16:39 / 27.07.2022

SALMONELLYOZ — ALOMATLARI, ASORATLARI, TASHXISLASH, DAVOLASH VA OLDINI OLISH

Salmonellyoz — bu salmonella avlodiga mansub bakteriyalar tomonidan keltirib chiqariladigan, fekal-oral mexanizm bilan yuqadigan, asosan oshqozon-ichak traktining zararlanishi bilan kechadigan o’tkir yuqumli kasallik hisoblanadi.

Kasallikning kechish tabiati har bir holatda farq qilib, alomatlarsiz shikastlanishdan to toksik va degidratatsion shok darajasigacha boradi. Patogenlar organizmga asosan ifloslangan yoki noto’g’ri qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlari iste’moli natijasida kiradi.

TARQALGANLIGI

Salmonellyoz — butun dunyo bo’yalb tarqalgan ichak infektsiyasi. So’nggi 10 yil ichida bemorlarning turli guruhlari orasida kasallik tarqalishining o’sish tendentsiyasi kuzatilmoqda. Infektsiya manbai hayvonlar va odamlar sanaladi (bemor va bakteriya tashuvchisi). Salmonellyozning tarqalishida asosiy rol infektsiya alomatlarsiz (bakterial tashish) yoki aniq namoyon bo’lishi mumkin bo’lgan hayvonlar hissasiga to’g’ri keladi.

Odamlar uchun uy hayvonlari, shuningdek go’sht uchun mo’ljallangan qoramol va cho’chqa kabi chorva hayvonlari katta xavf tug’diradi. Kasallikning epidemik shakllari rivojlanishida yuqish darajasi parrandalar orasida 50% dan oshishi mumkin, cho’chqalarda — 2,8-20%, qo’y va echkilarda — 1,8-4,4%.

Ko’pincha ichak infektsiyalari ijtimoiy-iqtisodiy sharoit noxush bo’lgan, sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilish ko’rsatkichi past bo’lgan hududlar uchun xos bo’lgan kasallik deb hisoblanadi. Biroq bu salmonellyozga taalluqli emas, chunki u ko’pincha sanitariya-gigiena yaxshi tashkil etilgan katta shaharlarda va kichik aholi punktlarida ham, ya’ni hayvonlar yoki oziq-ovqat mahsulotlari mavjud bo’lgan joylarda bir xilda uchraydi.

Salmonellyoz xavfli yuqumli kasallik bo’lib, o’limga olib kelishi mumkin. Umumiy o’lim darajasi 1-3% ni tashkil qiladi. Kasallikdan ko’proq bolalar aziyat chekadi va ularda kasallikning og’ir shaklda kechish ko’rsatkichi yuqori bo’ladi, buning natijasi o’laroq 2-3 yoshgacha bo’lgan chaqaloqlar orasida o’lim darajasi 3-5% gacha yetishi mumkin. Bundan tashqari, kasallikning o’tkir shaklida bemorlarning 1-2 foizida o’lim kuzatilsa, infektsiyalanganlarning 20 foizida kasallik alomatlarsiz kechadi.

gh.uz

РЕКЛАМА

2х -ком квартира со скидкой до 63 млн сум

 

EPIDEMIOLOGIYASI

Salmonellyoz tezda epidemik tus olishi bilan xavfli sanaladi, u sporadik holat va epidemik chaqnashlar sifatida qayd etiladi, ularning kelib chiqish manbaini aniqlash esa juda qiyin vazifadir. Kasallikning epidemiologik xavfi issiq fasllarda kuchayadi: bahor va yoz faslining oxirlari patogenning faol tarqalishi uchun eng qulay vaqt hisoblanadi.

Bundan tashqari, salmonellyoz tibbiy muassasalarda bemorlar orasida tarqalishi mumkin. Kasalxonalarda infektsiyaning tarqalishi palatalarning to’lib ketganligi, bemorlarning palatadan palataga asossiz harakatlanishi, zarur yordamchi vositalarning yetishmasligi, bir martali ishlatiladigan vositalardan qayta foydalanish, to’shaklarga qayta ishlov berish qoidalariga amal qilmaslik natijasida yuzaga keladi. Salmonellyozning bu shaklda tarqalishi ko’proq bolalar shifoxonalariga xosdir.

