17:02 / 20.07.2022

TERI ALLERGIK KASALLIKLARI

Yer shari aholisining 10% ga yaqini allergik kasalliklardan aziyat chekadi. “Allergiya” termini 1906-yilda Venalik pediatr Klemens Fon Pirke tomonidan kiritilgan. Uning aniqlashicha ba’zi bir odamlarda kuzatilayotgan simptomlar atrof-muhitdagi ma’lum bir m

Yer shari aholisining 10% ga yaqini allergik kasalliklardan aziyat chekadi. “Allergiya” termini 1906-yilda Venalik pediatr Klemens Fon Pirke tomonidan kiritilgan. Uning aniqlashicha ba’zi bir odamlarda kuzatilayotgan simptomlar atrof-muhitdagi ma’lum bir moddalar (allergenlar)  tomonidan (chang, o‘simliklar changi yoki ba’zi ovqatlar) chaqirilgan. Ko‘p yillar davomida o‘ta sezuvchanlik IgE funksiyasining buzilishi natijasida kelib chiqadi deb hisoblangan, lekin shu narsa ma’lum bo‘ldiki, turli xil kimyoviy moddalar ishtirokidagi ko‘pgina mexanizmlar “Allergiya” deb nomlangan bir talay simptomlarni chaqiradi.

Allergiya bu tashqi va ichki ta’sirlantiruvchilarga organizmning xususiy to‘qimasining jarohatlanishi bilan kechuvchi immunreaksiya. Organizmni sensibilizatsiya (yuqori sezuvchanlik) qiluvchi va allergiya chaqiruvchi qo‘zg‘atuvchi allergen deyiladi.

Asosida to‘qimalarning immunreaksiyasi natijasida jarohatlanishi yotuvchi kasalliklar allergik kasalliklar deyiladi.

Endogen allergenlar organizmning o‘zida hosil bo‘ladi va autoallergenlar deyiladi.

Patogenezida autoallergenlarga nisbatan allergik reaksiya yotuvchi kasalliklar autoimmun (autoagressiv, autoallergik) kasalliklar deyiladi.

Allergik reaksiyalarning sekin va tez kechuvchi turlari farqlanadi.

Tez kechuvchi allergik reaksiya turi allergen ta’siridan 15-20 minutdan so‘ng rivojlanadi.

Bu guruhga kiruvchi ko‘p uchrovchi kasalliklar quyidagilar: Ekzema, neyrodermit, eshakemi.

 

Bolalarda gemangiomani tasvirlovchi chaqaloq oyoqchalari surati

Allergik dermatit

Terining sekin rivojlanuvchi allergiya chaqiruvchi moddalar bilan aloqasi natijasida kelib chiqadi.

Allergik dermatitda terining shikastlanishi allergen bilan kontakt natijasida kelib chiqadi va umumiylashgan xarakterga ega bo‘lishi mumkin. Klinik jihatdan bu turli xil toshmalar: papula, vezikula kabi namoyon bo‘ladi.

Allergik dermatitning o‘ziga xos formasi bo‘lib fotodermatit hisoblanadi. Bu dermatit asosida ultrabinafsha nurlar ishtirokidagi fotoallergik reaksiya yotadi.

Davolash va bemorlar parvarishi

Davolash kasallikni keltirib chiqaruvchi faktorni yo‘qotishdan iborat. Chegaralangan teri jarayonlarida mahalliy davo tavsiya qilish kifoya.

O‘tkir davrida esa pufaklar vodorod peroksid, furatsillin, kaliy permanganat  eritmasi yoki spirt bilan yuviladi. Pufaklar qoplami steril qaychi bilan kesiladi. Eroziya mavjudligida esa antiseptik eritmalar qo‘yib bog‘lab qo‘yiladi. Jarohat o‘rni ivitilgach ruxli pasta, Lassar pastasi, kortikosteroid mazlar qo‘llaniladi.

Terining tarqalgan xarakterdagi jarohatida giposensibilizatsiya qiluvchi davo: Kalsiy xlorid,  Natriy tiosulfat, antigistamin preparatlar buyuriladi.

Terining kislotalar va ishqorlarning konsentrlangan eritmalari bilan jarohatlanishida – terini issiq suvda uzoq vaqt yuvish tavsiya etiladi.

Тоksikodermiya

O‘tkir yallig‘lanuvchi dermatoz, allergenning organizm ichiga kirishi natijasida kelib chiqadi.

Dermatitdan farqi – allergen teriga gematogen yo‘l bilan tushadi.

Toksikodermiyaning sabablari asosan dorivor vositalardan: uxlatuvchi dorilar, analgetiklar, antibiotiklar va yana ovqat mahsulotlari.

