UGRILARNI UY SHAROITIDA YO’QOTISH, DORLIAR BILAN KETKAZISH USULLARI, DAVOLASH YO’LLARI
Akne, ya’ni ugri toshishi — har qanday yoshda duch kelish mumkin bo’lgan jiddiy muammo. Bunda ugri nafaqat jismoniy (og’riq, ba’zan esa qonashi), balki ruhiy noqulaylik ham tug’diradi: ko’pchilik odamlarda ugri tufayli suhbatlashishda qiyinchiliklar yuzaga
UGRILARNI UY SHAROITIDA YO’QOTISH, DORLIAR BILAN KETKAZISH USULLARI, DAVOLASH YO’LLARI
Akne, ya’ni ugri toshishi — har qanday yoshda duch kelish mumkin bo’lgan jiddiy muammo. Bunda ugri nafaqat jismoniy (og’riq, ba’zan esa qonashi), balki ruhiy noqulaylik ham tug’diradi: ko’pchilik odamlarda ugri tufayli suhbatlashishda qiyinchiliklar yuzaga keladi, kishi o’ziga bo’lgan ishonchini yo’qotadi, komplekslar rivojlanadi. Shuning uchun ugrilardan xalos bo’lish — nafaqat salomatlik, balki hayotdagi muvaffaqiyatga erishishga ham tegishli masala. Ushbu maqolada qanday qilib uy sharoitida yuzdagi ugrilarni ketkazish mumkinligini ko’rib chiqamiz.
Tibbiyotning turli sohalaridagi mutaxassislar ugri paydo bo’lishining sabablari haqidagi savolga bitta aniq javob yo’qligini ta’kidlamoqdalar. Biroq, aynan bu noxushlikni keltirib chiqargan sababga ko’ra davolash usuli tanlanadi.
Mundarija: [Yashirish]
- 1 Yuzda ugrilar paydo bo’lishi sabablari
- 2 Ugrilarni ketkazish usullari
- 3 Qanday qilib ugri chandiqlaridan (izlaridan) qutilish mumkin?
YUZDA UGRILAR PAYDO BO’LISHI SABABLARI
Agar sizda husnbuzar paydo bo’lsa yoki umuman butun yuz yallig’lanish bilan qoplangan bo’lsa, bu quyidagilarni anglatishi mumkin:
1. NOTO’G’RI OVQATLANISH VA / YOKI OSHQOZON-ICHAK TRAKTI FAOLIYATIDA BUZILISHLAR
Fast-fudlarni, o’ta yog’li ovqatlarni suiste’mol qilish, umuman ortiqcha ovqat yeb yuborish teri bilan bog’liq muammolariga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, ugri toshishi — bu gasterenterologga tashrif buyurish uchun o’rinli sababdir, chunki u oshqozon yarasi, gastrit, xolesistit yoki disbakterioz mavjudligini ko’rsatishi mumkin.
Nima qilish kerak?
Shifokorga tashrif buyurib, kerakli tahlillarni topshirish, ovqatlanish tartibini qayta ko’rib chiqish: ko’proq meva va sabzavotlar iste’mol qilish, un mahsulotlari, fast-fud, yarimfabrikatlarni cheklash, iloji boricha «og’ir mahsulotlar»dan voz kechish — masalan mayonez, dudlangan mahsulotlar, sosiskalar, kartoshka fri va boshqalar.
2. TERINI NOTO’G’RI PARVARISH QILISH
Teringiz turiga mos kelmaydigan kremlarni qo’llash, noto’g’ri tozalash, pardozni suiste’mol qilish — bularning barchasi yoqimsiz ugri chiqishiga olib kelishi mumkin. Erkaklarda ugri toshishi ba’zi soqol olish uchun ko’piklar tomonidan chaqirilgan bo’lishi ham mumkin.
РЕКЛАМА
Nima qilish kerak?
