10:29 / 03.10.2022

Ginekomastiya — sababi, alomatlari, tashxislash va davolash

Ginekomastiya sababi — erkaklarda sut bezlarining bir yoki ikkalasining kattalashishi. Bu, sut to’qimalarining ko’payishi va yog’ to’qimalarining ko’krak qismiga joylashishi bilan bog’liq. Ushbu atama milodiy birinchi asrida qadimgi Rim shifokori Galen tom

Ginekomastiyaning turlari:

Ginekomastiyaning 3 turi mavjud:

  • asl ginekomastiya — ko’krak qafasi hududlari asosan gipertrofiyalangan sut bezlari tufayli kattalashadi;
  • yolg’on ginekomastiya (lipomastiya) — ko’krakning kattalashgan maydoni ortiqcha yog’ tolali to’qimalar bilan ifodalanadi. U zich tolali tuzilishga ega, shu bilan birga, ko’krak to’qimalarining o’sishi sodir bo’lmaydi (bu tip semiz erkaklar orasida keng tarqalgan);
  • aralash ginekomastiya— ko’krak qafasi hududlarida ham bezlar to’qimasi, ham yog’ to’qimalari mavjud.

Ginekomastiyada ko'krak ko'rinishi

Erkaklarda sut bezlari gipertrofiyasi har qanday yoshda uchrab, bir tomonlama yoki ikki tomonlama bo’lishi mumkin. Ginekomastiya o’spirin erkaklarning 30-60% va kattalar aholisining kamida uchdan birida uchraydi. Ko’kraklarning ayollarniki kabi ko’rinishi keksa yoshdagi erkaklarga ham tegishli. Ular keksa erkaklar aholisining 65 foizini tashkil qiladi.

Ginekomastiya sabablari

Ginekomastiya rivojlanishining sabablari turli xil omillar, shu jumladan boshqa ko’plab kasalliklar sababli bo’lishi mumkin.

Kelib chiqish sabablari va chastotasi:

  • Idiopatik ginekomastiya — (sabab aniqlanmagan) 25 %
  • O’smirlar ginekomastiyasi — 25 %
  • Giyohvand moddalar bilan bog’liq — 10-20 %
  • Jigar kasalligi — 8 %
  • Birlamchi gipogonadizm (erkak jinsiy gormonlari darajasining pasayishi) — 8 %
  • Moyak o’smalari — 3 %
  • Ikkilamchi gipogonadizm — 2 %
  • Gipertireoz — 2 %
  • Boshqa sabablar — 6 %

Ginekomastiya keng tarqalgan va jiddiy kasallikdir. So’nggi o’n yilliklarda semiz o’spirinlar va erkaklar soni ko’paymoqda, ularda esa ginekomastiya kasalligi rivojlanishi mumkin. Anabolik steroidlarning nazoratsiz ishlatilishi ham ginekomastiyaga sabab bo’ladi, chunki ular, atrof-muhit ifloslanishiga olib keladi.

Ginekomastiya alomatlari

Ginekomastiyaning uchta asosiy klinik alomatlari quyidagilar:

  • Ko’krak qafasi katta mushaklarining pastki qirrasi shakli o’zgaradi va ko’krak sohalari hajmi ko’payadi. Sport bilan shug’ullanadigan sog’lom odamda ko’krak qafasi mushagining pastki chetining chizig’i tekis bo’lishi kerak. Ginekomastiyaga chalingan erkaklarda bu kontur dumaloq shaklda bo’ladi.
  • Ko’krak uchi areolalari ostida zich shakllanishlar paydo bo’ladi. Zichlik shuningdek areolaning orqasida joylashgan bo’lishi mumkin. Ba’zida sut bezlari katta hajmgacha yetib boradi va ko’krak tepaligining butun qismini egallaydi. Kam hajmdagi yog’ to’qimalariga ega erkaklarda bezning chekkalarini paypaslash mumkin.
  • Ko’krak uchi shaklida va o’lchamidao’zgarishlar paydo bo’ladi. Kattalashgan sut bezlari va tolali-yog’li massa areollarga mexanik ta’sir ko’rsatadi, bu ularning prolapsiga (kattalashishi) olib keladi. Bunday areolalar ishgan ko’rinadi, ularning hajmi psixo-emotsional holatga va atrof-muhit haroratiga qarab sezilarli darajada farq qilishi mumkin.

Erkaklarda ginekomastiya asta-sekinlik bilan rivojlanadi. Odatda to’qimalarning kattalashishi ikkala sut bezlarida ham bo’ladi. Ammo, ba’zi hollarda bu o’zgarishlar faqat bitta bezda ham kuzatiladi. O’sish ko’krak ostidan boshlanishi mumkin.