TASNIFI

Tanadagi shikastlanish darajasi va vektori, alomatlarning namoyon bo’lishiga qarab, kasallik quyidagicha tasniflanadi:

  • Lokalizatsiyalangan (gastrointestinal): gastritik, gastroenteritik yoki gastroenterokolitik variantda kechadi. Kasallikning nisbatan yengil shakli sanalib, infektsiyaning ichakdan tashqariga o’tishi kuzatilmaydi. Isitma, qorinda spastik og’riqlar, ko’ngil aynishi va qayt qilish, ich ketishi bilan kechadi. Inkubatsion davri 72 soatdan oshmaydi. Organizmi kuchsiz bo’lgan bolalarda esa salmonellalarning organizmga ovqat bilan tushishidan 2-4 soat o’tgach namoyon bo’ladi.
  • Tifsimon yoki septik variantdagi general (umumlashgan) shakli: qo’zg’atuvchining ichakdan tashqariga o’tishi bilan xarakterlanadi. Bunda salmonellalar qon oqimi bilan butun organizm bo’ylab tarqaladi va turli a’zo va to’qimalarga kirib boradi. Infektsiyalanish umumlashgan tus olishi sababli kasallik og’ir kechadi.
  • Tashuvchanlik (bakteriyalarni ajratish): o’tkir, surunkali yoki vaqtinchalik bo’lishi mumkin. Odatda kasallikning bu turi salmonellyozdan tuzalgan bemorlarda qayd etiladi. Bemorlarda kasallikning hech qanday alomatlari kuzatilmaydi, biroq ular hali ham kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkinligi bilan ajralib turadi.

ETIOLOGIYASI

Kasallik Salmonella avlodiga mansub bakteriyalarning turli xil serotiplari tomonidan chaqiriladi. Infektsiya manbalari asosan uy hayvonlari va parrandalardir, ammo odam (bemor, tashuvchi) qo’shimcha manba sifatida ham ma’lum rol o’ynaydi. Uzatish mexanizmi — fekal-oral.

Salmonella bakteriyasi

Salmonella bakteriyasi

Yuqish yo’llari:

  • Zararlangan chorva mollari va parrandalardan olingan mahsulotlar iste’moli;
  • Kontakt-maishiy yo’l;
  • Ba’zan suv orqali;
  • Chang-havo yo’li orqali.

Kasallik yuqishi hayvonlarni parvarishlash, go’shtni qayta ishlash zavodlarida so’yish jarayonida, shuningdek, tirikligida yoki o’limdan keyin infektsiyalangan hayvon go’shtini iste’mol qilishda uchraydi. Sut va sut mahsulotlari ham infektsiya manbai sanaladi.

Mushuk va itlarning 10 foizga yaqinida salmonellyoz tashuvchanligi qayd etiladi. Sinantrop kemiruvchilarda bu ko’rsatkich 40% gacha yetadi. Yovvoyi ko’cha qushlarida (kabutarlar, chumchuqlar, chaykalar) orasida kasallik keng tarqalgan. Qushlar najasi bilan atrof-muhit ob’yektlarini ifloslantirib, patogenning tarqalishiga yordam beradi.

Odamlar patogenning ma’lum turlari — S. Typhimurium va S. Haifa manbai sanaladi, ayniqsa kasalxona sharoitida. Kontagioz infektsiyalanish salmonellalarga ayniqsa moyil bo’lgan bir yoshgacha bo’lgan bolalar uchun xavf tug’diradi.

Bemorda kasalikni boshqalarga yuqtirish mumkin bo’lgan davrning davomiyligi kasallikning kechishi va muddatini bevosita belgilaydi. Hayvonlarda u bir necha oy, odamlarda esa 2-3 kundan 3 haftagacha davom etishi mumkin. Rekonvalestsent, ya’ni yashirin tashuvchanlik ba’zan yillab davom etishi kuzatiladi.

