Pollinoz changga allergiyami?
Fasllar kelinchagi bahorni kim sevmaydi deysiz. Borliq yashil rangga burkanadi. Ayniqsa, daraxtlar, yam-yashil oʻsimliklar, rang-barang gullar – butun olamga oʻz chiroyini koʻz-koʻz qiladi va bizni sehrlab qoʻyadi. Toʻyib-toʻyib koʻklam taftini, gullar ifo
Ammo taassuflar boʻlsinki, hammamiz ham shunday qila olmaymiz, bizni hayajonga solgan gullar changi hamisha ham salomatligingizga ijobiy taʼsir etavermaydi. Ularning baʼzilari tibbiyot tilida allergiya deb atalgan va hozirda koʻpchilikni qiyin ahvolga solib qoʻyayotgan xastaliklarni qoʻzgʻaydi. Shunday oʻsimliklar singari, turli xil neʼmatlar, moddalar shu xususiyati uchun allergen deb ataladi.
Uy va oʻsimliklar changlari, uy hayvonlarining terisi, qazgʻogʻi va junlari, har xil dori-darmonlar va bir qator oziq-ovqatlar allergik xastaliklarni zohir qilishi mumkin. Ammo, barcha oʻsimlik va gullar ham bunday holatni keltirib chiqaravermaydi. Chunonchi, shimolda fazoga taralgan oʻsimlik gullari changlarining baʼzi birlari allergiya belgilarini keltirib chiqarishi mumkin. Bu allergenlar aksariyat kishilarda tumov xastaligi yoki (“polin” inglizlarda oʻsimlik changi degani) boshqa ibora bilan aytadigan boʻlsak – “pichan isitmasi” shaklida namoyon boʻladi.
Pollinoz kasalligi sabablari
Bu xastalikni keltirib chiqaruvchi bizga maʼlum omillarga terak, shaftoli, majnuntol, chinor singari daraxtlarning gullari, shuningdek, ismaloq, suli, togʻ yalpizi, ermon, burgan, sassiq va xushboʻy shira, makkajoʻxori, shuvoq, kungaboqar va boshqa oʻnlab oʻsimliklarning gullari changini kiritish mumkin.
Bu oʻsimliklarni shartli ravishda 2 guruhga boʻlish mumkin: shamolda changlanuvchi va hasharotlar yordamida changlanuvchi oʻsimliklar.
Pollinoz belgilari
Yuqorida sanab oʻtgan oʻsimliklarning gullash davriga qarab xastalik xuruj qiladigan davr boshlanadi. Bunda bemorning burundan nafas olishi birmuncha qiyinlashadi (baʼzan burun butunlay bitib qolib, bemor faqat ogʻizdan nafas oladi), betinim aksa uradi, burunning shilliq qavati shishadi, oʻtkir tumov alomatlariga xos belgilar boshlanarkan, hatto bemorga dastroʻmolcha yetkazish qiyin boʻlib qoladi. Shuningdek, bemorda burun, tanglay, koʻz qichishadi. Koʻzdan ketma-ket yosh oqadi. Ertalablari koʻz atrofi shilliq pardasida yiring paydo boʻlishi ham mumkin.
Bundan tashqari, bemorlarda umumiy ahvolning ogʻirlashishi, bosh ogʻrigʻi, baʼzan quruq yoʻtal, serjahllik, tez charchash alomatlari qoʻshilib boradi. Allergik tumovning xuruji shunchalik kuchli boʻladiki, hatto bemorni vaqtincha ishga yaroqsiz ham qilib qoʻyishi mumkin. Bemorda tumov kuchaya borib, burun shilliq qavatining qon bilan taʼminlanishi buziladi.
Xastalikning qanchalik ogʻir oʻtishi havodagi oʻsimlik changlari miqdoriga, kasallikning mavsumiy oʻtishiga va har bir bemorning changga nisbatan sezgirlik darajasiga bogʻliq. Ayniqsa, hidga nisbatan oʻta sezgir bemorlarda havodagi turli hidlarning sal ortishi, havo haroratining oʻzgarishi ham oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Xastalik havo quruq, issiq boʻlib shamol esgan kunlari nihoyat darajada kuchayadi va aksincha, biroz sovuq havoda yoki hatto ertalabki salqinlik vaqtida ancha “qoʻyib” yuboradi yoki moʻtadillashadi.
