Koronavirus infektsiyasi (COVID-19) — alomatlari, yuqishi, tashxislash, davolash
Koronavirus infektsiyasi COVID-19 (inglizcha COrona VIrus Disease 2019 qisqartmasi) — SARS-CoV-2 koronavirusi tufayli yuzaga keladigan kuchli o’tkir respirator infektsiya. Bu xavfli kasallik hisoblanib, u yengil shakldagi O’RVI ko’rinishida ham, virusli pn
Koronavirus infektsiyasi COVID-19 (inglizcha COrona VIrus Disease 2019 qisqartmasi) — SARS-CoV-2 koronavirusi tufayli yuzaga keladigan kuchli o’tkir respirator infektsiya. Bu xavfli kasallik hisoblanib, u yengil shakldagi O’RVI ko’rinishida ham, virusli pnevmoniya ko’rinishidagi asoratli og’ir shaklda ham kechishi mumkin. Virusli pnevmoniya (zotiljam) o’z navbatida nafas yetishmovchiligi yoki o’tkir respirator distress-sindromga olib kelishi mumkinligi bilan hayotga xavf tug’diradi.
Hozircha kasallikka qarshi virusga qarshi terapiya yoki profilaktika vositalari mavjud emas. Aksariyat hollarda (taxminan 80%) maxsus davolanish talab etilmaydi va tiklanish o’z-o’zidan sodir bo’ladi. Kasallikning og’ir shakllari keksalar va ayrim kasalliklarga, shu jumladan astma, qandli diabet va yurak kasalliklariga chalingan bemorlarda ko’proq rivojlanadi. Og’ir holatlarda hayotiy zarur organlarning funktsiyalarini saqlab qolish vositalari qo’llaniladi.
Kasallik yangi virus tufayli kelib chiqqan, odamlar unga qarshi immunitetga ega emas, shuning uchun infektsiyaga barcha yosh toifasidagilar moyil bo’ladi. Virus yo’talish yoki aksirish paytida havoga sochiladigan virus tomchilarini nafas orqali yutish, shuningdek virus tushgan yuzalarga qo’l bilan tegib, so’ngra qo’l bilan ko’z, burun yoki og’izga tegish orqali yuqadi. Samarali profilaktika choralariga qo’llarni tez-tez yuvish va nafas olish gigienasi qoidalariga rioya qilish kiradi.
Taxminan 15% hollarda, kasallik og’ir shaklda, kislorodli terapiya zarurati yuzaga kelishi bilan kechadi, yana 5% da bemorlarning holati o’ta og’ir bo’lishi qayd etiladi. Dunyo miqyosida o’lim darajasi 6,5% ga baholanmoqda [manba].
Epidemiyaga tufayli Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti tomonidan sog’liqni saqlash sohasida xalqaro darajadagi ahamyatga ega favqulodda holat e’lon qilingan, global darajadagi xatarlar esa juda yuqori deb baholanmoqda. Vaziyat tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda, kasallanganlar va vafot etganlar soni kun sayin ortib bormoqda.
Kasallikni o’rganishga qaratilgan turli xil ilmiy va klinik tadqiqotlar olib borilmoqda. Ko’pgina ilmiy va tibbiy nashriyot va tashkilotlar yangi kasallik bilan bog’liq to’siqsiz ma’lumot olish va ma’lumot almashish to’g’risida bayonotga obuna bo’lishgan.
2020-yil 11-mart kuni virus tarqalishi pandemiya deb tan olindi. Ushbu pandemiya insoniyat tarixidagi nazorat qilisa bo’ladigan birinchi pandemiya sanaladi. Hukumatlar vaziyatni nazorat qilishga qodir bo’lgan o’qitilgan xodimlarning ro’yxatini, shuningdek davolanish uchun zarur bo’lgan dori-darmonlar, shaxsiy himoya vositalari, zaxira va jihozlarning ro’yxatlarini tayyorlashlari mantiqan to’g’ri bo’ladi.
2020-yil 11-fevralda Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti ushbu kasallikka o’zining rasmiy nomini berdi — COVID-19 [manba].
Kasallikni keltirib chiqaradigan virus esa boshqacha nomlanadi — SARS-CoV-2. Ushbu nom virusning 2003 yilda Xitoyda o’tkir respirator sindromning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan SARS-CoV virusiga o’xshashligi sababli berilgan. Shu bilan birga, ko’pincha «COVID-19 virusi», «COVID-19 koronavirus infektsiyasi» yoki «COVID-19 chaqiruvchi virusi» atamalari ishlatiladi. Biroq, kasallikning nomi virusning nomi emas va Xalqaro taksonomiya bo’yicha Qo’mita tomonidan berilgan SARS-CoV-2 nomini almashtirishga mo’ljallanmagan.