Salmonellyoz borasida eng xavfli mahsulot tovuq tuxumi sanaladi. Infektsiyalangan mahsulotlar, asosan go’sht (qiyma go’sht, go’sht mahsulotlari, go’shtli salatlar, pishirilgan kolbasa) salmonellalarning ko’payishi uchun qulay sharoitda saqlanganida noto’g’ri pishirish natijasida kasallanish kuzatiladi.

Maxsus chorvachilik komplekslari va fermalarida, parrandachilik fermalarida patogenning suv orqali yuqishi xarakterlidir. Kasalxonalarda, ayniqsa bolalar tibbiy muassasalarida va tug’ruqxonalarda kasallik tarqalishining kontakt-maishiy usuli ustunlik qiladi.

Shahar joylarda havo-chang tarqalish yo’li mavjud bo’lib, bunda yashash va ovqatlanish joylarini najas bilan ifloslantiradigan yovvoyi qushlar katta rol o’ynaydi.

Organizmning holati, yoshi va jinsidan qat’iy nazar, odamlarning Salmonellaga sezuvchanlik darajasi juda yuqori, ya’ni organizm patogen bilan aloqada bo’lishining deyarli 98% hollarida kasallanish sodir bo’ladi. Immunitetning holati kasallikning davomiyligiga ta’sir qilishi mumkin. Bakteriyalarga nisbatan hosil bo’ladigan immunitet qisqa muddatli sanaladi (5-6 oy).

SALMONELLYOZ ALOMATLARI

Salmonellyozning klinik tasviri uning turini aniqlaydi va kasallikni boshqa yuqumli kasalliklardan farqlash imkonini beradi. Kasallikning eng keng tarqalgan shakli — bu gastroenteritik turi bo’lib, u suvsizlanish, umumiy intoksikatsiya va isitma bilan birga kechadi. Intoksikatsiya belgilari tobora kuchayib, bosh og’rig’i va mushaklar og’rig’i, zaiflik va mehnat qobiliyatining yo’qotilishigacha olib keladi.

Bundan tashqari, salmonellyoz o’zini kindik sohasi va qorinning yuqori qismlarida, yo’g’on ichak bo’ylab seziladigan og’riq bilan namoyon qiladi. Og’riq spastik, o’zgaruvchan tabiatli bo’lib, yengil darajadan kuchli og’riqqacha yetadi. Bemorni ko’ngil aynishi va yengillik bermaydigan takroriy qayt qilishlar bezovta qiladi.

Diareya (ich ketishi) — salmonellyozning o’ziga xos belgisi bo’lib, najas ko’rinishining o’ziga xosligi bilan ajralib turadi (suvli, badbo’y hidli, ko’pikli, yashil rangga bo’yalgan). Qayt qilish va diareya fonida suvsizlanish sindromi rivojlanadi.

Ko’rik vaqtida terining oqarganligi, qorin dam bo’lishi, og’izning quruqligi diqqatni tortadi. Til qalin karash bilan qoplangan bo’ladi. Yurak auskultatsiyasida taxikardiya aniqlanadi, puls biroz to’lib uradi. Kuchli suvsizlanish oyoqlarda talvasalar yuzaga kelishi bilan birga kechadi.

Salmonellyozning keyingi belgilari bemorda kasallik qaysi shaklda kechayotganiga qarab o’zgarishi mumkin.

