10:54 / 26.10.2022

Bronxial astma turlari, kelib chiqish sabablari va davolash usullari

Bronxial astma nafas yo‘llarining surunkali kasalligi bo‘lib, uning asosida doimiy yallig‘lanish belgilari yotadi. Yallig‘lanish jarayonida bronxlar sezuvchanligi ortib, natijada bronx-o‘pka tizimida o‘zgarishlar yuzaga keladi.

Bronxial astma nafas yo‘llarining surunkali kasalligi bo‘lib, uning asosida doimiy yallig‘lanish belgilari yotadi. Yallig‘lanish jarayonida bronxlar sezuvchanligi ortib, natijada bronx-o‘pka tizimida o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu o‘zgarishlar bemorlarda takror-takror nafas qisishi, hansirab qolish, ko‘krak qafasida xirillash va og‘irlik paydo bo‘lishiga hamda kechalari yo‘tal xuruji tutishiga olib keladi. Astma so‘zi “bo‘g‘ilish”, “hansirash” ma’nolarini bildirishi bejizga emas. Chunki bronxial astmaga duchor bo‘lganlar bronxlar shilliq qavatining shishishi, shilliq ishlab chiqarishning kuchayishi va bronxspazm tufayli tez-tez nafas qisishidan shikoyat qiladilar.

Xastalikning ilk xurujlari bolalikda yoki balog‘atga yetish davrida boshlanishi mumkin. Ayrim odamlarda esa bu kasallik keksalik yoshida ham rivojlanadi. Bronxial astma ko‘pincha biror kasallik (nafas yo‘llarining jiddiy yallig‘lanishi, zotiljam, qizamiq, ayollarda jinsiy a’zolar yallig‘lanishi) yoki qattiq asabiylashish va ruhiy zo‘riqishdan keyin paydo bo‘ladi. Yozning o‘zgaruvchan kunlarida, ayniqsa ob-havo sovuq va nam bo‘ladigan ko‘klam hamda kuz fasllarida bronxial astma xurujlari kuchayadi.

Kasallik tarixi

Gippokrat zamonida (miloddan avval) ham ayni bahor kezlarida o‘simliklar changining atrofga tarqalib kishilarda allergiya qo‘zg‘ashi ma’lum bo‘lgan. Lekin u vaqtlarda allergiya holatidan hech kimning xabari yo‘q edi. Gippokrat nafasi qisib qolgan bemorlarga efedra giyohini yoqib tutunidan hidlash zarurligini tavsiya etgan.

Abu Bakr ar-Roziy “Tibbiyotga doir mukammal kitob” asarida bironxial astma alomatlarini batafsil bayon etib ba’zi gullarning va ayrim ovqat mahsulotlarining bu kasallikka sabab bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Keyinchalik esa Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” ning uchinchi kitobida astma to‘g‘risida so‘z yuritib, bu kasallik xurujlari boshlanishida tabiiy va iqlimiy omillarning ahamiyati katta ekanini qayd etadi. Nafas qisishi xurujlarining badan terisiga toshma toshishi bilan birga davom etishini ham ibn Sino birinchi bo‘lib kuzatgan.

O‘n sakkizinchi asrda bir qancha olimlar astmani “asabiy holatlar natijasida o‘pkaning tirishib qisilishidan” boshlanadigan alohida bir turdagi hansirash deya fikr bildirishgan. Rus terapevti Sokolskiy fikriga ko‘ra xurujlar asosan kechalari, ya’ni odamning his-tuyg‘ulari junbushga kelganda vegetativ asab tizimi qo‘zg‘alishi natijasida tutib qoladi, bu ko‘pincha bronxial astmaning psixonevroz holati sifatida talqin etiladi.

O‘n to‘qqizinchi asr boshlariga kelib avstriyalik pediatr shifokor Pirke “allergiya” atamasini klinik amaliyotga birinchi marta joriy etdi. Pirke ko‘pgina kishilarning organizmi befarq bo‘ladigan moddalarga nisbatan ayrim odamlarning organizmi o‘ta sezgir bo‘lishini payqadi. Uning ta’kidlashicha astma allergik kasallik hisoblanib, bu – organizmning ayrim ta’sirlarga javoban odatdan tashqari, ya’ni boshqacha tarzda javob berishidir.