Toksikodermiya og‘irlik darajasiga ko‘ra yengil va og‘ir, tarqalganligiga ko‘ra chegaralangan va tarqalgan turlarga bo‘linadi.

Chegaralangan toksikodermiya

Terida yoki shilliq qavatda bir yoki bir necha pufak elementlarining paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Ko‘pincha yumaloq shakldagi eritematoz dog‘lar, kam hollarda esa urtikar yoki bulyoz elementlar paydo bo‘ladi. Chegaralangan dorivor eritema asosan qorin pastki qismi terisida, yorg‘oqda, sonda joylashadi.

Tarqalgan toksikodermiya

Og‘ir kasallik hisoblanadi. Teridagi pufaklar intoksikatsiya bilan birga kechadi. Bemorlarda, bo‘g‘imlarda og‘riq, chanqash, qorin dam bo‘lishi kuzatiladi.

Teridagi pufaklar tarqalgan polimorf shaklda: dog‘lar, qavariqlar, kam hollarda gemorragik mahsulotli vezikulalar uchraydi.

Toksikodermiyaning og‘ir formasi bo‘lib Layel sindromi yoki o‘tkir epidermal nekroliz hisoblanadi.

Teri bilan birgalikda og‘iz bo‘shlig‘i, ko‘z, jinsiy organlarning shilliq qavati zararlanadi. Traxeya va bronxlarning epiteliy qavatini ko‘chishi kuzatiladi. To‘liq klinik kartinasi 12-36 soatdan keyin, ba’zan esa bir necha sutkadan so‘ng namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlarning tashqi ko‘rinishi kuyishning II darajasiga o‘xshash. O‘z-o‘zidan ichki organlar (jigar, o‘pka, bosh va orqa miya, buyrakusti bezi) zararlanishi va suvsizlanish simptomi ham qo‘shiladi. Bemor o‘limi kasallikning 4-dan 26-kunlarigacha sodir bo‘lishi mumkin.

Davosi va parvarishlash

Bemorlarni davolash ta’sirlantiruvchi modda ta’sirini cheklash va uni organizmdan chiqarib tashlashga qaratilgan. Ichishga desensibilizatsiyalovchi, antigistamin preparatlar, siydik haydovchi, ichni suradigan dori preparatlari tavsiya etiladi. Mahalliy qo‘llashga esa qichimaga qarshi aralashmalar, yaxlatuvchi kremlar yoki kortikosteroid mazlar ishlatiladi.

O‘tkir epidermal nekrolizli bemorlarni davolash reanimatsiya bo‘limlarida o‘tkaziladi va suv-elektrolit balansini saqlashni o‘z chiga oladi.

Keng ko‘lamli jarohatlanishida xuddi kuyishdagi singari tashqi davolash choralari o‘tkaziladi. Suyuq yoki qaynatilgan ovqatlar, oqsil, vitaminlarga boy ovqatlar buyuriladi. O‘g‘izning shilliq qavati zararlanishida burushtiruvchi, dezinfeksiyalovchi va og‘riqsizlantiruvchi vositalar buyuriladi. Agar yutish qiyinlashsa halqum huqnasi o‘tkaziladi. Ko‘zlarni bor kislotasi bilan yuviladi, ruxli tomchilar, gidrokortizonli maz qo‘llaniladi.

Ekzema

Ekzema – terining yuza qavatini nevro-allergik xarakterdagi zararlanishi. Turli xil tashqi va ichki ta’sirlar natijasida tug‘ma yoki orttirilgan alohida sezuvchanligi bo‘lgan odamlarda kelib chiqadi. Shuning uchun ekzemani ta’sirlantiruvchiga terining individual javobi sifatida qaraladi.

Tashqi ta’sirlantiruvchilarga barcha mexanik, kimyoviy, termik, yorug‘lik, meteorologik va boshqa faktorlar, ichki faktorlarga esa – ichki organlar, ichki sekretsiya bezlari va nerv sistemasining barcha kasalliklari misol bo‘ladi.

Kechishiga ko‘ra o‘tkir va surunkali ekzema farqlanadi.

O‘tkir ekzema

Kasallik terining shishli qizarishi bilan boshlanib, hech qanday chegarasiz yondosh sog‘lom teriga tarqaladi. Keyinchalik bu yallig‘lanish fonida och qizil rangli kichik tugunlar paydo bo‘ladi, ular tezlikda o‘zida tiniq suyuqlik saqlovchi pufakchalarga aylanadi. Aksariyat hollarda bu pufak mahsuloti yiringga aylanadi. Keyinchalik ba’zi hollarda pufak mahsuloti so‘rilib ketadi, ba’zi hollarda pufaklar och qizil eroziyalar qoldirib yoriladi. Agar pufakchalar ko‘p bo‘lsa, ular zich joylashadi va qo‘shilib ketadi, hosil bo‘lgan pufak yorilishidan qoluvchi eroziya katta maydonni egallaydi.

