Bosh suyak osteomalari
Bosh suyak osteomalari xavfsiz, sekin o‘suvchi suyak o‘smasidir. Ko‘pincha kanserogen moddalar, radiatsiya nurlari va nasliy omillar osteomalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bosh jarohatlanishi ham oradan yillar o‘tgach osteomaga sabab bo‘ladi.
Kichik hajmdagi osteoma bemorni bezovta qilmaydi, og‘riq deyarli sezilmaydi, lekin yillar o‘tgani sari o‘sma kattalashib, og‘riq va shish hosil qiladi. Bunda o‘sma bosh miyani ezib qo‘yishi, burun bo‘shlig‘iga yaqin joylashgani esa nafas yo‘llarini berkitib qo‘yishi mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, osteomalar ko‘proq o‘smirlar va erkaklar orasida uchraydi. Osteomalarning avloddan avlodga o‘tish ehtimoli juda ham kam. O‘smalarning bir necha turi farqlanadi:
- Bosh suyagi tashqi qavatidan o‘suvchi osteomalar.
- Bosh suyagining ko‘z kosalari oralig‘idagi g‘alvirsimon osteoma.
- Miya qattiq pardalariga o‘sib kirgan osteoma.
O‘sma dastlab paydo bo‘lganida juda kichik hajmda, bemorni deyarli bezovta qilmaydi. Shu sababli ham bemorlarning aksariyati, o‘sma kattalashib ketganidan so‘ng mutaxassisga murojaat qilishadi, bu esa o‘z navbatida davolashni qiyinlashtiradi.
Osteomaning xavflilik jihati boshning qaysi qismida joylashganligiga bog‘liq. Kasallikni tashxislash uchun bosh suyak rentgenografiyasi yoki suyak rejimidagi komp’yuter tomografiya tekshiruvi o‘tkazilishi maqsadga muvofiq. Olingan natijalarda osteoma tashxisi tasdiqlansa, avvalo o‘sma hajmi va joylashgan joyiga ahamiyat beriladi.
Osteomaning kechishi uning joylashishi sohasiga bog‘liq. Osteoma bosh suyagining tashqi tomonida joylashganda u og‘riq bermaydi, qimirlamaydi, qattiq va zich tuzilishga ega, sirti silliq bo‘ladi.
Bosh suyagining ichki tarafida joylashgan osteoma xotira buzilishi, bosh og‘rig‘i, kalla suyagi ichi bosimi oshishiga sabab bo‘lishi va hatto epileptik xurujlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Osteoma turk egarchasi sohasida joylashganda gormonal buzilishlar rivojlanishiga turtki beradi.
O‘lchami 1-2 sm li osteomalar oy yoki yillar davomida kuzatilib, o‘sish tezligi aniqlanadi. Ular juda sekin o‘sganligi, ayrimlari esa umuman o‘smasligini hisobga olinib bemorlarda jarrohlik amaliyoti qo‘llanilmaydi. Lekin bemorlar davriy ravishda shifokor nazoratidan o‘tib turishadi. Agar osteoma o‘lchamlari 3 sm va undan katta bo‘lsa, bunday holatlarda faqat jarrohlik usulida davolashga kirishiladi. Jarrohlik amaliyotidan keyin og‘ir nevrologik asoratlar deyarli kuzatilmaydi.
Ilgarilari osteomani davolash uchun bosqichli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilar edi. Birinchi bosqichda, bosh suyagidagi osteoma o‘smasi olib tashlanar, ikkinchi bosqichda esa bemor qaytadan operatsiya stoliga yotqizilib, operatsiyadan qolgan bosh suyagidagi nuqson (suyak teshigi) sun’iy implant bilan to‘ldirilar edi. Hozirgi vaqtga kelib, bu ikki bosqich bitta operatsiyaning o‘zida bajarilmoqda. Ilgari qo‘llangan ikki bosqichli operatsiyada bemor bosh suyagidagi nuqsonlar to‘ldirilgunicha qadar nogironlik guruhiga o‘tardi. Jarrohlikning yangi usuli esa bemorlarning tuzalishini osonlashtirish bilan birga, davolanish uchun ketuvchi vaqtni ham qisqartirmoqda.
Boshida osteoma o‘smasi bor bemorlar muntazam kuchli aqliy faoliyat bilan shug‘ullanishdan, depressiya va stresslardan, turli zararli kimyoviy moddalardan o‘zlarini himoya qilishlari kerak. Osteoma jarrohlik yo‘li bilan olib tashlanganidan keyin ham, bemorga vaqtinchalik yengil kun tartibidagi ish faoliyatiga o‘tish tavsiya etiladi. Oradan ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng, bemorning umumiy ahvoliga qarab, bosqichma-bosqich odatiy yashash tartibi tayinlanishi mumkin.
Bosh suyak osteomalari sekinlik bilan o‘suvchi xavfsiz o‘smalar bo‘lib, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilinganda katta muvaffaqiyat bilan davolanadi. Osteoma paydo bo‘lishi bilanoq bemor ortiqcha xavotirsiz tezroq mutaxassis ko‘rigidan o‘tgani ma’qul.