shoshilinch jarrohlik aralashuvi amalga oshiriladi.

PROGNOZ VA OLDINI OLISH

Ta’sirlangan hududni saqlab qolish prognozi yaxshi emas, quruq gangrenada yashab qolish prognozi yaxshi. Nam gangrena qanday yakunlanishi patologik jarayonning tarqalishi va asoratlarning mavjudligiga bog’liq.

Gangrenani oldini olish choralariga erta tashxis qo’yish va nekroz rivojlanishiga olib keladigan kasalliklarni o’z vaqtida davolash kiradi. Shikastlanish holatlarida infektsiyaning oldi olinadi, zararlangan hududga qon ta’minoti yaxshilanadi.