Surunkali ekzema

Ko‘pchilik hollarda ekzema bir necha oy, ba’zan yillab davom etishi mumkin. Surunkali ekzemaning kechishi retsidivlangan. Kuchayish davrida teridagi o‘zgarishlar xuddi o‘tkir formasidagidek.

Ekzemaning xarakterli belgilari xuddi o‘tkir shaklidagidek – yaqqol qichish, simmetrik pufaklar paydo bo‘lishi, polimorf pufaklar.

Ekzemaning turli xillari farqlanadi.

Mikrobli ekzema

Asosan oyoqda joylashuvchi qat’iy chegarali o‘choqlar, o‘zida yiringli mahsulot saqlovchi assimetrik pufaklar. Ekzemaning bu formasini kelib chiqishida yiring mikroblari katta rol o‘ynaydi.

Mikrobli ekzema atrofga tarqaluvchi uzoq vaqt tuzalmaydigan yara hosil qiluvchi hisoblanadi va paratravmatik deb nomlanadi. Ekzema o‘choqlari ba’zan yiringli qoplam bilan qoplangan bo‘ladi.

Haqiqiy ekzema

Asosan bolalarda uchraydi, ma’lum bir joyda uchramaydi, va retsidivlovchi uzoq vaqt kechishi bilan farq qiladi. Ekzema bolalarda bir qator o‘ziga xosliklarga ega.

Shu narsa tasdiqlanganki, kasallikni kelib chiqishida ko‘plab faktorlar mavjud: homiladorlik toksikozi, ovqatlanishdagi kamchiliklar, profilaktik emlashning buzilishi.

Bemorlarning ko‘pchiliklarida oilaviy moyillik aniqlangan.

Bolalarda kasallik patogenezida invaziya hamda ko‘p shirinlik iste’mol qilish asosiy rolni o‘ynaydi.

Seboreyali ekzema

Asosan boshning sochli qismini, yuzni, gavdaning orqa qismini zararlaydi va qoplamalar bilan qoplangan, yallig‘lanish dog‘lari va tugunchalardan iborat bo‘ladi. Dog‘lar sarg‘ish rangda, aniq chegarali, noto‘g‘ri konturli, qo‘shilishga moyillikka ega. Pufaklar hosil bo‘lmaydi va ko‘pincha ivishlar bo‘lmaydi yoki ma’lum uchastkalarda mushakosti, chovda bo‘shliqlarning paydo bo‘lishi bilan hamda qichishishlar xarakterli.

Davolash va parvarishi

Davolashni boshlashdan oldin bemorni astoydil tekshirish lozim: nerv sistemasi, ichki organlari, ichki sekretsiya bezlari va h.k. Kasallikni tekshirishda aniqlangan qo‘shimcha kasalliklarni davolash ekzematoz jarayonni yo‘qotishi mumkin.

Ovqatlanish rejimini nazorat qilish katta ahamiyatga ega: uglevodlarga boy ovqatlarni cheklash, shakar miqdorini nazorat qilish. Tuzsiz yoki tuzi chegaralangan ovqatlarni iste’mol qilish katta foyda keltiradi.

Umumiy davolash

Ekzema bilan kasallanganlar o‘zida  spetsifik desensibilizatsiyalovchi moddalarni saqlashi lozim. Bunday preparatlar sifatida Natriy tiosulfatni qabul qilish mumkin.

Effektiv vosita novokain hisoblanadi, u nerv sistemasi faoliyatini normallashtiradi.

Mahalliy davolash ekzemada kasallik davri, formasi hamda bemor organizmi reaktivligini hisobga olgan holda individual bo‘lishi lozim. O‘tkir davrida vaskulyatsiya va pufaklar yorilishida dezinfeksiyalovchi vositalarning kuchsiz eritmalaridan foydalanish mumkin.

Ivish jarayoni tugagach ta’sirlanish chaqirmaydigan indeferrent moddalar saqlovchi aralashmalar buyuriladi.

Bemor terisi yuqori sezuvchan bo‘ladi va shuning uchun ta’sirlanish chaqirishi mumkin bo‘lgan dorilarni tavsiya etishda ehtiyot bo‘lish lozim.