Ko’krak yoki ko’krak qafasiga tegganda og’riq paydo bo’lishi mumkin, ammo ko’pincha bu alomatlar bo’lmaydi. Ba’zida bemorlarda ko’krak uchi qichishadi.

O’g’il bolalarda sut bezlari bir yoki ikkala tomondan biroz kattalashishi mumkin. Bunday o’zgarishlar balog’atga yetishish davrida yuz beradi va olti oygacha davom etadi.

Ginekomastiyada ko’krak bezidan kamdan-kam hollarda oqim kelishi mumkin, bunday alomatni prolaktin sekretsiyasi oshgani sababli ko’rish mumkin.

Ginekomastiya sabablari

Gormonlar nisbatidagi muvozanat buzilishi ginekomastiya rivojlanishining asosiy sababidir. Ma’lumki, erkaklardagi ko’krak to’qimalarida estrogen (ayol jinsiy gormonlari) va androgen (erkak jinsiy gormoni) retseptorlari mavjud. Estrogenlar ko’krak o’sishini rag’batlantirsa, androgenlar bu jarayonni to’xtatadi.

Gormonal muvozanatning buzulishiga quyidagi omillar sabab bo’lishi mumkin:

  • moyaklar yoki buyrak usti bezlari chiqaradigan estrogen miqdorining ko’payishi;
  • estrogen degradatsiyasining pasayishi;
  • estrogenga o’xshash kimyoviy moddalar yoki ekzogen estrogenlar ta’siri;
  • jinsiy gormonlar metabolizmiga ta’sir qiluvchi dorilarni qo’llash;
  • moyaklardagi androgen ishlab chiqarishning kamayishi;
  • globulin yordamida androgenlarning (estrogenlarga nisbatan) ulanishining kuchayishi;
  • androgen almashinuvidagi o’zgarishlar;
  • dorilarni iste’mol qilish natijasida kelib chiqadigan androgenlarni o’zlarining retseptorlaridan siljishi, shuningdek, androgen retseptorlari nuqsonlari.

Moyaklar har kuni harakatlanuvchan testosteronning 95%, 15% estradiol va 5% estronni ishlab chiqaradi. Sog’lom erkaklarda qon zardobidagi estrogen konsentratsiyasi past bo’ladi. Ushbu gormonning asosiy qismi (80%) aromataza fermenti ta’sirida androstenedion va testosteronning estron va estradiolga periferik konversiyasida hosil bo’ladi, bu erkaklarda estrogen sekretsiyasida muhim rol o’ynaydi. Ushbu jarayon asosan ko’krak to’qimalarida va ortiqcha teri osti yog’larida uchraydi. Aromataza faolligi yosh kattalashganda va tana massasi indeksining oshganda ortadi.

Ginekomastiya omillari

Ginekomastiya rivojlanishini atrof muhitda estrogenga o’xshash kuchsiz ta’sir ko’rsatadigan moddalarga doimiy ta’sir qilish orqali keltirib chiqarish mumkin. Bunga quyidagi omillar kiradi:

  • havoni ifloslantiruvchi moddalar;
  • radiatsiya;
  • xlor organik pestitsidlar;
  • plastik;
  • yoqilg’i;
  • politsiklik aromatik uglevodorodlar.

Erkaklardagi gipertrofiyalangan sut bezlarida testosteron ishlab chiqarishga mas’ul bo’lgan luteinlashtiruvchi gormon va inson xorionik gonadotropini (homiladorlik paytida ayollarda ishlab chiqariladigan gormon) retseptorlari borligi haqida dalillar mavjud. Ushbu retseptorlarning roli to’liq o’rganilmagan, ammo ular terining ostidagi androgen retseptorlari kontsentratsiyasini kamaytirishi ma’lum. Shu sababli, ularning faollashishi mahalliy metabolizmni o’zgartirganda, androgenlarning ta’sirini kamaytirishi mumkin deb taxmin qilish mumkin.

Shuningdek, prolaktin gormoni va gipogonadizmning ahamiyatini inobatga olish kerak, chunki u androgenlarning estrogenga nisbatini o’zgartiradi, shuning uchun u ko’krak kengayishida ham bilvosita rol o’ynashi mumkin. Shunga qaramay, ginekomastiyaga chalingan erkaklarning ko’pchiligida qon zardobida prolaktin miqdori ko’paygani sezilmaydi va aksincha, giperprolaktinemiya bilan og’rigan erkaklarning hammasida ham ginekomastiya rivojlanmaydi.