  • Gastroenterokolitik turi kasallik boshlanishining 2-3 kuniga kelib hojat chiqarishning kamayishi bilan birga kechadi. Najasda shilliq, qon aralashmalari aniqlanadi. Ichakda spazm aniqlanadi, palpatsiyaga og’riq bilan javob beradi, tenezmlar qayd qilinadi.
  • Gastritik turi tenezm va ich ketishisiz holda o’tadi. Tana harorati subfebril darajadan yuqori darajalargacha o’zgarib turadi.
  • Umumlashgan shaklning alomatlari xarakterli farqlarga ega. Masalan, tifga o’xshash turi klinikasi ich terlama klinikasiga juda o’xshash, bunda ko’ngil aynishi, qusish va diareya bilan birga to’lqinli yoki turg’un isitma paydo bo’ladi. Shuningdek taloq va jigarning sezilarli kattalashishi kuzatiladi, terida gemorragik toshmalar toshadi. Qon bosimi pasayishi, bradikardiya aniqlanadi.
  • Septik turida odatdiy oshqozon-ichak klinikasidan tashqari, bemorda uzoq davom etadigan kuchayib turuvchi isitma, varaja, taxikardiya, kuchli terlash, taloq va jigarning kattalashishi kuzatiladi.

KASALLIK KECHISHI

Kasallikning boshlanishi birinchi alomatlar paydo bo’lgan paytdan boshlab klinik jihatdan hisobga olinadi, ammo aslida bu kasallik hali o’zini namoyon qilmagan inkubatsion davrdayoq boshlangan bo’ladi. So’ng, birinchi klinik belgilar paydo bo’lgach, infektsion jarayonning faol rivojlanish bosqichi boshlanadi. Patogenning tanadagi kontsentratsiyasi pasayishi va o’tkir alomatlar asta-sekin so’nishi bilan bemorning tiklanishi haqida gapirish mumkin, ammo bu salmonellyozning barcha shakllariga uchun o’rinli emas.

INKUBATSION DAVR

Bolalarda inkubatsiya davrining davomiyligi organizmning chidamliligiga bog’liq. Odatda bu bosqich infektsiya oziq-ovqat mahsuloti bilan yuqqach bir necha soatdan so’ng, agar patogen organizmga maishiy-kontakt yo’l orqali kirgan bo’lsa, 3-4 kungacha davom etadi. Organizmga kirgan infektsiya va mikrobiologik toksinlar kontsentratsiyasi qancha ko’p bo’lsa, patogenning inkubatsiya davri shuncha qisqa bo’ladi va kasallikning og’irroq kechishi kutiladi.

Kattalarda ham kasallikning inkubatsiya davri bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi. Umuman olganda, bemorlarning ushbu toifasi kontakt-maishiy infektsiyaga kamroq moyil bo’ladi.

SURUNKALI SHAKL

Odam organizmda patogenning ma’lum bir kontsentratsiyasi bo’lsa-yu, ammo zararlanishning aniq tashqi belgilari kuzatilmasa, bu holda kasallikning surunkali kechishi haqida gapiriladi. Surunkali shakl shuningdek bakteriya tashuvchiligi deb ham ataladi. Salmonellyozga chalingan odamda bakteriyalarni ajratish davri o’rtacha 3 oy, ba’zan uzoqroq davom etadi.

Agar najasda patogen bir yoki ikki marta aniqlansa, shundan so’ng test natijalari salbiy natija ko’rsatsa, bemorda vaqtinchalik surunkali tashuvchanlik kuzatiladi. Bunda bemorda shikastlanishning serologik, klinik va kolonoskopik belgilari aniqlanmaydi. Bunday tashuvchanlik organizmga oz miqdorda, virulentligi zaif bo’lgan bakteriyalar tushishi natijasida rivojlanishi mumkin.

O’TKIR SHAKL

Salmonellyozning klassik varianti — bu bemorni doimiy, aniq va intensiv ravishda bezovta qiladigan xarakterli belgi va alomatlar bilan kechadigan o’tkir shaklidir. Infektsiya ichakdan tashqariga o’tishi yoki o’tmasligiga qarab o’tkir salmonellyoz mahalliy (lokal) yoki umumlashgan (general) jarayon sifatida kechadi.