2019-yil 31-dekabr kuni Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti Xitoyda, Hubey provinsiyasining Uxan shahrida noma’lum qo’zg’atuvchi sababli 44 ta pnevmoniya holati qayd etilganligi haqida xabardor qilingan. Patogen yangi koronavirus (hozirda SARS-CoV-2 deb nomalanadi, dastlab 2019-nCoV degan vaqtincha nom berilgan edi) bo’lib chiqdi, u ilgari odamlar orasida aniqlanmagan virus sanaladi.
Virus aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida infektsiya Uxan sharidan butun mamlakat bo’ylab tarqaldi. Shunday bo’lsa-da, Xitoy misolida karantin natijasida infektsiyaning tarqalishini to’xtatish mumkinligi aniq bo’ldi.
Epidemiyaning boshlanishi munosabati bilan 2020-yil 30-yanvarda JSST sog’liqni saqlash sohasida xalqaro tashvishli favqulodda vaziyatni e’lon qildi va 2020-yil 28-fevralda JSST global darajada xavfni yuqori darajadan juda yuqori darajagacha ko’tardi.
2020-yil 11-martda epidemiya pandemiya deb tan olindi. Pandemiyaning xavfi — ko’p odamlarning bir vaqtning o’zida infektsiyalanishi sog’liqni saqlash tizimining haddan tashqari yuklanishiga, gospiyalizatsiyalar va o’limning ko’payishiga olib kelishi mumkinligida. Sog’liqni saqlash tizimi juda ko’p o’ta og’ir bemorlar oqimiga tayyor bo’lmasligi mumkin.
Infektsiyaga qarshi eng muhim chora davolash ishlari emas, balki vaqtdan yutish va sog’liqni saqlash tizimiga tushadigan yukni kamaytirish uchun uning tarqalish tezligini sekinlashtirishdir. Aholi o’rtasida yetarli darajada jamoaviy immunitet hosil bo’lgandan so’ng epidemiya tabiiy ravishda tugaydi.
Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktikasi markazining 2020-yil 11-fevral holatiga ko’ra, Xitoydagi 72,314 ta bemor tahlillari quyidagi natijalarni ko’rsatdi:
- Bemorlarning 87 foizi 30 yoshdan 79 yoshgacha bo’lganlar;
- 1 foizi 9 yosh va undan kichik bolalar;
- 1 foizi 10 yoshdan 19 yoshgacha bo’lgan o’spirinlar;
- 3 foizini 80 va undan yuqori yoshli qariyalar tashkil etdi.
Bolalar orasida kasallanish holatlar kamdan-kam uchraydi, odatda bu butun oilaning kasallanishi yoki bolaning infektsiyalangan bemor bilan aloqa qilishi natijasida qayd etiladi. Erkak va ayollar nisbati mos ravishda 51% dan 49% atrofida. Umumiy bemorlarning 4 foizi tibbiyot xodimlari hissasiga to’g’ri keladi.
AQShda bemorlarning taxminan uchdan bir qismi 65 yoshdan oshganlar. Bu yosh guruhida kasalxonaga yotqizilganlarning 45 foizi, intensiv terapiyaga o’tkazilganlarning 53 foizi va o’lim holatlarining 80 foizi to’g’ri keladi.
Virusning elektron mikroskop yordamida olingan tasviri. SARS-CoV-2 virusi sarg’ish rang bilan bo’yalgan
Koronavirusli kasallik COVID-19, ilgari noma’lum bo’lgan betakoronavirus SARS-CoV-2 tomonidan chaqiriladi. Qo’zg’atuvchi birinchi marta 2019-yil dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida pnevmoniyaga chalingan bemorlarning bir guruhida o’pkadan olingan suyuqlik namunalarida topilgan.
SARS-CoV-2 membranali, zooantroponoz, RNK saqlovchi virusdir, to’liq genomning filogenetik tahliliga ko’ra, virus dastlab ko’rshapalaklar orasida tarqalgan, ammo odamlarga hozircha noma’lum oraliq hayvon orqali yuqgan.
Virusning to’liq genomi allaqachon shifrlangan, barcha uchun ochiq sanaladi va uni GenBank ma’lumotlar bazasi orqali ko’rish mumkin. Bir tadqiqot virusning L va S deb belgilangan ikkita shtammining mavjudligini taxmin qiladi, L esa Uxanda tarqalgan virusning asl nusxasi bo’lishi mumkin, u ko’proq tajovuzkor va kamroq tarqalgan sanaladi.