Dard qo‘zg‘atuvchi “Tangacha”lar

Bronxial astma juda ko‘p sabablarga ko‘ra kelib chiqadi. Barcha allergik kasalliklardagi kabi bronxial astma ham “allergen” deb ataladigan ba’zi moddalarga organizm sezgirligining oshishi tufayli paydo bo‘ladi. Allergenlar organizmga nafas, ovqat hazm qilish yo‘llari, teri va shilliq pardalar orqali kirishi mumkin. Unutmaslik kerakki, allergenlar bronxial astmadan tashqari eshakem, kon’yunktivitrinitmigren singari kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.

Olimlarning kuzatish natijalariga ko‘ra, quyidagilar bronxial astma xurujlarini qo‘zg‘atadi:

  • mushuk, it junlari, uyda boqiladigan qush va parrandalarning patlari;
  • akvariumdagi baliqlar tangachalari, shuningdek ularga oziqa sifatida beriladigan dafniya tolqonlari;
  • tuxum, shokolad, asal, qulupnay, apelsin, yong‘oq singari iste’mol mahsulotlari;
  • kundalik turmushda ishlatiladigan kimyoviy moddalar (masalan kir yuvish vositalari, hasharotlarga qarshi zaharli sepmalar, ho‘l va quruq mevalarni uzoq saqlash uchun qo‘llaniladigan dorilar);
  • kutubxonalarda saqlanayotgan eski kitoblarning gardlari, devorga osilgan yoki polga to‘shalgan gilamlarning changlari.
  • Bulardan tashqari, xonadonlardagi uy kanalari (eskirgan jun adyol va paryostiqlarda ko‘p uchraydi), xovlilarda o‘sadigan ba’zi daraxtlar (chinor, terak), hayvonlar (xonaki issiqqonli jonivorlar) , oziq-ovqatlar (sitrus mevalar va donli mahsulotlar) dorilar (penitsillin, streptomitsin, aspirin, sulfanilamidlar uzoq vaqt qabul qilinganda) ham kishilarda bronxial astmani yuzaga keltiradi.

    Shuningdek chaqaloqligida ko‘krakdan erta ajratilib sun’iy ovqatlar bilan boqilgan ba’zi bolalarga yuqorida ta’kidlangan mahsulotlar berilsa, ularning badaniga toshma toshishidan boshlab to bronxial astma xurujigacha olib boradigan allergik kasallik belgilari paydo bo‘lishi mumkin.

    Ko‘krak qafasi qisiladi

    Nafas qisish bronxial astmaning asosiy klinik belgisi hisoblanadi. Ba’zi bir allergenlarning ta’siri, yallig‘lanish kasalliklarining qaytalanishi, asabiy-ruhiy zo‘riqish holatlari xuruj avj olishiga turtki beradi.

    Kasallikning xurujlari to‘rt bosqichda kechadi.

    Birinchi bosqichda xurujdan bir necha daqiqa yoki bir necha soat oldin bemorni yo‘tal tutadi, tomog‘i, ko‘zlari, teri yoki quloq suprasi qichishadi. Bemorda peshob ajralishi kuchayadi. Bu bronxial astma xurujining ilk darakchi belgisi.

    Ikkinchi bosqich bo‘g‘ilishlar bilan kechadi. Xuruj vaqtida nafas yo‘llaridagi mayda bronxlar torayadi, ularning shilliq qavati shishib bronx naychasida shilimshiq modda ajraladi. Bemorning ko‘krak qafasi siqiladi, u to‘liq nafas chiqara olmaydi. Ko‘pincha nafas chiqarish hushtaksimon xirillashlar bilan kechadi. Bemorning yuzi ko‘pchiydi, ko‘karadi, bo‘yin venalari shishadi.

    Aynan shu bosqichda bemorni vaqti-vaqti bilan qiynoqli yo‘tal tutadi, u balg‘am tashlaydi. Balg‘am quyuq, yopishqoq, ba’zan ko‘pikli bo‘ladi. Xurujlar uzoq muddat davom etsa, jigar kattalashadi va oyoqlarda shish yuzaga keladi.