Salmonellyozning mahalliy shaklida bemorda ichak o’tkir shikastlanishining barcha belgilari kuzatiladi, xususan:

  • Intoksikatsiya;
  • Isitma va varaja;
  • Zaiflik;
  • Bosh og’rig’i;
  • Ko’ngil aynishi va qusish;
  • Diareya;
  • Qorin og’rig’i.
  • Davr Klinik tasvir
    Dastlabki soatlar Ichakda lokalizatsiyalangan salmonellyoz intoksikatsiya bilan birga kechadi, biroz vaqt o’tgach, qorindagi spastik og’riqlar, ko’ngil aynishi, qusish ko’rinishidagi dispeptik alomatlar qo’shiladi.
    4-6 soat o’tgach Yashil rangli, badbo’y, suyuq va ko’pikli najas bilan ich ketishi.
    2-3 kundan so’ng Defakatsiya vaqtida tenezmlar, najasda shilliq, ba’zan esa qon aralashmalari mavjudligi.

    Agar salmonellyozning tifga o’xshash va septik shakli shunday alomatlar bilan boshlansa, kasallikni aniqlash osonroq bo’ladi, aks holda ich terlama va yiringli sepsisni istisno qilish uchun differentsial tashxis o’tkazish kerak.

    Salmonellyoz faqat zararlangan odam najasida patogenni aniqlash bilan ishonchli tarzda tashxislanishi mumkin. Kasallikning umumlashgan shakllarida qonni bakteriologik ekishda ham salmonellalar aniqlanadi. Bundan tashqari, mikroorganizmlarni ichaklar va oshqozon yuvindisida aniqlash mumkin.

    TAHLIL TURLARI

    Salmonellyozga shubha qilingan bemor uchta asosiy sinov tahlildan o’tishi kerak:

  • Qon tahlili (serologik tekshirish) — bemor venasidan olingan qonni tahlil qilishni nazarda tutadi. Bunda bemor organizmida patogenga qarshi shakllangan antitanalar titri o’rganiladi. Tahlil uchun qon namunasi ertalab och qoringa topshiriladi. Tahlil kasallik boshlanganidan 7-10 kun o’tgach o’tkazilishi mumkin, bundan oldingi vaqtda antitanalar titri yetarlicha oshmagan bo’ladi.
  • Bakteriologik tekshirish — serologik tekshiruvga nisbatan aniqroq natija beradi. O’rganish uchun material sifatida bemorning barcha biologik suyuqliklari mos keladi (najas, peshob, safro, qon, yiring, qayt massalari). Tahlil natijalari 3-5 kunda aniq bo’ladi.
  • Koprogramma — najasni tahlil qilish bo’lib, uning tuzilishi, tarkibida hazm bo’lmagan kletchatka, qon, leykositlar mavjudligi kabi o’zgarishlarni o’rganadi. Tahlil uchun namuna topshirishdan bir necha kun oldin taomnomada un mahsulotlari, shirinliklar, ich surgi va temir preparatlari qabulini cheklash tavsiya etiladi. Natija 2-3 kun ichida aniq bo’ladi.
  • Ona bo’lishni rejalashtirgan ayollar salmonellyoz mavjudligiga tekshirishdan o’tishlari majburiydir. Homiladorlik paytida ayolni kuzatuvchi shifokori hatto kasallikning aniq alomatlari bo’lmasa ham sinovdan o’tishni tayinlashi mumkin. Tahlil qilish uchun homilador ayollardan najas namunasi, venadan qon va to’g’ri ichakdan surtma olinadi.

    SALMONELLYOZNI DAVOLASH USULLARI

    Bemorda salmonellyozning yengil shakli kuzatilsa kasallikni uy sharoitida davolashga ruxsat berilishi mumkin. Kasallikning o’rtacha yoki og’ir shakllari bo’lgan bolalar, homilador ayollar, immuniteti zaif bemorlar kasalxonaga yotqizilishi kerak.

    Bemorga yotoq tartibiga amal qilish tavsiya etiladi, ayniqsa suvsizlanish va intoksikatsiyaning kuchli namoyon bo’lishida. Agar bemorning ahvoli yo’l qo’ysa, davolash oshqozon va ichaklarni yuvish, sifonli huqnalar, enterosorbentlarlar, masalan, Enterosgel, Atoksil, faollashtirilgan ko’mir qabul qilishdan boshlanadi.