Atopik dermatit

Atopiyaga irsiy moyilligi bo‘lgan bemorlarda rivojlanuvchi surunkali allergik dermatit retsidivli kechishi, yoshga xos klinik ko‘rinishlari mavjudligi va eksudativ yoki lixenoid modda saqlovchi pufaklar hosil bo‘lishi, zardobdagi Immunoglobulin E miqdorining oshishi hamda spetsifik va nospetsifik ta’sirlantiruvchilarga yuqori sezuvchanlik bilan xarakterlanadi.

Atopik dermatirning bolalarda uchrovchi turi “Bolalar ekzemasi” , kattalarda uchrovchi turi esa “Neyrodermit” deyiladi.

Bolalar ekzemasi va neyrodermit bu bir patologik kasallikning ikki fazasi hisoblanadi.

Bolalar ekzemasi

Bolalarda ekzema asosan irsiy moyilligi bor ekssudativ diatez bilan kasallanganlar fonida rivojlanadi.

Shuni bilish kerakki, bolalarda allergik kasalliklarga moyillik homiladorlikning nomaqbul kechishi natijasida kelib chiqadi.

Kasallik yuzda boshlanadi, bolaning yuzi qizaradi, shishadi, taranglashadi va eroziv chandiq hosil qiluvchi pufaklar hosil bo‘ladi. Pufaklar kechqurun kuchayuvchi kuchli qichishish bilan birga kechadi. Jarayon yuzdan boshning sochli qismiga, quloqlarga, bo‘yinga, badanga va qo‘llarga o‘tishi mumkin. Kechishi uzoq muddat kechadi, ahvolining og‘irlashishi yaxshilanishi bilan almashib turadi.

Bolaning yoshi kattalashishi bilan, asosan 3-5 yoshda ko‘pchilik bolalar tuzalib ketishi mumkin.

Davolash kompleksli bo‘lishi kerak. U asosan dieta va atrof-muhitni nazoratiga asoslangan.

Tashqi davolash atopik dermatit fazasiga qarab buyuriladi. O‘tkir fazasida antiseptiklarning suvli eritmalaridan tayyorlangan bog‘lamlar buyuriladi.

Atopik dermatit bilan kasallangan bemorlarda profilaktik emlashlar o‘tkazishda, antibiotik va boshqa vositalarni berishda o‘ta ehtiyotkorlik talab etiladi.

Eshakemi

Kasallik o‘zida turli xil endogen va ekzogen faktorlar tufayli kelib chiquvchi allergiyaning sekin rivojlanuvchi tipini aks ettiradi.

Eshakemida pufaklarning hosil bo‘lishi kapilyarlar o‘tkazuvchanligining oshishi va perivaskulyar bo‘shliqdagi shishlarga asoslangan.

Eshakemi terining har qanday sohasida uchrovchi bir qancha, kuchli qichishuvchi, och-pushti rangli, turli shakldagi, zich konsistensiyali po‘rsildoqlarning paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi. Po‘rsildoqlarning hosil bo‘lishi asosan 1-2 soat davom etadi, keyin ular izsiz yo‘qoladi, lekin yangilari paydo bo‘lishi mumkin. Odatda eshakemi bir necha kun, lekin ba’zan oylab davom etishi mumkin.

O‘tkir eshakemi lohaslik, bosh og‘rig‘i, qichish bilan birga keladi.

Ulkan eshakemi yoki o‘tkir chegaralangan Kvinke shishi.

Bu kasallikda dastlab teri osti kletchatkasida jarayon boshlanadi, unda shish ekssudati yig‘iladi va mahalliy qavariq hosil bo‘ladi.

Klinik jarohatlangan soha tezda teriga tarqaladi, u shishasimon, biroz pushti rangga kiradi. Shish bir necha soatdan  2-3 kungacha saqlanadi va izsiz yo‘qoladi.

Halqum sohasidagi Kvinke shishi o‘ta xavfli. Bemorlarda ovoz xirillashi, yo‘tal, nafas olishning qiyinlashuvi, hansirash, sianoz paydo bo‘ladi. Kerakli yordam choralari ko‘rsatilmaganda bemorlar asfiksiyadan vafot etishlari mumkin.

Davolash va parvarishlash

Samarali davolash uchun keltirib chiqaruvchi sababni aniqlash kerak, lekin bu har doim ham aniqlanavermaydi.

O‘tkir eshakyemida ichni suruvchi va sutli-o‘simlikli dieta buyuriladi.

Qichishishni kamaytirish uchun antigistaminlar odatdagi dozada buyuriladi.

Surunkali formalarida esa eshakemini keltirib chiqaruvchi sababni yo‘qotishga qaratilgan davo qo‘llaniladi.