Ginekomastiyaning rivojlanish bosqichlari

Kasallik bosqichlarini ajratib turadigan asosiy klinik belgilar:

  • areola diametrining o’sishi;
  • sut bezlarining kattalashishi;
  • submammar qatlamning mavjudligi;
  • ortiqcha teri;
  • ko’krakning ptozi (prolapsi).

Ginekomastiyaning patomorfologik tasnifi mavjud, ammo bosqichlar bo’yicha tasniflash ham ahamiyatga ega. Jarrohlik davolash zarurligini va mumkin bo’lgan operatsiyani aniqlashga imkon beradi.

Ginekomastiya turlari

Kordova va Moschellaning klinik tasnifiga ko’ra ginekomastiya rivojlanishining to’rt turi mavjud:

I bosqich — ko’krak uchlari areolalari diametri kattalashib, teri yuzasidan yuqoriga chiqib turadi, bezning kattaligi areolar mintaqasi bilan chegaralanadi;

II bosqich — sut bezlari kattalashgan, ko’krak uchi-areola kompleksi submammar qatlamidan yuqori;

III bosqich — sut bezlarining gipertrofiyasi va ptozi ifoda etilgan, ko’krak uchi-areola kompleksi submammar qatlamidan pastroq, lekin 1 sm dan oshmaydi;

IV bosqich — sut bezlarining gipertrofiyasi va ptozi aniq, ko’krak uchi-areola kompleksi submammar qatlamdan 1 sm dan pastroqda joylashgan.

Ginekomastiya klassifikasiyasi — boshqa turlari

Simon va unga hamroxlik qilgan mualliflar o’z tadqiqotlarida ginekomastiyaning to’rt darajasini ajratib ko’rsatishadi:

I daraja — ortiqcha terisiz ko’krakni ozgina kattalashishi;

IIa daraja — ortiqcha terisiz ko’krakning o’rtacha kattalashishi;

IIb daraja — yengil ortiqcha teri bilan ko’krakning o’rtacha kattalashishi;

III daraja — ayol ko’krak ptozi singari, ortiqcha terili katta ko’krak.

Rohrich va unga hamroxlik qilgan mualliflar ginekomastiyaning shu kabi tasnifini ko’krak massasiga qarab taklif qildilar:

Ginekomastiya darajalari

Foto: probolezny.ru

I daraja — minimal gipertrofiya (ko’krak massasi <250 g) ptozisiz;

II daraja — ptozisiz o’rtacha gipertrofiya (ko’krak massasi 250-500 g);

III daraja — I darajali ptozisli og’ir gipertrofiya (ko’krak massasi> 500 g);

IV daraja — II yoki III darajali ptoz bilan og’ir gipertrofiya.

Ginekomastiyaning asoratlari:

Ginekomastiya asoratlariga quyidagilar kiradi:

  1. Kifoz (bukchayganlik). Bu ko’plab erkaklarda psixologik noqulaylik va tananing pozitsiyasini o’zgartirib, ayollik ko’kraklarini yashirish istagi tufayli rivojlanadi. Uzoq muddatli qad-qomat buzilishi, o’z navbatida, osteoxondroz rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
  2. Umidsizlik. Ginekomastiya uyat hissi, o’z-o’zini past baholash, tanangizdan norozilik va erkaklik hissini yo’qotishiga olib kelishi mumkin. Ginekomastiyaga chalingan ba’zi erkaklar ijtimoiy aloqadan qochishadi va basseyn va saunalar kabi jamoat joylarida o’z tanalarini ko’rsatishdan qo’rqishadi. Klinik amaliyotlarda ginekomastiya bilan kasallangan o’spirinlarda ota-onalari yoki shifokorlari tomonidan jarrohlik davolanishga ruxsat berilmagan hollarda ijtimoiy buzilish shakllanishi hollari mavjud.
  3. Ko’krak bezi saratoni. Ginekomastiya to’gridan-to’g’ri saratonga olib keluvchi kasallik emas, ammo erkaklarda ko’krak kengayishiga olib keladigan gormonal o’zgarishlar ko’krak bezi saratoni xavfini taxminan besh baravar oshiradi. Klaynfelter sindromiga chalingan erkaklarda ham (qo’shimcha ayol jinsiy X xromosomasiga ega), shuningdek, ko’krak bezi saratoniga chalinish ehtimoli sog’lom erkaklarga qaraganda 10-20 baravar ko’pdir.

Ginekomastiya to’g’ridan-to’g’ri odamning hayotiga tahdid solmasa ham, shunga qaramay, ayollarniki kabi ko’krak shakllanishida, yuzaga kelishi mumkin bo’lgan og’riq va psixo-emotsional stress belgilari hayot sifatining yomonlashishiga olib keladi.