    Bemorda 1- yoki 2-darajali suvsizlanish aniqlansa, infuzion yo’l bilan glyukoza-tuz eritmalari — Regidron, Sitroglyukosolan, Oralit yuborish buyuriladi. Eritmali tomchilar asosiy davolash boshlanishidan oldin qo’yilishi zarur. Yo’qotilgan suv zaxiralarini birinchi 2-3 soat ichida soatiga 1 litrgacha, tez-tez, qismlar bilan suyuqlik ichish orqali to’ldirish joiz, keyin har 3-4 soatda 1-1,5 litr suyuqlik qabul qilinishini kuzatib borish kerak.

    Suvsizlanish 3-4-darajaga yetganda, degidratatsion shok bartaraf etilgunga qadar izotonik poliion eritmalar tomir ichiga oqim bilan yuboriladi. Keyin bemorga tomchilab kiritiladigan eritmalar buyuriladi.

    Shifokor holatdan kelib chiqib kaliy ionlari miqdorini me’yorga keltirish uchun kuniga 1 grammdan 3-4 marta  tomir ichiga kaliy xlorid yoki kaliy sitrat eritmasi yuborishni tayinlashi mumkin.

    Organizmda suv-elektrolitlar muvozanati tuzatilgach, intoksikatsiyani yengillashtiradigan Gemodez yoki Reopoliglyukin kabi makromolekulyar kolloid preparatlar buyuriladi. Jiddiy metabolik asidoz qayd etilsa, qo’shimcha ravishda tomir ichiga 4% natriy bikarbonat eritmasi yuboriladi.

    Boshqa qo’llaniladigan dori vositalari:

  • Intoksikatsiya alomatlarini yengillashtirish uchun: Indometatsin, asosan kasalikning dastlabki bosqichlarida, 12 soat davomida uch marta 50 mg`dan. Kasallikning gastrointestinal kechishida qo’llaniladi.
  • Antibiotik va etiotrop vositalar: Ftorxinolinlar (kuniga ikki marta 0,5 g), Levomitsetin (0,5 g, kuniga 4-5 marta), Doksitsiklin (kuniga 0,1 g) ishlatiladi. Kasallikning umumlashgan shakllarida tavsiya etiladi.
  • Ovqat hazm qilish jarayonlarini normallashtirish uchun: Ferment preparatlar, xususan Kreon, Festal, Pankreatin qo’llaniladi.
  • Davolanishning butun davomida Pevzner bo’yicha №4 parhezga, diareyadan xalos bo’lgandan keyin bemor to’liq tiklangunicha №13 parhezga rioya qilish juda muhimdir.

    INFEKTSIYANI OLDINI OLISH

    Salmonellyozni oldini olish, birinchi navbatda, davlat darajasida amalga oshiriladi, chunki bu kasallik juda yuqumli va yashin tezligida epidemiyaga aylanib ketishi mumkin.

    Tegishli xizmatlar tomonidan birgalikda olib boriladigan veterinariya va sanitariya-epidemiologiya nazorati muhim ahamiyatga ega. Veterinariya sohasidagi nazorat organlari hayvonlar, chorva mollari, parrandalar o’rtasida kasallanish darajasini doimiy ravishda kuzatib va qayd etib borishadi, shuningdek oziqa va go’sht mahsulotlarining sifati va tozaligini nazorat qilib turishadi.

    Aholi o’rtasida profilaktika choralariga to’xtalganda, kasallikdan himoyalanishning aniq usullari yo’q. Salmonellyozga qarshi vaktsinalar hosil bo’lgan immunitetning beqarorligi va patogenning antigenik xilma-xilligi tufayli ishlab chiqilmagan.

    Profilaktikaning asosi qishloq xo’jalik hayvonlarini so’yish, chorva mahsulotlarini saqlash, tashish va sotish, shuningdek ulardan olingan mahsulotlarni pishirish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydigan sanitariya va veterinariya tadbirlari hisoblanadi. Shu maqsadda chorvachilik korxonalari, ferma va parrandachilik fermalarida vaqti-vaqti bilan deratizatsiya va dezinfektsiya tadbirlari o’tkaziladi, hayvonlar emlanadi, yem-xashak va ozuqa tarkibiy qismlari nazorati olib boriladi.