Virus yo’talish yoki aksa urish paytida havoga purkalgan mayda tomchilarni nafas orqali yutish natijasida yuqadi. Virus bilan zararlangan tomchilar buyumlarga va narsalarga tushishi, so’ngra ularga tekkan odam ko’zlari, burun yoki og’ziga tegishida ham infektsiyalanish sodir bo’lishi mumkin.
Virus havoda sochilgan yoki jismlar yuzasiga tushgan holda bir necha soat davomida yashovchan bo’ladi. Metall yuzasi va plastmassada u 2-3 kungacha faol saqlanib turishi mumkin [manba].
Xitoy Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazining ma’lumotlariga ko’ra, COVID-19 bo’lgan bemorlarning najaslarida ham faol virus aniqlangan, bu infektsiyani fekal-oral yo’l orqali yuqishi mumkinligini anglatadi, masalan, ifloslangan qo’llar, oziq-ovqat va suv orqali. Biroq, ushbu uzatish mexanizmi COVID-19 holatida asosiy yo’l sanalmaydi. Shuningdek, virus qon va so’lakda aniqlanganligi haqida xabarlar mavjud.
Bir tadqiqotda bir oilaning kasallanganligi, unda ikki oila a’zosida kasallikning biron bir alomati va rentgenogrammada anomaliyalar bo’lmaganligi, ammo yuqori nafas yo’llarining shilliq namunalari virusning mavjudligini ko’rsatgani qayd etilgan. Shunday qilib, kasallik alomatlarsiz kechishi ham mumkin. Garchi infektsiyaning alomatlarsiz kechayotgan bemordan yuqganligi haqidagi ma’lumtlar tanqidga uchragan bo’lsa-da, buni isbotlovchi dalillar tobora ko’payib bormoqda.
Shuningdek homiladorlikning uchinchi trimsetrida pnevmoniya kuzatilsa homilaning infektsiyalanishi yoki uning dunyoga kelganidan keyin biron-bir asoratlar rivojlanishi haqida ma’lumotlar yo’q. Shunga qaramay, hozirgi tadqiqotlardagi namunalar juda oz va Xitoy Milliy sog’liqni saqlash komissiyasi homilador ayollarni tug’ruqdan keyin kuzatib borish, shuningdek, bolani tug’ilgandan keyin uni bemor onadan kamida 14 kun davomida izolyatsiya qilish bo’yicha tavsiyalar berilgan.
Xitoyda kasallik yuqishi asosan oila doirasida bo’lib, ushbu mamlakatda kasalxonalarda infektsiya tarqalishi aniqlanmagan.
Taxminlarga ko’ra, virus quruq va sovuq sharoitda yaxshiroq yuqadi, ammo mavsumiylikni aniq aniqlash uchun qo’shimcha tadqiqotlar talab etiladi.
Hozirgi vaqtda patogenez noma’lum, ammo u SARS-CoV virusining patogeneziga o’xshash bo’lishi mumkin. Virus hujayra ichiga angiotenzin almashtiruvchi ferment 2 retseptorlariga birikib kiradi deb hisoblanadi [manba]. Xuddi shu tarzda SARS-CoV virusi ham hujayraga kirib boradi, ammo SARS-CoV-2 holatida virus yuzasida peplomerdagi retseptorlarni bog’laydigan domenning tuzilishi retseptor bilan yanada kuchliroq birikishini nazarda tutadi. Shuningdek peplomerada furinga o’xshash proteazalarni parchalash uchun sayt aniqlangan, bu SARSga o’xshash boshqa coronaviruslarda aniqlanmagan.
Infektsiya sodir bo’lgach, virus shilliq orqali nafas yo’llari bo’ylab tarqaladi. Bu katta miqdorda sitokinlar chiqarilishini keltirib chiqaradi va tanadagi immunitet reaktsiyasini qo’zg’atadi. Bunday holda, qonda limfotsitlar, xususan T-limfotsitlar sonining pasayishi kuzatiladi.
Ba’zi tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, virusga qarshi kurashish uchun juda ko’p limfotsitlar sarf etiladi. Ular sonining kamayishi immunitet tizimining himoya qobiliyatini pasaytiradi va kasallikning kuchayishiga olib keladi.
SARS-CoV-2 virusiga qarshi immunitetning davomiyligi va intensivligi to’g’risida ma’lumot hozircha mavjud emas. SARS-CoV-2 dan farqli bo’lgan koronaviruslarga qarshi gumoral immunitet hosil bo’ladi, ammo ko’pincha infektsiyaning takrorlanish holatlari uchraydi.
28-fevral holatiga ko’ra 1099 bemorlar bo’yicha kasallikning asosiy belgilari quyidagilardan iborat:
- Isitma — 88,7% hollarda (37,5 °C va undan yuqori);
- Yo’tal — 67,8% hollarda.
