16:17 / 28.09.2022

Qo‘l–oyoq uvushca, bunga befarq bo‘lmang.

Bir tomonga qarab ko‘proq yonboshlab yotsangiz, yo o‘tirsangiz, qo‘l va oyog‘ingizda kuchli «jimirlash» sezilsa va bu holat o‘z ta’sirini yo‘qotmaguncha harakatlanolmay qolsangiz, bu – sizda yurak-qon tomiri kasalligi rivojlanayotganidan darak berishi mumk

Bir tomonga qarab ko‘proq yonboshlab yotsangiz, yo o‘tirsangiz, qo‘l va oyog‘ingizda kuchli «jimirlash» sezilsa va bu holat o‘z ta’sirini yo‘qotmaguncha harakatlanolmay qolsangiz, bu – sizda yurak-qon tomiri kasalligi rivojlanayotganidan darak berishi mumkin.

Quyida sizga oliy toifali shifokor, nevropatolog  Ne’mat UMAROVning “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusi asosida tayyorlangan materialni havola qilamiz.

Tanadagi kichik bir o‘zgarish ham biror kasallikdan darak berishi mumkin. Kundalik hayotda qo‘l va oyoqlarning uvishishi asosan, ularga  butun og‘irligimizni tashlab o‘tirishimiz yoki yonboshlab yotishimizdan kelib chiqadi. Bunda qo‘l yoki oyoqlardagi asab tomirlari ezilgan bo‘ladi. Natijada «nishondagi joy»da  qon aylanish ancha sust­lashadi va «jimirlash» —  uvishish kuzatiladi.

Bu – qonning quyuqligidan darak

Qo‘l-oyoqlarning uvishishi sovuqdan, og‘ir yuk ko‘tarishdan, bosh miyada, shuningdek, tanada qonning yaxshi aylanmasligidan, chekish, me’yoridan ortiq alkogol iste’mol qilish tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlarda ham qo‘l-oyoqlar uvishadi. Muntazam ravishda uvishish qon quyuqligidan darak beradi.

Qo‘l-oyoqlarning tez-tez uvishib turishi esa asosan, 40-50 yoshdagi odamlarda kuzatiladi. Bu yoshdagilar tanasidagi xolesterin miqdorini har zamonda tekshirib turishlari kerak. Chunki qon tomirlari devorida xolesterin moddasining ko‘payib ketishi oqibatida qon yurishi ancha qiyinlashadi. Shundan ke­yin tez-tez o‘ng qo‘l, o‘ng oyoq yoki chap qo‘l, chap oyoq uvishishi kuzatiladi. Agar buning o‘z vaqtida oldi olinmasa, ishimik insult yoki infarkt xas­taliklari kelib chiqadi.

Badantarbiya yordam  beradi!

Yoshlarda bu holat asosan tanada qon yaxshi aylanmasligi sababli yuzaga keladi.  Turli jismoniy mashqlar (davolovchi badantarbiya) yordamida bu muammoni hal qilish mumkin.

Agar bu holat uzoq muddat davom etayotgan bo‘lsa, zudlik bilan  shifokor-nevropatologga murojaat qilish maqsadga muvofiq.