14:03 / 28.09.2022

Titroq kasaligi

Bugun odamlar ilgariga qaraganda uzoqroq umr ko’rar ekan, keksa yoshga xos kasalliklar ham ko’paymoqda. Ulardan biri - miya va asab tizimini ishdan chiqaradigan Parkinson xronik xastaligi. Unga odatda yoshi 50 dan oshganlar chalinadi. Hozircha davo yo’q. T

Sara Teylor sog’lig’i yomonlashganini sezsa-da, Parkinsonga chalinganini hech bilmagan edi.

“Tashxisni eshitib dahshatga tushdim. Lekin kasalligimni aniq bilganim yaxshi bo’ldi”.

Besh yil bo’ldi. Sara Vashingtondagi kasalxonaga davolanish uchun kelganida qadam bosishga qiynalar edi.

“Boshida o’zimni juda yomon his qilganman. Tik turolmasdim, o’rnimdan turish qiyin edi. Butun vujudim azobda edi,” - deya eslaydi u.

Endi esa kasallik simptomlari ancha kamaygan.

“Doktor tavsiyalariga rioya qilganim uchun ahvolim yaxshilandi”, - deydi Sara.

U har kuni jismoniy mashqlar qiladi, dorilarini vaqtida ichadi.

Parkinson kasalligiga chalingan odamda miyadagi dopamin, ya’ni mushaklar harakatini nazorat qiluvchi kimyoviy moddani ishlab chiqaruvchi hujayralar ishdan chiqadi. Sabablar hozircha noaniq. Ayrim shifokorlar gap genetikada deydi. Yaqinda BMT o’tkazgan tadqiqot natijasida inson kundalik hayotida duch keladigan qator kimyoviy moddalar xastalikka sabab bo’lishi mumkinligi aniqlandi.

Parkinson, ya’ni titroq kasalligiga nima sabab bo’lishidan qat’i nazar, tashxis qo’yilishi bilan uni davolay boshlash kerak.

Biroq titroq boshlanganida kech bo’lishi mumkin, deydi nufuzli Klivlend kasalxonasi shifokori Xyubert Fernandez:

“Bu paytga kelib miyadagi hujayralarning kattagina qismi o’lib bo’ladi. Biz, shifokorlarga Parkinsonni aniqlovchi alohida test kerak. Odam badanida titroq boshlanishidan oldin, ya’ni kasallikning eng birinchi alomatlari ko’zga ko’rinmay turib uni aniqlaydigan test”.

Bunday ko’rik turi hozircha yo’q. Ammo kasallik rivojini sekinlashtirish yo’li bor, deydi Chikagodan taniqli olim, fiziolog Jim Surmayer “Skype” orqali intervyuda.

“Biz miyaning kasallik oldidagi eng ojiz hujayralarini o’rgandik. Bu hujayralar katta miqdorda kalsiy moddasini o’ziga tortib olishini aniqladik”.

Kalsiy asta-sekin dopamin ishlab chiqaruvchi hujayralarni o’ldiradi. Parkinson aynan shunday boshlanadi. Doktor Surmayer ishlaydigan Shimoli-g’arbiy universitet olimlari hujayralarning kalsiyni tortib olish qobiliyatini cheklaydigan dori ishlab chiqdi. Salbiy asoratlari yo’q.

Tadqiqotchi Tanya Simuni:

“Bu dori Parkinson kasalligi sabab boshlanadigan nogironlikni to’xtatish mumkinmi? Shuni aniqlamoqchimiz”.

Hozirda mavjud vositalar titroqni kamaytirib, harakatni osonlashtiradi. Lekin dorilar 5-10 yil samara beradi. Olimlar bu muddatni uch baravar uzaytiradigan yangi preparat kashf etsa, Sara kabi bemorlar hayoti ancha osonlashadi. Axir dunyoda Parkinson xastaligi bilan yashayotganlar soni 10 million odamdan ko’p.