Ginekomastiyani tashxislash

Ko’p hollarda ginekomastiya tashxisini qo’yish uchun laboratoriya tekshiruvlari talab qilinmaydi. To’liq anamnez olish kifoya, birinchi navbatda, kasallikning rivojlanish sabablariga e’tibor qaratish (masalan, dorilarni iste’moliga) kerak. Agar ginekomastiya o’spirinlik davrida paydo bo’lgan bo’lib, bir necha yillar davomida asta-sekin o’sib borgan bo’lsa va tekshiruv natijalariga ko’ra kasallik belgilari aniqlansa hamda ko’krak bezi ostida zichliklar sezilsa, u holda tashxisga shubha yo’q.

Ginekomastiyani instrumental tekshirish

Sut bezlarining ultratovush tekshiruvi odatiy usul, ammo ba’zida ultratovush rasmining tavsifi klinik tashxisga to’g’ri kelmaydi. Amaliyotda ultratovush orqali noyo’g’ri ginekomastiya tashxisi qo’yilib, bemorlardan katta ko’kraklarni olib tashlash holatlari bo’lgan.

Erkaklarda ko’krak tekshiruvlarida (masalan, saraton kasalligida) mamografiyani qo’llash bo’yicha bitta fikr mavjud emas. Erkaklarning ko’krak bezi saratoni, umumiy ko’krak bezi saratonining atigi 1 foizini tashkil qiladi va o’rtacha 60 yoshga to’g’ri keladi. Saratonni shishning o’zi bilan bir qatorda, ko’krak qafasi yoki terining bir qismi inversiyasi, qo’ltiq osti adenopatiyasi va qonli ko’krak suyuqliklari orqali ham aniqlash mumkin. Shuning uchun, agar ginekomastiya shubha qilingan bo’lsa, mamografiya faqat 50 yoshdan oshgan va tegishli alomatlarga ega erkaklar uchun buyurilishi kerak, deb ta’kidlash mumkin.

Ginekomastiyani gormonal tekshirish

Gormonal tekshiruvning maqsadi ginekomastiyaga olib kelishi mumkin bo’lgan gormon ishlab chiqaruvchi o’smalarni chiqarib tashlashdir. Agar kasallik tarixi va fizik tekshiruvdan so’ng kasallikning sababi nima ekanligi aniqlanmasa, laboratoriya tekshiruvida umumiy testosteron, estradiol, lyuteinlashtiruvchi gormon, prolaktin va tiroidni stimulyatsiya qiluvchi gormonlar miqdorini o’lchash kerak.

Agar bemorda giperprolaktinemiya bo’lsa, gipofiz bezining MRTsi talab qilinadi. Shuni esda tutish kerakki, prolaktin miqdorining laktatsiyaga va ko’krakdan sut kelishiga olib kelishi mumkin, bu bemorning asosiy shikoyati bo’ladi.

Lyuteinizan gormon darajasi past bo’lgan va shu bilan birga yuqori estradiol darajasi yoki estrogen ajratadigan moyak o’smalari yoki buyrak usti neoplazmalaridan darak beradi. Ikkala kasallikni ajratish uchun moyaklarning ultratovushli tekshiruvi va buyrak usti bezlarini tekshirish kerak.

Ginekomastiyani davolash

Ginekomastiyani dori-darmon bilan davolash faqat kasallikning dastlabki bosqichlarida, estrogen retseptorlari blokatorlari yoki aromatazadan foydalanish bezlar to’qimalarining ko’payishini to’xtatishi mumkin bo’lgan holatlarda mumkin. Ushbu yondashuv ginekomastiya (gormonal buzilishlar yoki dorili ginekomastiya) sababi ma’lum bo’lganda o’zini oqlaydi.

Agar kasallik uzoq vaqt davom etsa, unda kasallikning o’z-o’zidan yo’qolmaydi va dorilar yordamida davolash samarali bo’lmaydi, chunki davomiy ginekomastiyada sut bezlari fibrozi rivojlanadi. Shuning uchun bunday ginekomastiyani jarrohlik usuli bilan davolash mumkin.