Yuzni ikki marta: ertalab va kechqurun tozalash tavsiya etiladi. Hech qachon dangasa bo’lmang va har doim yotishdan oldin pardozni yuvib tashlang! Teri turini aniqlash va tegishli parvarish mahsulotlarini tanlash uchun kosmetologga murojaat qiling yoki o’zingiz aniqlashga harakat qilib ko’ring.
Yuz terisi turini aniqlash→
E’tibor bering! Agar sizda hozirda husnbuzarlar mavjud bo’lsa, yuz terisini uy sharoitida tozalashga harakat qilmang. Bu terining shikastlanishiga va yallig’lanishning kuchayishiga olib kelishi mumkin. Shunga o’xshash sabablarga ko’ra, yuz uchun skrablarni ham ishlatish kerak emas.
3. GORMONAL BUZILISHLAR MAVJUD
Gormonal fonning buzilishi — o’smirlik davrida va kattalikda ugri paydo bo’lishining eng keng tarqalgan sabablaridan biri. Hayz vaqtida, homiladorlikdan so’ng yoki boshqa holatlar tufayli gormonal muvozanat o’zgarganda ayollar va qizlar ugri toshishidan aziyat chekishlari mumkin.
Nima qilish kerak?
Endokrinolog va ginekologga tashrif buyurib, gormonlar darajasiga tahlil topshirib ko’ring. Inobatga oling, gormonal buzilish salomatlik bilan bog’liq jiddiy muammolariga sabab bo’lishi mumkin, masalan ayollarda tuxumdonlar polikistozi va mastopatiyaga, shuning uchun bu masalani hal qilishni ortga surmaslik tavsiya etiladi.
Ko’rib turganingizdek, yuzda ugri paydo bo’lishi ko’pincha salomatlik bilan bog’liq ba’zi muammolar natijasidir, shuning uchun uni ichdan davolash maqsadga muvofiqdir. Aniq sababini bilish uchun, dermatolog-shifokorga uchrashish maqsadga muvofiq bo’ladi, u ehtimol, tahlillar topshirish uchun boshqa mutaxassislarga yo’llanma beradi.
Biroq, ba’zida muammoni ancha osonroq hal qilish mumkin — ishonchli uy sharoitida tayyorlanadigan vositalaridan foydalanish.
UGRILARNI KETKAZISH USULLARI
Uyda osongina foydalanishingiz mumkin bo’lgan quyidagi usullarga e’tibor bering.
UGRILARNI YO’Q QILISH UCHUN NIQOBLAR
Kefirdan niqob
Kerak bo’ladi: 1 osh qoshiq kefir, 1 osh qoshiq suli yormasi, ozgina limon.
Tayyorlanishi: kefir va oldindan blenderda maydalab olingan suli yormasini aralashtiring, bir tomchi limon sharbati qo’shing, tayyor aralashmani 20 daqiqaga yuzga surting. Muolajani bir oy davomida har kuni takrorlab turing.
Asalga asoslangan niqob
Kerak bo’ladi: 2 choy qoshiq sifatli asal, bitta tuxum sarig’i, limon sharbati (bir necha tomchi).
Tayyorlanishi: barcha masalliqlarni yaxshilab aralashtiring, tayyor bo’lgach yuzga surting va 10 daqiqa davomida qoldiring. 3-5 ta muolaja yetarli bo’ladi.
Xo’jalik sovunidan niqob
Kerak bo’ladi: bir bo’lak xo’jalik sovuni, 1 choy qoshiq mayda tuz.
Tayyorlanishi: sovunni qirg’ichdan o’tkazib, biroz suv qo’shib ko’pirtiring. Hosil bo’lgan ko’pikni (1 osh qoshiq yetarli) tuz bilan aralashtirib, 30 daqiqaga qo’llang, keyin yuvib tashlang. Muolajani haftasiga uch marta bir oy davomida bajaring.
UGRILARDAN XALOS BO’LISH UCHUN TINDIRMALAR
Ugrilarga qarshi turli tindirmalardan losyon sifatida foydalanish mumkin: ular bilan muammoli terini kuniga 2 marta artish kerak.