Yuqorida bayon qilib oʻtilgan holatlarga mayda bronx va bronx shilliq qavatlari ham qoʻshilsa, u holda bemorning nafas olishi qiyinlashadi, natijada “chang astmasi” belgilari vujudga keladi. Bunda bemorning koʻrinishi oʻzgarib, yoʻtaladi, nafas olish va chiqarish ogʻirlashadi, bemor boʻgʻila boshlaydi. Koʻkarib ketadi. Bu holatni allergik tumov bilan ogʻrigan va ogʻriyotgan bemorlarning 20 foizida kuzatish mumkin.
Faqatgina oʻsimlik changigina aybdormi?
Xoʻsh, odamlarning shunday aziyat chekishlariga faqat oʻsimlik changigina aybdormi? Yoʻq, albatta bu “aybdor”lar qatoriga xastalikning avj olishiga turtki boʻladigan boshqa omillar ham kiradi. Jumladan, xalq xoʻjaligi tarmoqlariga kimyoviy moddalarning tobora koʻproq kirib kelayotgani, atrof-muhitning ifloslanishi, ayniqsa havo oqimida kanserogen, allergik va boshqa moddalarning kundan-kunga ortib borishi, kimyoviy dori-darmonlarning tabobat olamida keng va beqiyos darajada koʻp ishlatilishi, ayniqsa bemorlarning shu dorilarni nazoratsiz pala-partish “oʻzbilarmonlik” bilan isteʼmol etishlari allergiya xastaligi keng tarqalishiga sabab boʻladi. Shunday ekan darddan forigʻ boʻlish yoʻli bormi, degan savol tugʻilishi tabiiy albatta. Eng avvalo shuni aytib oʻtish kerakki, koʻpchilik bemorlar xastalikning boshlanish davrini “oʻtkazib” yuboradilar. Tumov boʻlibman deya oʻzbilarmonlik bilan dori-darmon qilishadi.
Pollinoz kasalligini davolash
Xastalikni oddiy dori-darmonlar bilan davolash esa har doim ham koʻngildagidek natija beravermaydi. Chunki ularning baʼzilarining oʻzi bemorda qoʻshimcha allergik holatni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun allergiyaga moyil bemor har bir dorini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan yondashib, avval “sinab koʻrib” soʻng isteʼmol qilishi zarur.
Bunda xastalik alomatini sezgan bemor zudlik bilan allergolog-shifokorga uchrashi va nazoratida boʻlishi kerak. Xastalikning oldini olish uchun imkon qadar allergendan uzoqda boʻlish, uning gullash davrida havo almashtirish – iqlimi namroq yerlarda dam olishga borish, agar buning iloji boʻlmasa, allergen oʻsadigan dalalarga, dala hovlilarga, bogʻlarga bormaslik kerak. Agarda shu yerda xizmat qilishga toʻgʻri kelib qolsa, u holda koʻz uchun himoya oynagi va niqobidan foydalanish maqsadga muvofiq. Bu esa yuqori nafas yoʻllariga allergenlar taʼsirini bir oz boʻlsada kamaytiradi.
Pollinoz xastaligiga chalingan bemorlar oʻz organizmlari, ayniqsa yuqori nafas yoʻllarini chiniqtirishlari lozim. Yovvoyi holda oʻsib, atrof-muhitga oʻz allergenlarini tarqatuvchi ermon, shuvoq, shoʻra, burgan, ismaloq singari giyohlarni yoʻqotish, xastalikni oldini oluvchi omillardan biridir. Xastalik avj olgan davrda hamda xuruj nafas siqish jarayoni bilan kechayotgan davrda shamollab qolmaslik, muzdek chanqovbosdi ichimliklarni isteʼmol qilmaslik darkor.
Shuningdek, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, bemor yotadigan xonada chang tutuvchi narsalar: gilam, paryostiq saqlanmasligi, xonani nam latta bilan tez-tez artish, tozalash lozim. Bulardan tashqari, bemorning ovqatlanishiga eʼtibor muhim oʻrin tutadi. Oʻz vaqtida tarkibida allergenlar boʻlmaydigan yoxud allergiyani qoʻzgʻatmaydigan ovqatlarni isteʼmol qilish lozim. Baliq, asal, limon, pista-bodom, tortlar, tovuq goʻshti, tuxum, shokolad, apelsin, xolva, pista yogʻi, rangli chanqovbosdi ichimliklar singari allergiyani qoʻzgʻatadigan va uni zoʻraytiruvchi oziq-ovqatlardan oʻzini tiyish yaxshi samara beradi.
Umuman, allergiya odamni ancha sarosimaga solib qoʻyadigan, baʼzan uzoq yillar davom etadigan xastalikdir. Xastalik qanchalik oʻz vaqtida aniqlanib, davolansa, shunchalik qisqa vaqt ichida undan butunlay holi boʻlish mumkin. Buning hammasi oʻzimizga bogʻliqdir.