Ginekomastiyani 1-2 bosqichini davolash

Ginekomastiyani olib tashlash bo’yicha to’liq operatsiya nafaqat mastektomiya — ko’krak bezining to’qimasini olib tashlash, balki erkak ko’krakning anatomik to’g’ri shaklini yaratishdan iborat. Shuning uchun jarroh ham tibbiy, ham estetik jihatlarni hisobga olishi, shuningdek, bemorlarning istaklarini tinglashi kerak. Ulardan ba’zilari nafaqat gipertrofiyalangan bezlardan xalos bo’lishni, balki ko’krak asosiy mushagining pastki chetini tiklashni ham xohlashadi. Boshqalar ortiqcha yog’li to’qimalarni qoldirishni xohlashadi, bu ularning fikriga ko’ra, ko’krak mushaklarining hajmini kattaroq qilib ko’rsatadi.

Yetarli darajada bajarilgan jarrohlik operatsiyaning asosiy estetik mezoni bu areola inversiyasini yo’q qilish (ko’krak uchini «cho’kishi»). Chet el tibbiyot adabiyotlarida bezning bir qismini areola ostida saqlash usullari ta’rifi mavjud bo’lib, ular ko’krak uchini orqaga tortilishiga to’sqinlik qiladi. Ammo, bu yondashuv qabul qilinishi mumkin emas, chunki u kasallikning qayta rivojlanish ehtimolini keskin oshiradi: bez to’qimalarini operativ shikastlanishi, agar to’liq olib tashlanmasa, ikkilamchi o’sish jarayonini boshlashi mumkin, bu kasallikning qisman yoki to’liq qaytalanishga olib keladi.

Ginekomastiyani davolashda ko’krak sohasini liposaksiyasi muhim rol o’ynaydi. Ushbu usul mastektomiya bilan birgalikda ko’krak mintaqasida ortiqcha yog’ to’qimalarining cho’kishi fonida haqiqiy ginekomastiyaga chalingan erkaklarda eng yaxshi estetik natijalarni beradi. Ko’krakni olib tashlash singari, liposaktsiya ham alohida yondashuvlarga ehtiyoj sezmasdan areola orqali amalga oshiriladi.

Ginekomastiyani 3-4 bosqichini davolash — Ko’krakni ko’tarish

Uzoq muddatli, katta ginekomastiya natijasida terining cho’zilishi va osilishi kuzatiladi. Shu sababli, bunday holatlarda faqat sut bezlarini olib tashlash va liposaksiya bilan cheklanib qolinmaydi — buning ustiga ko’krak terisi ham taranglab tortiladi.

Parareolar peksia — areola atrofidagi terining torttirish — III darajali ginekomastiyasi bo’lgan erkaklarda amalga oshirilishi kerak.

Ko’krak uchi-areola kompleksini transplantatsiyasi bilan birga amalga oshiriladigan amutatsion ko’krak jarrohligi — ko’krak ptozining og’ir bosqichi bo’lgan ginekomastiyaning IV bosqichi uchun standart davolash usulidir.

Lateral mastektomiya (ko’krakni yon tomondan ko’tarish) — og’ir ptoz holatlarida ko’krak amputatsiyasini oldini oladigan original texnika hisoblanadi. Operatsiya areola atrofini torttirish afzalliklarini va amputatsion afzalliklarni birlashtiradi, bunday holatda chiziqli chandiq areoladan o’rta muskul chizig’igacha hosil bo’ladi. Texnikaning afzalligi — ko’krakning old devorida chandiqning yo’qligidir.

Ginekomastiyani oldini olish

Bolalar va o’spirinlarda noto’g’ri ovqatlanish, sport bilan shug’ullanish uchun motivatsiyaning yetishmasligi semirish va ortiqcha vazn fonida balog’at yoshiga yetishga olib keladi. Estrogenning ortiqcha sintezi tufayli sut bezlari kattalashadi va ortiqcha miqdordagi yog’ to’qimasi ko’krak qafasida hosil bo’ladi. Bunday ginekomastiya o’z-o’zidan o’tib ketmaydi va faqat rivojlanadi. Shu munosabat bilan ginekomastiyaning oldini olish har qanday yoshdagi erkaklarda sog’lom turmush tarzini saqlashga qaratilgan bo’lishi kerak.

Voyaga yetgan erkaklarga kelsak, ginekomastiya rivojlanishining sabablaridan biri bu sport mashg’ulotlarida eng yaxshi natijalarga erishish uchun anabolik steroidlarni nazoratsiz ishlatishdir. Ammo, ortiqcha vazn bo’lmagan taqdirda ham, testosteron qondagi konsentratsiyasi keskin oshgan taqdirda estrogenga aylanishi mumkin. Shuning uchun, agar bunday dorilarni shifokor tayinlamagan bo’lsa, ulardan foydalanish cheklangan bo’lishi kerak, shuningdek qonda testosteron va estradiol miqdorini nazorat qilish kerak.