- Ugrini yo’qotish uchun eng samarali xalq vositalaridan biri moychechak tindirmasi hisoblanadi. 1 choy qoshiq moychechakka bir stakan qaynoq suv quyib, 30 daqiqa qoldiring va suzib oling.
- O’zining yallig’lanishga qarshi va tinchlantiruvchi xususiyatlari bilan ko’pchilikka tanish bo’lgan boshqa vosita — aloe sharbati. Losyon uchun sof (yangi siqib olingan) sharbatning o’zidan yoki suyultirilganidan (misol uchun, suv kartoshka sharbati bilan 2:1 nisbatda) foydalanish mumkin.
UGRINI DAVOLASH UCHUN MALHAM VA GELLAR
Agar siz qo’lbola vositlardan niqoblar va turli tindirmalar tayyorlashga vaqtingiz yoki xohishingiz bo’lmasa, tayyor tibbiy preparatlarga — gellar va malhamlarga e’tibor qaratishingiz mumkin. Biroq dori-darmonlarni tanlashga mas’uliyat bilan yondashish kerak. Tarkibiga, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan nojo’ya ta’sirlariga va qarshi ko’rsatmalariga e’tibor bering. Misol uchun, tarkibida antibiotiklar yoki gormonlar bo’lgan vositalarni o’z bilishcha ishlatish salomatlik bilan bog’liq qo’shimcha muammolarga olib kelishi mumkin. Shuningdek, ba’zi preparatlar terini o’ta quritib yuboradi va tarkibida spirt saqlaydi, bu esa teri holatiga ta’sir qilishning eng yaxshi usuli emas.
Lekin to’g’ri tanlangan vositaning ta’sirini birinchi foydalanishdan keyinoq ko’rish mumkin. Ba’zan, bunday dorilar nafaqat ugridan qutulishga yordam beradi, balki uning izlarini bartaraf qiladi, yaralar bitishini tezlashtiradi va terini silliqlaydi. Bunda ham ixtisoslashgan mutaxassislar bilan maslahatlashishni va sog’likka putur yetkazmaslik uchun barcha belgilangan tahlillarni topshirish kerakligini unutmang.
QANDAY QILIB UGRI CHANDIQLARIDAN (IZLARIDAN) QUTILISH MUMKIN?
Ugrilarni ketkazish — bu yarim ish, chunki ular yo’qolganidan keyin chuqur chandiqlar qolishi mumkin. Bunday chandiqlarni bartaraf qilish uchun xalqona vositalar yaxshi yordam beradi deb hisoblanadi:
- Sandalli pasta husnbuzar izlarini yo’qotishning eng samarali yo’llaridan biri hisoblanadi. Uni tayyorlash uchun sizga sandal kukuni kerak bo’ladi, uni suvda eritib (atirgul suvi yoki sutda eritsa ham bo’ladi), bir kechaga qoldirish kerak. Pasta terining muammoli sohalariga qo’llaniladi va qurib qolgach (taxminan 10-15 daqiqadan so’ng) yuvib tashlanadi.
- Limon sharbati ham chandiqlardan xalos bo’lishga yordam beradi — shunchaki muammoli joylarga limon bo’lagini surtish kerak, biroq bu juda agressiv usul va agar sizning teringiz ta’sirchan bo’lsa, sof holda limon sharbatini ehtiyotkorlik bilan qo’llash kerak. Limon sharbati shuningdek mukammal tozalovchi vosita hamdir.
- Petrushka damlamasini shaklchalarga quyib, muzlatish, keyin 2-3 oy davomida har kuni ular yordamida yuzni artish kerak. Damlamani tayyorlash uchun mayda qilib to’g’ralgan petrushkaga bir stakan qaynoq suv solib, 30 daqiqaga qoldiring.
Agar siz uchun tibbiy preparatlar afzal bo’lsa, ugrilarga qarshi kompleks, kombinativ vositani tanlang. Ular ham ugrilarni yo’qotish uchun xizmat qiladi, ham shakllanib bo’lgan chandiqlarni bitishiga ko’maklashadi. Bugungi kunda bunday malham va gellarning tanlovi juda keng.