    Uchinchi bochqichda xurujlar tez-tez qaytalanadi, ko‘p miqdorda balg‘amli yo‘tal paydo bo‘lib bu bemorga yengillik beradi. Ba’zan kutilmaganda xuruj tutib bemorning ish faoliyati susayadi, uyqusi yomonlashadi.

    To‘rtinchi bosqich og‘ir kechadi, ya’ni kasallik tez-tez qo‘zib turadi. Muolajalar olinishiga qaramasdan, tungi xurujlar tez-tez ro‘y beradi, bemorning jismoniy faolligi cheklanadi. Ushbu bosqichning salbiy tomoni shundaki, bronxial astma surunkali bronxit bilan rivojlana boshlaydi. Bu esa o‘z navbatida surunkali nafas yetishmovchiligi yoki o‘pka emfizemasi (o‘pka pufakchalari – alveolalarning kengayishi)ga olib keladi.

    To‘rtta bosqichda ham kasallik zo‘rayib ketaversa va uzoq muddatli og‘ir nafas qisish xurujlari ro‘y bersa bemor organizmida muhim a’zolar ishi yomonlashadi. Masalan yurakning elektr o‘qi o‘ngga qarab siljiydi, shuningdek o‘pka tizimida ham xavfli o‘zgarishlar yuzaga keladi. Hatto qovurg‘alar oralig‘i kengayadi, bora-bora o‘pka faoliyati keskin buzilishi mumkin.

    Kasallikning turlari

    Atopik turi

    Kasallikning atopik turi ko‘proq yoshlarda uchraydi. Nafas qisish xurujlari bemorning bir necha xil omillar (masalan chang, ovqat allergenlari, dorilar)ga duch kelganidan so‘ng boshlanadi. Birdaniga ro‘y bergan xuruj to‘xtashidan oldin bemor rangsiz, yopishqoq balg‘am ajratadi. Bu vaqtda qonda gistamin (biogen aminlar qatoriga kiradigan fiziologik faol modda) miqdori ortadi.

    Infeksion-qaram turi

    Infeksion-qaram turdagi bronxial astma ko‘pincha 35-45 yoshlarda rivojlanadi. Kasallik asta-sekin boshlanib, qaytalanish davri uzoq muddatga cho‘ziladi va og‘ir kechadi. Ko‘p hollarda astma belgilari bronxit alomatlari bilan birgalikda rivojlanadi. Bu vaqtda bemor balg‘amida leykotsitlar (oqqon tanachalari) miqdori ortadi.

    Autoimmun turi

    Bronxial astmaning autoimmun turi uzluksiz qaytalanishi va og‘ir kechishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu kasallik belgilari kishining yoshlik chog‘laridayoq shakllanib ulguradi va keyinchalik zimdan rivojlanib, birdaniga yuzaga chiqadi.

  • Disgormonal turi

    Disgormonal turdagi bronxial astmaning ayollarda kuzatilishi og‘ir oqibatlarga olib keladi. Ya’ni tuxumdon faoliyati buzilishi, hayz ko‘rishdan oldin, hayz vaqtida yoki klimiks davrida bemorlarning ahvoli yomonlashishi mumkin. Bunday vaqtda gormonal dorilar bilan davolashni to‘xtatishga urinish ahvolni battar mushkullashtiradi.

    Asabiy-ruhiy tur

    Asabiy-ruhiy turdagi astmaga chalinganlar axvoli so‘rab surishtirilganda, ruhiy shikastlanishlar, ziddiyatli holatlar, jinsiy faoliyatdagi o‘zgarishlar, bosh miya jarohatlari xurujlar boshlanishiga boshlanishiga sabab bo‘lishi aniqlangan.

    Disadrenergik tur

    Disadrenergik turdagi astmada bemor qonida qand miqdori kamayadi.

    Xolinergik turi

    Xolinergik turida astma rivojlanishi adashgan nervlar faolligining oshishi bilan bog‘liq kechadi. Bunda bemor burnidan ko‘p suyuqlik ajraladi, tungi nafas qisishlari ro‘y beradi. Bemor ko‘zdan kechirilganda qizil dermografizm (terida iz qolishi) kuzatiladi.

    Jismoniy-zo‘riqish astmasi

    Jismoniy-zo‘riqish astmasi esa bronxlarning birlamchi reaktivligi o‘zgargan bemorlarda kelib chiqadi.