    Kasalxona sharoitida bemorlarning asosiy qismi kasallikni tashuvchilardan yuqtirib olishlarini oldini olish ham muhimdir. Shu munosabat bilan yuqumli kasalliklar shifoxonalarida doimiy ravishda dezinfektsiya tadbirlari o’tkazilishi, tibbiy asbob-uskunalari, idish-tovoqlar va umumiy foydalanuv joylarini dezinfektsiyalash bo’yicha barcha talablarning bajarilishi qat’iy nazorat qilinishi zarur.

    Maktabgacha ta’lim, tibbiy va profilaktika muassasalarida, shuningdek oziq-ovqat sanoati korxonalari va umumiy ovqatlanish joylarida muntazam ravishda bakteriologik tadqiqotlar o’tkaziladi. Bundan tashqari, yuqorida sanab o’tilgan muassasalarga birinchi bor ishga kiradigan barcha shaxslar infektsiya tarqalishining oldini olish uchun bakteriologik tekshiruvdan o’tishlari kerak, shu jumladan salmonellyozga ham.

    Umuman olganda, salmonellyozga chalinish ehtimolini minimallashtirish uchun asosiy gigiena qoidalariga rioya qilish zarur. Bu qo’llarni tez-tez yuvish, notanish va ishonchsiz joylarda ovqatlanmaslik, immunitetni mustahkamlash va organizmni chiniqtirishni o’z ichiga oladi.

    Bundan tashqari, tuxum, go’sht va parranda go’shti, sut mahsulotlarini sotib olayotganda ular qayerdan sotib olinganiga, sotuvchilarda bakteriologik laboratoriya bilan mahsulotlarni tekshirish natijalari bo’lgan hujjatlari bor-yo’qligiga alohida e’tibor berish lozim. O’zini mumkin bo’lgan infektsiyadan himoya qilish uchun barcha hayvonlardan olingan mahsulotlar yaxshilab qayta ishlanishi zarur. Masalan, xom go’sht yoki tuxumni iste’mol qilish, ayniqsa yozda, Salmonella faolligi eng yuqori bo’lgan faslda qat’iyan taqiqlanadi.

    ASORATLARI

    Salmonellyozning eng xavfli oqibati toksik shok rivojlanishi hisoblanadi, bunda miya ishtirok etgan simptomatika, yurak-tomir, buyrak usti va buyrak yetishmovchiligi kuzatilishi mumkin. Bunday holda tezda o’lim sodir bo’lishi ehtimoli ancha yuqori.

    Miya shishida bradikardiya paydo bo’ladi, qisqa muddatli gipertenziya, sianoz, bo’yin va yuzdagi terining qizarishi, mushaklarning tezkor parezi aniqlanadi. Bundan tashqari, nafas qisilishi ortib, miya komasi yuzaga kelishi mumkin.

    Agar bemorda anuriya yoki oliguriya kuzatilsa, qon bosimining juda pastligi fonida o’tkir buyrak yetishmovchiligi haqida gapirish mumkin. Keyinchalik uremiyaga xos bo’lgan belgilar kuchayadi.

    O’tkir yurak-tomir yetishmovchiligi kollaps shakllanishi, tana haroratining pasayishi, terining oqarishi, sianoz va qo’l-oyoq uchlarining sovishi bilan birga kechadi. Bundan tashqari, qon bosimi keskin pasayishi natijasida puls yo’qolishi mumkin.

    Kasallikning boshqa mumkin bo’lgan asoratlari:

  • Gipovolemik shok;
  • Bo’g’imlarning yiringli yallig’lanishi, buyraklar, jigar, taloq abstsessi ko’rinishidagi ko’plab septik asoratlar;
  • Endokardit;
  • Suvsizlanish;
  • Siydik yo’llari infektsiyalari;
  • Miya abstsessi;
  • Peritonit, pnevmoniya, appenditsit.