Kasallikning boshqa belgilari orasida quyidagilar kuzatilgan:
- Charchoq — 38,1% hollarda;
- Nafas qisilishi — 18,7%;
- Mushaklar yoki bo’g’imlardagi og’riqlar — 14,9%;
- Tomoq og’rig’i — 13,9%;
- Bosh og’rig’i — 13,1%;
- Burun bitishi — 4,8%.
33,7% hollarda yo’tal balg’am ajralishi bilan kechadi. Ba’zan gastroenterit belgilari, shu jumladan, ich ketishi, ko’ngil aynishi va qayt qilish uchraydi. So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, kasallikning yengil shakllari umumiy shamollash alomatlari bilan kechadi.
Isitma kasalxonaga yotqizilganlar orasida eng keng tarqalgan alomat sanaladi, ammo kasalxonaga yotqizilishidan oldin bemorlarning yarmidan kamrog’ida rivojlangan bo’ladi. Barcha bemorlarda ham harorat ko’tarilmaydi. Tana haroratining 39 °C dan yuqori ko’tarilishi 12,3% bemorlarda qayd etiladi.
SARS-CoV-2 virusi tomonidan chaqiriladigan infektsiya alomatlarsiz yoki yengil shaklda ham, o’lim xavfi yuqori bo’lgan og’ir shaklda ham kechishi mumkin, ammo to’liq klinik tasvir hali to’liq o’rganilmagan. Kasalik alomatlari infektsiyadan keyin o’rtacha 5-6 kun davomida rivojlanadi va inkubatsiya davri 1-14 kunni tashkil etadi [manba].
Joriy ma’lumotlarga ko’ra, infektsiya taxminan uch asosiy klinik shakllarda namoyon bo’lishi mumkin [manba]:
- Yuqori nafas yo’llari infektsiyasining alomatlari bilan yengil O’RVI;
- Hayot uchun xavf tug’dirmaydigan pnevmoniya;
- O’tkir respirator distress-sindrom bilan og’ir pnevmoniya.
Shuningdek, infektsiya fonida nafas yetishmovchiligi, sepsis va septik (infektsion-toksik) shok kuzatilishi mumkin.
Aksariyat hollarda kasallik yengil shaklda davom etadi. Ta’kidlanishicha, yengil alomatlari bo’lgan bemorlar odatda bir hafta ichida tuzaladilar.
Bir tadqiqotda, o’pka rentgenogrammasida normadan chekinishlar bemorlarning 75 foizida kuzatilishi aniqlangan. Bundan tashqari, pnevmoniya asimptomatik infektsiyali holatlarda ham aniqlanishi mumkin. Bemorlarning uchdan bir qismidan kamrog’ida o’tkir respirator distres-sindrom rivojlanadi. Bu holda distress-sindromda gipoksiyaga hamorhlik qiluvchi taxikardiya, taxipnoe yoki sianoz hamrohlik qilishi aniqlanishi mumkin.
Homilador ayollarda kasallikning ayrim belgilari organizmning homila ko’tarish holatiga moslashishi yoki homiladorlik tufayli yuzaga keladigan nojo’ya ta’sirlarga o’xshash bo’lishi mumkin. Bunday alomatlar isitma, nafas qisilishi va charchoqni o’z ichiga oladi.
Kasallikka har qanday yoshdagilar chalinishi mumkin, u bolalarda kattalarga nisbatan ko’p og’ir bo’lmagan shaklda davom etadi, ammo alomatlari o’xshash bo’ladi, shu jumladan pnevmoniya ham.
2143 bemor bolalar tahlili shuni ko’rsatdiki, ular orasida og’ir va o’ta og’ir holatlar atigi 5,9 foizni tashkil etgan. Biroq juda yosh bolalar infektsiya oldida ojizroq bo’lishadi. Shuningdek, bolalarda kattalarga qaraganda bir vaqtning o’zida boshqa viruslar bilan infetksiyalanish ko’proq uchrashi mumkin.
O’pka mexanik shamollatilishini talab qiladigan yoki nafas sifatida beriladigan aralashmada kislorod ulushi 60% va undan yuqori bo’ladigan bemorlar o’ta og’ir kasallanganlar guruhiga kiradi.
Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti SARS-CoV-2 infektsiyasiga shubha bo’lgan odamlarda kasallikni tashxislash bo’yicha aniq tavsiyalar bergan.
O’zbekistonda SARS-CoV-2 virusini aniqlash O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan e’lon qilingan algoritmga muvofiq amalga oshiriladi, shuningdek, koronavirusni laboratoriya sharoitida aniqlash uchun vositalar mavjud.